» » Rahbarlar qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarini “yog‘liroq” ishga joylashtirishni qachon to‘xtatadi?

Rahbarlar qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarini “yog‘liroq” ishga joylashtirishni qachon to‘xtatadi?


O‘zA Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev bilan suhbat uyushtirib, rahbar kadrlar o‘z tanishlarini “yog‘li” joylarga ishga joylashtirishi holatlari haqidagi fikrini bildi.

– Ayrim rahbarlar lavozimidan foydalanib qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarini xalq tili bilan aytganda “yog‘liroq” joylarga joylashtirib qo‘yish payida bo‘ladilar. Bu holatga chek qo‘yish uchun nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?

– Mamlakatimizda, jumladan viloyatimizda yurtboshimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar davlat boshqaruvi tizimidagi rahbarlik lavozimlarini yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, yuqori malakali, bilimli va el-yurtga sadoqatli kadrlar bilan mustahkamlashni taqozo etmoqda.

Oldingi davrda ayrim rahbarlar tomonidan lavozimidan foydalanib qarindosh-urug‘, tanish-bilishlarini, xalq tili bilan aytganda “yog‘liroq” joylarga joylashtirish holatlariga yo‘l qo‘yilgan edi. Ammo, mana 2 yildirki Buxoro viloyatida bunday holatlarga chek qo‘yildi. Chunki, boshqaruv lavozimlarida ishlayotgan kadrlarga nisbatan talab kuchaydi va ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ko‘lami ham kengaydi. Rahbarlik lavozimiga bugungi kun talablari darajasida ishlay oladigan kadrni qo‘ymasa, u lavozim vazifalarini uddalay olmaydi.

Xalqimiz rahbarlardan ertaga emas, balki bugungi kunda natija kutayotganligini nazarda tutib, ularga amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtiroki, fidoyiligi va tashkilotchiligi, berkitilgan ish uchastkasidagi faoliyatining natijadorligiga va xalqni rozi qilayotganligiga qarab baho berish tizimi shakllantirildi.

Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, xalq manfaati yo‘lida mustaqil qaror qabul qilayotgan, tashabbuskorlik ko‘rsatib natijaga erishayotgan rahbar kadrlar qo‘llab-quvvatlanmoqda va rag‘batlantirilmoqda.

Shu bilan birgalikda zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘yilayotgan yangi talablar darajasida uddalay olmayotgan rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod qilinmoqda. Joriy yil davomida xizmat vazifasini yuqoridagi talablarga muvofiq bajarolmayotgan viloyat, tuman va shahar darajasidagi ko‘plab rahbar kadrlar almashtirildi.

Endilikda rahbar kadrlarning xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida hisobot berib borish tizimi joriy etilganligi, sudyalikka nomzodlarning tayinlashdan oldin jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi, yurtboshimizning Oliy Majlisga Murojaatnomalarida belgilanganidek, bundan keyin mahalliy davlat boshqaruvi tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarning tegishli xalq deputatlari Kengashlarida sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z dasturini himoya qilgandan keyin lavozimga tayinlanishi amaliyoti joriy etilishi qarindosh-urug‘chilikka va tanish-bilishchilikka batamom chek qo‘yadi deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonlaridan davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish jarayonida har tomonlama yetuk, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, favqulodda sharoitlarda to‘g‘ri qaror qabul qila oladigan, shuningdek o‘zining burchi va majburiyatini aniq-ravshan anglagan holda “o‘z aravasini o‘zi tortadigan” hamda bugungi kun talablariga to‘la javob bera oladigan, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidlab o‘tish zarur. Bu borada Prezidentimizning 2018-yilda qabul qilingan “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega.

Mazkur hujjatga muvofiq, istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish maqsadida har 3 yilda istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirda viloyatimizdan ko‘plab kadrlar ishtirok etdi. Ularda saralangan kadrlar bizda u yoki bu lavozimga tayinlashda tanish bilishchilikka hojat qoldirmaydi va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari 2018-yil 18-dekabr kuni zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu masalaga alohida to‘xtalib, “Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? Shuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak. Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz” deya hayotiy haqiqatni aytdilar.

Ma’lumki, 2018-yil 25-sentabrdagi Prezident Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi.

Jamg‘arma oldiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga ko‘mak berish vazifalari qo‘yilgan.

Albatta, bu sa’y-harakatlar jamiyatni ma’naviy yangilash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi intilishlarni yuqori pog‘onaga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bizga bugungi kunda Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlikni kundalik faoliyatining asosiy qoidasiga aylantirgan rahbar kadrlar kerak”.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-01-2019, 19:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 73) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют