» » O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi


Joriy yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Loyihasi O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan hujjat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Rezolyutsiyaning qabul qilinishi 2017-yil sentabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Davlat rahbari BMT yuksak minbarida turib so‘zlar ekan, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat“ ekanini qayd etdi. Hujjat “bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashish“ga qaratilgan.

Ushbu tashabbusni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qator boshqa idoralar bilan hamkorlikda rezolyutsiya loyihasi matnini ishlab chiqish va uni Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo barcha davlatlar bilan kelishish bo‘yicha tizimli ishlar olib bordi.

Mamlakatning Nyu-York shahridagi Doimiy vakolatxonasidan ma’lum qilishlaricha, BMTga a’zo davlatlar bilan ushbu hujjat loyihasiga doir ko‘plab va har tomonlama muzokaralar yakunlari bo‘yicha 12-dekabr kuni Prezidentning tashabbusi hayotga tatbiq etildi. BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisi davomida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangani, balki Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qit’alarning 50 dan ziyod mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani e’tiborga molik. Bu xalqaro hamjamiyat tomonidan O‘zbekiston rahbari tashabbusining dolzarbligi va o‘z vaqtida ilgari surilgan taklif ekanining yuksak e’tirofidan dalolatdir.

Hammualliflar qatorida Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Qozog‘iston, Kanada, Qatar, Qirg‘iziston, Livan, Marokash, BAA, O‘mon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlarni qayd etish joiz.

O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyutsiyada ma’rifatparvarlik g‘oyasini ilgari surish qayd etilib, sayyorada xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va o‘zaro anglashuvning nechog‘li muhimligi e’tirof etiladi.

Hujjatda dinlar, madaniyatlar va konfessiyalararo munosabatlardagi uyg‘unlikni rag‘batlantirish hamda ayrim shaxslarga nisbatan din va e’tiqodlar zamiridagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yilishiga qarshi kurashishga qaratilgan barcha xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi.

E’tiborga loyiq jihati shundaki, ushbu hujjat barcha a’zo davlatlarning fikr, vijdon, din yoki e’tiqod erkinligini himoya qilish va rag‘batlantirishga doir sa’y-harakatlarini faollashtirish va shu asosda:

a) butun jamiyatda turli din va e’tiqodlar, ularning yurisdiksiyasi doirasida amal qiluvchi turfa diniy ozchiliklar tarixi, an’analari, tili va madaniyati haqida yanada keng bilimlarni targ‘ib qilish orqali ta’lim va boshqa vositalar yordamida din va e’tiqod erkinligiga doir barcha masalalarda o‘zaro anglashuv, bag‘rikenglik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi sa’y-harakatlar va hurmatni rag‘batlantirish;

b) milliy va xalqaro darajada madaniyatlararo hamkorlik va tinchlik o‘rnatishga qaratilgan faoliyatning turli ko‘rinishlarini qo‘llab-quvvatlash;

v) ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga undaydi.

Ta’kidlash joizki, rezolyutsiyaning maqsad va mazmuni BMT doirasida qabul qilingan muhim hujjatlar, jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari, Din yoki e’tiqodlar zamiridagi murosasizlik va kamsitishlarning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi deklaratsiya, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining mavzuga doir an’anaviy rezolyutsiyalari qoidalariga to‘liq mos keladi.

Ayni paytda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan hujjatda a’zo davlatlarga milliy va xalqaro OAVlar, jumladan, Internet tarmog‘ida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘yish, bag‘rikenglik, zo‘ravonlikka barham berish hamda din va e’tiqod erkinligiga doir ma’rifiy axborot tarqatish kabi tegishli kommunikatsion strategiyani joriy etish taklif qilinmoqda.

Ushbu hujjat inson huquqlari, turfa din va e’tiqodlarni hurmat qilish asnosida barcha darajada bag‘rikenglik va tinchlik madaniyatini rag‘batlantirish maqsadida global muloqotga ko‘maklashishga doir xalqaro sa’y-harakatlarni faollashtirishga undashini qayd etish lozim.

Bundan tashqari, rezolyutsiyada ta’lim, ilm-fan, madaniyat vositasida millatlararo hamkorlikni kengaytirish orqali YUNESKOning dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatishdagi muhim roli e’tirof etiladi.

O‘zbekiston rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi majlisida Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash, O‘mon, Ozarbayjon, Panama, Yevropa Ittifoqi, boshqa qator davlatlar delegatsiyalari so‘zga chiqib, O‘zbekistonga o‘ta muhim va o‘z vaqtida ilgari surilgan tashabbus, shuningdek, uning matnini kelishish bo‘yicha norasmiy maslahatlashuvlar chog‘ida bildirilgan ochiqlik uchun minnatdorlik izhor qildi.

BMT Bosh Assambleyasi mazkur rezolyutsiyaning bir ovozdan qabul qilinishi Prezidentning turli millat va konfessiyalar o‘rtasida hamkorlik, o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlash, konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlash va asrash, yurtda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan izchil va puxta o‘ylangan strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol dalilidir.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-12-2018, 21:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 65) ( 0) ( 64) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют