» » Ta’lim tizimida kishi boshiga pul ajratish usuli sohani qutqara oladimi?

Ta’lim tizimida kishi boshiga pul ajratish usuli sohani qutqara oladimi?


O‘zbekiston xalq ta’limi vazirligi yaqin kelajakda bu siyosatga o‘tishni e’lon qildi. Bu borada o‘z tajribasiga asoslangan holda o‘zbekistonlik mutaxassis, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbarov “Daryo” uchun tayyorlangan maqolasida o‘z fikrini bayon qildi.

Dunyoning qariyb barcha burchaklarida ta’lim uchun resurslar taqsimlashning eng maqbul usuli “pul o‘quvchilar ortidan boradi” sxemasi, ya’ni moliyalashtirish talabga asoslanib amalga oshirilishi tan olingan, deb hisoblaydi muallif. Aksar hollarda bu usulni “mablag‘lani kishi boshiga ko‘ra taqsimlash” deyiladi.

Nima uchun O‘zbekistonda kishi boshiga ko‘ra me’yoriy moliyalashtirishni joriy qilish zarur?

Agar xarajatlar tizimida mablag‘larning katta qismi ish haqi to‘lashga sarflansa, faqat kichik bir qismi boshqa xarajatlarga, jumladan, kommunal xizmatlar, aloqa, joriy ta’mir va boshqalarga sarf bo‘ladi. Men buni sifatni ta’minlashga imkon yaratmaydigan yondashuv deb o‘ylayman: bunga o‘rta ta’lim muassasalari o‘quv-moddiy bazasining ahvoli yomonlashgani, maktab binolarining ayanchli ahvolga tushib qolgani va o‘quvchilardan noqonuniy pul yig‘ish faktlari dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Maktablarni o‘quvchilar soniga ko‘ra moliyalashtirish mexanizmi bolalar o‘rta ta’lim olishlari uchun asosiy xarajatlarni barobarlashtirishga yo‘naltirilishi lozim. Kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirishda davlat xarajatlarini rejalashtirishda o‘lchov birligi qilib maktab emas, balki o‘quvchi olinadi. Demak, vazirlikdagi mutasaddi rahbarlarida birinchi o‘rinda o‘quvchilar, ularning manfaatlari va sifatli ta’lim olish huquqlari bo‘ladi degan ishonch bor. Kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirishda maktab uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmi smeta (hisob-kitoblar) asosida moliyalashtirilgandagiga qarganda ancha ko‘p bo‘ladi.

Kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirishda o‘quvchilar davomatini yillik nazorat natijalari ko‘tariladi, va albatta amaliy va ijodiy guruhlar va bo‘limlar (to‘garak va seksiyalar) soni ko‘payadi. Maktablarda magistr akademik darajasiga ega pedagoglar soni ortadi. Shuningdek, maktablar o‘z sport asbob-uskuna va ashyolari, mebel, kompyuterlari, sinf taxtalari, ko‘rgazmali qurollar va musiqiy asboblar qatorini yangilab oladi.

Kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirishda usuli. Unga qanday xarajatlar kiradi?

Hisoblash usuli xarajatlarning doimiy turlarini o‘z ichiga oladi — ish haqi, pedagogik xodimlarni rag‘batlantirish jamg‘armasi va o‘zgaruvchar xarajatlar — o‘quv xarajatlari, joriy ta’mir, binoni funksional holatiga ketadigan xarajatlar, kommunal xizmatlar, internet xizmatlari, kapital xarajatlar.

O‘rta ta’limda kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirish mahalliy budjet hisobidan respublika budjetidan maqsadli moliya o‘tkazishlar ko‘rinishida amalga oshirilishi mumkin. Bu barcha mintaqalarda ta’lim xarajatlarini barobarlashtirish maqsadidaqilinadi.

Har bir o‘quvchiga ajratiladigan mablag‘ni qanday nazorat qilish lozim?

Mablag‘larni o‘zlashtirishni hisobga olish va nazorat qilish joriy budjet qonunchiligi asosida amalga oshirilishi mumkin: budjetning bajarilishi va uning kassa xizmatining amalga oshirilishi, buxgalterlik hisobini olib borish qoidalari va hok. Maktablarni kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirish tizimini joriy qilish o‘rta ta’lim tashkilotlariga qo‘yiladigan barcha talablarning o‘z kuchida qolishini nazarda tutadi.

Maktab budjetini tuzish, maktab xodimlariga rag‘batlantiruvchi ahamiyatga ega bo‘lgan to‘lovlarni belgilash, homiylik yordamini jalb qilish va uni taqsimlash masalalari vasiylik kengashiga yuklatilishi mumkin. Tajriba maktablarida vasiylik kengashlarini tashkil qilish haqidagi qarorlar tuman/viloyat maqomidagi shaharlar hokimiyatlari tomonidan qabul qilinsa yaxshi bo‘ladi, va bunday kengashlar tarkibiga hokimiyat vakillari, maktab rahbari, biznes vakillari (homiylar), ish beruvchilar tashkilotlari vakillari, maktabni bitirganlar, ota-onalar jamoatchiligi va boshqa tashkilotlar vakillari kiritilishi lozim.

Maktablar uchun kishi boshiga ko‘ra molliyalashtirish mablag‘lar hajmi qanday farqlanadi?

Kishi boshiga belgilanadigan moliyalashtirishning me’yorlari/normalari ta’lim pog‘onasiga (boshlang‘ich, asosiy o‘rta, umumiy o‘rta ta’lim), amalga oshiriladigan ta’lim dasturlari turlari (umumiy o‘rta, maxsus ta’lim) va amalga oshirilish o‘rniga (shahar, qishloq joylari) bog‘liq ravishda hisoblanishi kerak. Shuningdek, imkoniyati cheklangan bolalar uchun qo‘shimcha koeffitsiyentlar joriy qilish lozim, ya’ni qo‘yilgan tashxis va nogironlik borligiga qarab normativni ikki yoki uch barobar oshiruvchi koeffitsiyentlar joriy qilish lozim.

Shuningdek, kishi boshiga belgilanadigan normativning o‘rtacha hajmi mulkchilik shakliga ko‘ra ham farq qilinishi mumkin:

- davlat maktablari uchun,

- xo‘jalik yuritish huquqi mavjud davlat korxonasi tashkiliy-huquqiy shakli va mavjud xususiy maktablar;

- yangi ochiladigan xususiy maktablar uchun. Bu yerda kishi boshiga belgilangan normativ haqdan tashqari ota-onalardan to‘lov olish ruxsat berilishi mumkin.

Kishi boshiga molilyaashtirish xususiy maktablar ishiga ta’sir o‘tkazadimi?

Bugungi kunda mamlakatda davlat maktablarida joy yetishmovchiligi holati mavjud, shuning uchun davlat mamlakatdagi barcha xususiy maktablarda kishi boshiga moliyalashtirish tamoyilini joriy qilish masalasini qo‘rib chiqishi lozim.

Xususiy ta’lim olish imkoniyati tug‘ilsa, ota-onalarda farzandlari bir sinfda 30-40 o‘quvchisi bo‘lgan davlat maktablarida yoki bir sinfda 20 bola o‘qiydigan xususiy maktabda o‘qitish orasida tanlov imkoniyati paydo bo‘ladi. Bir kun kelib davlat ta’lim muassasalari mustaqil sektorning ishlab chiqarish boshqaruviga o‘tishi ehtimoldan uzoq emas deb o‘ylaman.

Bugungi kunda, bu maktablarda ta’lim olish ovqat, qo‘shimcha darslar va “to‘la o‘qish kuni” maktabda bo‘lish rejimida o‘qitish narxi yiliga kamida 16-25 milion so‘mga tushmoqda. Davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘, ta’lim olish uchun barcha xarajatlarni qoplamasada, xususan bolalari kun bo‘yi maktabda bo‘ladigan ota-onalar uchun moliyaviy yukni yengillashtiradi. Xususiy maktablar iqtidorli o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv-ilmiy markaz andozasi kabi maxsus budjet sinflari ochishlari mumkin. Bunday hollarda davlat tomondan amalga oshiriladigan moliyalashtirish farzandlari ilm-fan yoki tillarni chuqur o‘rganishni xohlaydigan, biroq o‘zlarida buning uchun yetarli mablag‘lari bo‘lmagan ota-onalar uchun jiddiy yordam bo‘lur edi.

Shu bilan birga, ota-onalar farzandlari uchun xususiy ta’limni turli sabablarga ko‘ra tanlashadi: bilimlar sifati, bitta hududning o‘zida turli-tuman xizmatlar majmui mavjudligi, bolaning maktabda kuni bilan qolishi, shuningdek o‘quvchilar tarkibi hamdir. Bunga qo‘shimcha ravishda, to‘lovli kuni uzaytirilgan guruh taklif qilish bilan birga, kuni bilan o‘qitadigan xususiy maktab davlat maktabiga muqobil variant bo‘lib, turli seksiyalar/to‘garaklar ham taklif qiladi.

Men ta’limni kishi boshiga moliyalashtirishda xarajatlarning bir qismini davlat o‘z zimmasiga olishining tarafdoriman. Ota-onalar farzandlarini xususiy maktabda o‘qitishga qurblari yetgan holda ham, bolalarning davlat budjetidan keladigan pullarga haq-huquqlari bor. Bir oilada maktab yoshidagi bir necha bola bo‘lsa, davlat subsidiyalari oilaviy budjetga yordam beradi. Ta’kidlash lozimki, ota-onalar o‘z xohishlari bilan tanlab, pulini to‘lab turgan o‘qitish metodikasiga xalaqit bermaslik maqsadida davlatning xususiy ta’limga aralashuvi minimal darajada bo‘lishi lozim.

Mahalliy o‘zbekistonlik investorlar maktab ta’limi sohasiga pul sarflashlari mumkin deb o‘ylayman (infrastruktura obyektlari, ta’limga bog‘liq turli xizmatlar). Hozircha bu moliyaviy mablag‘lar boshqa sohalarda ishlamoqda, biroq davlat-xususiy sektor hamkorligi uchun sharoitlar hozir qilinsa, bu mablag‘lar maktab ta’limi sohasiga o‘tib kela boshlaydi va biz nafaqat maktablar sonining, balki sifatining ham oshishiga guvoh bo‘lamiz. Buning uchun bu bozorga “kirishni” yengillashtirish va undan “chiqish” tushunchasini aniqlash kerak.

Ta’lim sohasiga xususiy kapital ko‘proq keladimi?

Mamlakatda demografik o‘sish ortidan xususiy maktablar tarmog‘ini kengaytirishga juda katta zarurat sezilmoqda. Davlat yordami yo‘nalishidagi yangi chora-tadbirlar ko‘p smenali maktablar kabi o‘ta dolzarb muammoni tez orada yechish maqsadida xususiy kapitalni jalb qilish va yangi maktablar ochishga qaratilgan. Shuningdek, maktablar qurish uchun qurilish me’yorlari va qoidalarini liberalizatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish va 1 va 2 etajli yashash binolarida va xususiy uylarda maktablar joylashtirishga imkon yaratish, yer hududiga umumiy talablarni qisqartirish (shahar aholi soni 500 000 dan ko‘p bo‘lganda), mikrorayonlar park hududlari va sport maydonchalarini egallaganda maktabning dam olish va sport hududlaridan voz kechish va boshqa masalalarni ko‘rib chiqsa bo‘ladi. Maktab moddiy mulklarini kamida 10 yilga ijaraga berishga/olishga ruxsat berish mumkin (sinf xonalarini, ustaxonalarnijihozlash va hok.) va o‘quv adabiyotlari fondining bo‘lmasligiga ruxsat berish. Yuqorida sanab o‘tilgan choralar maktab qurilishida xarajatlarni jiddiy tarzda optimizatsiya qilishga imkon berishi mumkin.

Inson kapitaliga, xususan ta’limga sarf qilinadigan kapital mamlakat iqtisodi va jamiyat uchun jiddiy foyda keltiradi. Ta’lim sohasiga investitsiya kiritish – ijtimoiy ehtiyojlar uchun xarajatlar bo‘lib qolmay, iqtisodiy investitsiya hisoblanadi.

Shunchaki navbatdagi islohotmi yoki ta’lim sohasini tubdan o‘zgartirishmi?

Muvaffaqiyatli amalga oshirisa, kishi boshiga ko‘ra moliyalashtirish 1991 yildan beri joriy qilinib kelinayotgan yangiliklarning eng jiddiysi bo‘ladi. Ta’lim sohasi boshidan kechirgan islohotlarning son-sanoqsizligini hisobga olsak, tanqid qiluvchilarning zaxarxandalarini tushunsa bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida, kishi boshiga ko‘ra moliyaviylashtirish haqiqatan ham maktablarni o‘qitishda usullarni o‘zgartirishga – ko‘proq narsalar taklif qilish, dasturlar tarkibiga qo‘shimcha to‘laqonli vositalar kiritish va har bir o‘quvchi uchun raqobat olib borishga majbur qilishga qodir bo‘ladi deb faraz qilsa bo‘ladi.

Islohot ta’lim sohasiga xususiy kapital kelishini jadallashtirib yuboradi va tez orada o‘rta sinf bolalari borib o‘qishining imkoni bo‘lgan yuzlab yangi xususiy maktablar qurilishiga olib keladi deb bo‘lmaydi. Biroq ta’lim uchun to‘lovning bir qismining davlat tomonidan to‘lanishi tufayli amalda faoliyat ko‘rsatib turgan xususiy maktablarda o‘zbekistonliklar farzandlari borib o‘qishlariga shubhasiz imkon paydo bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-01-2019, 21:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 80) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют