» » Sug‘urta kompaniyasi samarqandlik tadbirkorning sug‘urta pulini to‘lashdan bosh tortdi

Sug‘urta kompaniyasi samarqandlik tadbirkorning sug‘urta pulini to‘lashdan bosh tortdi


Samarqandda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Laziz Qosimov “Daryo” tahririyatiga murojat qilib, “Alskom” AJ sug‘urta kompaniyasining Samarqand filialidan 50.669.545 (ellik million olti yuz oltmish to‘qqiz ming besh yuz qirq besh ming) so‘m sug‘urta pulini ololmayotganligidan shikoyat qildi.

Mazkur murojat asosida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib borib, tadbirkor va sug‘urta kompaniyasining Samarqand filiali vakillarining fakrlarini eshitdi.

—Pastdarg‘om tumanidagi issiqxonani xarid qilib, oila a’zolarim bilan birgalikda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va chet davlatga eksport qilish maqsadida “Agro Eco Invest Export” MChJni tashkil qilgandim. Tadbirkorlik faoliyatini yuritish maqsadida “Hamkorbank” Bog‘ishamol filialidan kredit olib, qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini boshlab yuborgandim, — deydi tadbirkor Laziz Qosimov. — Mazkur issiqxonamni garovga qo‘yib, bankdan kredit oldim. Kredit olishda bank xodimlari Alskom sug‘urta kompaniyasining Samarqand filialidan sug‘urta qilib kelishimni aytishdi. Garovga qo‘yilgan mol-mulkni bank aytgan sug‘urta kompaniyasidan 2018-yilning 9-iyulidan 2021-yilning 12-iyuliga qadar turli xil xavf-xatarlardan sug‘urtadan o‘tkazib keldim. Joriy yilning 1-sentabr kuni soat taxminan 14.00 atrofida bo‘lgan kuchli shamol natijasida issiqxonaning polietilen plyonka qoplamalari bir zumda yirtilib, ekkan nihollarim poymol bo‘ldi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, u issiqxonaga shikast yetkazilgan kuni Alskom sug‘urta kompaniyasining Samarqand filiali mas’ul xodimlariga ham telefon, ham ariza orqali murojaat qilib, kuchli shamol issiqxonaning plyonkalarini uchirib ketganligini ma’lum qilgan. Biroq, tadbirkorning qilgan murojaati bo‘yicha sug‘urta kompaniyasidan biror vakil kelib ko‘rmagan va tabiiy ofat bo‘yicha hujjatni rasmiylashtirmagan.

—Issiqxonani sug‘urta qildirib, bankdan 350 million so‘m kredit olib, endigina ish boshlagandim. Ammo tabiiy ofat natijasida issiqxonamga katta zarar yetkazildi. Sug‘urta kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaning 3.1 bandida sug‘urta hodisalariga dovul, bo‘ron, to‘fon, tayfun, shtorm, quyun va boshqa tabiiy ofatlardan obyektga zarar yetkazilish sababli garrov qo‘yuvchiga zararni qoplab berish majburiyatini kompaniya olgan, — deydi tadbirkor L. Qosimov.—Ammo sug‘urta kompaniyasi 2018-yilning 18-oktabr va 21-noyabrdagi xati bilan zararni to‘lab berishdan bosh tortgan. Bu esa meni bankrot holatiga olib kelib, bankdan olingan kredit pullarni o‘z vaqtida to‘lay olmasligimga va xonavayron bo‘lishimga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan Alskom sug‘urta kompaniyasining Samarqand filiali direktori Sherbek Mahmudov fikrlarini ham eshitdik.

— Sug‘urta puli masalasidagi barcha murojatlarni bosh ofisimiz hal qiladi. Biz zarur hujjatlarni tayyorlab, ularga yuboramiz. Ular o‘rganib, so‘ng sug‘urta puli berish yo bermasligini aytadi. “Agro Eco Invest Export” MChJda sodir bo‘lgan holatni o‘rganib, hujjatlarni yuborgandik. Ular holatni o‘rganib, keltirilgan zarar uchun sug‘urta puli chiqarmasligini bildirgan, — deydi Sh.Mahmudov.

Filial rahbari tadbirkor L.Qosimovning mulkiga yetkazilgan zarar bo‘yicha o‘zining yuqori tashkilotiga yuborgan barcha hujjatlarini bizga taqdim etmadi. Faqatgina sug‘urta pulini rad etuvchi xat va sug‘urta xodisasi ro‘y berganligi to‘g‘risidagi bildirgini ko‘rsatdi, xolos. Tadbirkor bizga taqdim etgan bildirgi bilan holat yuzasidan filial tomonidan to‘ldirilgan bildirgi ikki xil bo‘lib chiqdi. Ya’ni, tadbirkor taqdim etgan bildirgining birinchi va ikkinchi qismlari to‘ldirilmagan bo‘lsa, Alskom sug‘urta kompaniyasining Samarqand filiali taqdim etgan hujjatda bildirgi to‘liq to‘ldirilgan.

To‘g‘ri, sug‘urta xodisasi ro‘y berganligi to‘g‘risidagi bildirgi ko‘p ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Ammo hujjatlarning ikki xilda ekanligi bizni ajablantirdi. Qolaversa, boshqa hujjatlarning bizga taqdim etilmagani ham g‘alati.

Alskom sug‘urta kompaniyasi bosh direktor o‘rinbosari F. Hasanov imzolagan xatda sug‘urta pulini berishni rad etish to‘g‘risida quyidagi sabablar keltirib o‘tilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Samarqand viloyat Gidrometeorologiya markazining 2018-yil 4- oktyabrdagi №626/203-sonli ma’limotnomasida 2018-yilning 1-sentabr kuni voqea sodir bo‘lgan hududda shamolning tezligi 9 m/s bo‘lganligi tasdiqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya markazining №25-01/535-sonli ma’lumotnomasida 2018-yil 1-sentabr kuni Samarqand viloyati hududida shamolning eng yuqori tezligi 11 m/s bo‘lgani tasdiqlangan. Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2018-yil 9-iyulda tuzilgan №Sh 9-2/2-2/0051-sonli “Garovga qo‘yilayotgan mol_mulkni sug‘irta qilish” shartnomasiga asosan Kompaniyamizning sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish va bartaraf etish komissiyasi tomonidan qabul qilingan 688-sonli sug‘urta qaroriga ko‘ra sug‘urta tovonini to‘lash rad etilganligini hamda sug‘urta shartnomasining 11.3 bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligia muvofiq tegishli sud instansiyasiga murojat qilish huquqiga ega ekanligingizni ma’lum qilamiz”.

Murojaatni o‘rganish jarayonida aniq bo‘lishicha, sug‘urta shartnomasining 6.3 bandida sug‘urta qiluvchining sug‘urtalangan obyektga zarar yetkazilganligi haqidagi arizasi, sug‘urtalovchining vakillari tomonidan tuzilgan ko‘zdan kechirish dalolatnomasi hamda vakolatli organlarning hujjatlari sug‘urta qoplamasini to‘lab berish uchun asos hisoblanadi. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchiga ariza bilan birgalikda zarar sababi va miqdorini tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlarni taqdim etishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Sug‘urta shartnomasida keltirilgan holatlar bo‘yicha tadbirkor L. Qosimov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

– Sug‘urta shartnomasining uchinchi bandida mulkka zarar keltiruvchi xavf guruhlari keltirib o‘tilgan. Ammo aynan xavf guruhlarining koeffitsentlari keltirilmagan. Qolaversa, “Hamkorbark” aynan Alskom sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta qilishimni talab qildi. Nega bank to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitta sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta qilishimni talab qilganini tushunmadim,— deydi tadbirkor. — Qolaversa, men voqea sodir bo‘lgan kuni murojaat qilganman. Sug‘urta kompaniyasi birinchi javob xatini bir yarim oyda, ikkinchi javob xatini esa salkam uch oy deganda yuboryapti. Hamma hujjatlar, hatto holat aks etgan rasm va videolarni ham o‘zim yetkazdim. Ular bir marta borib olgan rasmlari o‘chib ketgan ekan. Nahotki sug‘urta kompaniyasi vakillari o‘z ishiga shunchalik loqaydlik, mas’uliyatsizlik bilan yondoshsa?

Bank va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi savolimizga sug‘urta kompaniyasining Samarqand filiali rahbari quyidagicha izoh berdi.

— “Hamkorbank”ka 600 million so‘m depozit mablag‘i joylashtirganmiz. Shuning evaziga bank kredit oluvchi mijozlarga bizning sug‘urta kompaniyamizni tavsiya etgan. Ammo tadbirkor istalgan sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta qilishi mumkin, — deydi filial rahbari Sherbek Mahmudov.

Mazkur arizani o‘rganish jarayonida tadbirkor sug‘urta shartnomasida barcha holatlar, xususan, shamol yoki boshqa tabiiy ofatning aniq miqdori ko‘rsatib qo‘yilsa, sug‘urta qiluvchi shunga qarab sug‘urta kompaniyasini tanlash imkoniyati paydo bo‘lishini bildirib o‘tdi.

— Sug‘urta pulini olish uchun juda ko‘p yugurdim, kompaniya aytgan barcha hujjatlarni taqdim qildim. Ammo tushunib yetdimki, kompaniya menga baribir sug‘urta pulini bermaydi. “Daryo”ga murojaat qilishimning sababi shundaki, avvalo sug‘urta kompaniyasi o‘zining shartnomasini to‘liq qilib, xavf tug‘diruvchi holatlarni aniq ko‘rsatishi lozim. Shundagina men kabi boshqa tadbirkorlar sug‘urta pulini olishda qiynalmaydi, katta miqdorda zarar ko‘rmaydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-12-2018, 22:30)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 38) ( 0) ( 37) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют