» » “Islom.uz” Napoleonning islom diniga munosabati haqida maqola e’lon qildi

“Islom.uz” Napoleonning islom diniga munosabati haqida maqola e’lon qildi


Fransiya va butun Ovro‘paning tarix charxpalagini ostin-ustun qilib yuborgan imperator Napoleon Bonapart haqida bugungacha yuzlab kitoblar yozilgan. Ularda Napoleonning hayot yo‘li va shaxsiy sifatlari keng yoritilgan. Ba’zi kitoblarda esa uning hech kimga o‘xshamagan jihatlari tasvirlangan. General Jorj Sulaymonning “Napoleon va Islom” kitobi ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Bu haqda “Islom.uz” e’lon qilgan maqolada aytiladi.

Ma’lumki, Napoleon Iyso alayhissalomning ustunga mixlab o‘ldirilganiga ishonuvchilar doirasida katta bo‘lgan. Onasi bo‘yniga hamisha xoch osib yurardi. Shunday ekan, demak Napoleon nasoro bo‘lgan. Ammo ko‘pgina kuzatuv va mushohadalar Napoleonning Islom dini va musulmonlarni g‘oyatda hurmat qilganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, u Misrga hujum qilish arafasida qo‘mondonlariga bunday deydi: “Bilamanki, ko‘pchiligimiz iymonli kishilar emasmiz. Lekin biz urushadigan o‘lka musulmonlar mamlakatidir. Biz ularning dinini hurmat qilishimiz, urf-odatlari va bayramlariga aralashmasligimiz lozim”.

Napoleon hijriy 1213-yilning 18-muharram kuni (milodiy 1793-yil) Misr xalqiga bunday murojaat qildi: “Ey qozilar, shayxlar, imomlar! Xalqingizga bizning ham musulmonligimizni ayting. Shahodat etamizki, Allohdan boshqa iloh yo‘q va Muhammad (alayhissalom) Uning elchisidir. Sizlarga bir savolim bor: “Biz Islomga tajovuz qilgan Papani yo‘q qilmadikmi?...” 

Bir qarashda bu so‘zlar buyuk sarkardaning hiylasidek tuyuladi. Napoleon o‘zini Islom dinini hurmat qilayotgandek ko‘rsatib, arablarni o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘layotgandek, go‘yo. Bunday shubhaning tug‘ilishi tabiiy. Biroq Napoleon Misrdan Fransiyaga jo‘nayotib farang adibi Xatyu Brayendga (1768–1848) aytgan ushbu so‘zlari mazkur shubhalarni birmuncha tarqatadi: “Men misrliklarni cho‘lda qiblaga qarab tavoze’ ichra ruku va sajda qilayotganlarini sira unuta olmayman. Ularning Parvardigori surati va timsoli yo‘q oliy bir qudratdir”.

Napoleonning do‘sti Jorjning e’tirof-xotiranomasi buyuk sarkardaning bu boradagi qarashlarini yanada oydinlashtiradi. Jorj o‘z xotiralarida imperator Napoleonning bo‘g‘iq ovozda Qur’on o‘qiganini va Muhammadning alayhissalomning dini barcha dinlarning eng oliysi deganini ochiq aytadi. Jorj boshqa bir xotirasida esa Napoleonning: “Barcha dinlar mo‘jizalarga va biz ko‘ra olmaydigan qudratga tayanadi, lekin, menimcha eng oliy din Islomdir, chunki unda totemchilik (hayvon va o‘simliklarga sig‘inish) va butparastlikka yo‘l qo‘yilmaydi”, degan so‘zlarini keltiradi. Bu dalillarning o‘ziyoq imperatorning Islomni boshqa barcha dinlardan ustun ko‘rganini isbotlaydi.

Bonapartning Islomni afzal tutishi mutlaq haqiqat va mustahkam asosga tayangan. Chunki u o‘z qarashlarini bir necha marta boshqa-boshqa munosabatlar bilan takrorlagan. Napoleon juda ko‘p mutolaa qilardi, shu asnoda Islom haqida ma’lum tushunchaga ega bo‘lgani aniq.

Napoleon imperator bo‘lishiga qaramay, adabiyotga munosabati favqulodda kuchli edi. Uning “Maskaliy” nomli teatri ham bor edi. Bu teatrning bir dasturida Napoleon bilan misrlik uch ulamo o‘rtasida quyidagi munozara kechadi: Napoleon ulamolardan biri Sulaymonga: “Allohu akbar, la ilaha illalloh, Muhammadar Rasululloh, shahodat etamanki, men iymonlilardanman”, deydi. Sulaymon unga javoban: “Assalamu ‘ala Rasululloh, sizga salom bo‘lsin, ey muzaffar qo‘mondon”, deydi. Napoleon esa: “Ey navqiron olim, saloming uchun ko‘p rahmat. Senga shuni ochiq aytishim kerakki, Qur’on qalbimni ochdi, ko‘zimni nurlantirdi. Hazrati Muhammadga muhabbatimning chek-chegarasi yo‘q. Inshaalloh, yaqinda Baytullohni haj qilurman, buni tezlatishga harakat qilaman. Biroq Allohning irodasi va istagi meni sipohilarni qo‘lga olish uchun Misrga jo‘natdi”, deydi.

Yuqoridagi so‘zlar sahna asarining kichik bir parchasi, xolos. Napoleon Saynt Xeylayn oroliga surgun qilinganida siyosiy hayotdan mutlaqo uzilgan, tashqi dunyo bilan aloqasi yo‘q edi. O‘sha kezda u Islomdan siyosiy maqsadlarni ko‘zlab ish tutishi ham mumkin emas edi. Chunki qarshisida urushish uchun na bir musulmon lashkari (o‘rdusi), na bir oddiy musulmon bor edi. Shunga qaramay, Napoleon Islomdan aloqasini uzmadi. U vafot etganida yostig‘i ostidan Qur’on topilgani bejizga emas.

Napoleondek tarixiy shaxsning Islomga munosabatini yanada chuqurroq tadqiq qilish qiyin. Lekin shu narsa aniqki, u Islomdan faqat siyosiy manfaatlari uchun foydalanmadi. Yoshligida Islomga nisbatan havas tuyg‘ulari uyg‘ongan bo‘lsa, keyinchalik bu havas iymon tuyg‘usiga aylangan edi. Mana bu e’tirof so‘zlari ham, aynan Napoleon Bonapartga tegishli: “Alloh taoloning birligini va borligini Muso alayhissalom o‘z millatiga, Iyso alayhissalom o‘z ummatiga, Muhammad alayhissalom esa, butun insoniyatga ma’lum qildi”; “Bir millatning erkaklari mard va jasur, ayollari iffatli va hayoli bo‘lsa, u millatni hech bir kuch mag‘lub etolmaydi, bu millat musulmonlar millatidir”.

Bu haqqoniy so‘zlarga qo‘shimcha qilishga hojat bo‘lmasa kerak? — deyiladi maqola xulosasida.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (16-12-2018, 21:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 81) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют