» » Shavkat Mirziyoyev Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining GTL zavodida bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining GTL zavodida bo‘ldi


Shavkat Mirziyoyev Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining GTL zavodida bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

G‘uzor tumanidagi ushbu hudud yaqin-yaqingacha quruq dasht edi. Bu yerda qurilishi mo‘ljallagan zavod loyihasi to‘xtab qolgan, uni boshlashga hech kim jur’at qilolmayotgandi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lgach, bu loyihaga oid barcha masalalarni hal qilib berdi. Prezidentning 2016-yil 29- dekabrdagi qarorida “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsion loyihasi buyicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Mamlakat rahbari 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur zavodning qurilish maydoniga kelib, uning moliyalashtirilishi, xorijiy texnologiyalar bilan jihozlanishi, quruvchilar va kadrlar ta’minoti kabi barcha masalalarni chuqur tahlil qilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 13-dekabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurdi. Faqat bu gal manzara umuman boshqacha. 135 gektardan ziyod maydonda qurilish ishlari qizg‘in. Temir-beton poydevorlar qo‘yilib, estakadalar ko‘tarilgan. Ulkan avtokranlar o‘rnatilib, murakkab uskunalarni yig‘ish boshlab yuborilgan.

Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar — Sasol (JAR), Xaldor Topse (Daniya) va Shevron (AQSh) texnologiyasi asosida barpo etilmoqda. Qurilish ishlari bosh pudratchi – Koreya Respublikasining Hyundai Engineering va Hyundai Engineering and Construction, Singapurning Enter Engineering kompaniyalari tomonidan olib borilmoqda. Quruvchi va payvandchilarning ko‘pchiligi mahalliy yoshlardir.

Majmua uchun zarur 11 mingdan ortiq texnologik uskunalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, AQSh, Germaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya kabi 21 ta davlatdagi 126 ta zavodda tayyorlanmoqda.

Bunday ish hajmi bejiz emas. Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish juda noyob jarayon bo‘lib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi. Hozirda dunyoda bunday zavodlar atigi beshta, o‘zimizning Sho‘rtandagisi oltinchisi bo‘ladi.

Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSh dollari. Uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanib, YEVRO-5 standartlariga javob beradigan 1,5 million tonna sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Bular 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel yonilg‘isi, 431 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gazdir.

Zavodning asosiy ahamiyati mana shunda. Ya’ni, tabiiy gaz shunchaki xomashyo sifatida emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi.

Masalan, 1000 kub metr tabiiy gaz eksport narxi hozirgi kunda 155 dollar atrofida bo‘lsa, bo‘lg‘usi zavodda shuncha gazni qayta ishlash orqali 300 dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi. Foyda ikki barobar ortadi.

Yiliga hisoblaganda, tabiiy gazdan ko‘ra tayyor GTL mahsulotlaridan ko‘riladigan qo‘shimcha daromad 576 million dollardan oshadi.

Yana bir muhim jihati – zavod mahsulotlari hozirda chetdan import qilanayotgan xomashyolar o‘rnini qoplaydi. Buning evaziga yiliga neft sotib olishga ketadigan 1 milliard dollardan ortiq valyuta mablag‘lari iqtisod qilinadi. Zavod ishga tushgach, 1 ming 300 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev majmua qurilishini ko‘zdan kechirdi. Pudratchi va investorlar bilan suhbatlashdi.

— Biz har tomonlama mulohaza qilib, sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan, 1 milliard dollar import o‘rnini to‘ldiradigan tarixiy loyiha qildik. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror qilish uchun katta salohiyatga ega. Shu paytgacha tarmoqda bunday nomenklatura yo‘q edi. Bu yerda yoqilg‘i ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlarimiz shuni sezadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mutaxassislar, texnika va resurslardan maksimal foydalanib, qurilish-montaj jarayonlarini oqilona muvofiqlashtirib, zavodni ishga tushirishni tezlashtirish, mahsulot ishlab chiqarishni bir kun bo‘lsayam ertaroq yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Zavodni foydalanishga topshirish muddatini qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Ushbu zavod Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining yonida joylashgani umumlashgan infratuzilma obyektlaridan foydalanishda qulaylik yaratadi. Bu yerda yana bir loyiha — Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini 125 ming tonnadan 505 ming tonnagacha oshirish loyihasi rejalashtirilgan.

Unda GTL zavodidan chiqadigan naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Bu ishlar natijasida hudud texnologik klasterga aylanib, kelgusida kimyo, avtomobilsozlik, turizm, farmatsevtika, to‘qimachilik va boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga asos bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-12-2018, 16:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 75) ( 0) ( 75) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют