» » 32 yoshli o‘zbekistonlik Guli Murodova 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixini so‘zlab berdi

32 yoshli o‘zbekistonlik Guli Murodova 77 yoshli angliyalik lord bilan sevgi tarixini so‘zlab berdi


O‘zbekistonlik 32 yoshli Guli Murodova multimillioner va lord, Konservativ musulmon forumi asoschisi, baron va Buyuk Britaniya Lordlar palatasining umrbod a’zosi bo‘lgan Muhammad Iltafga turmushga chiqqani haqida xabar berilgan edi. Ushbu xabarlar chop etilganidan so‘ng bir necha kun mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik qiz Guli Murodova haqida turli asossiz, qo‘pol ba’zida haqoratomuz izohlar yozib qoldirila boshladi. Asossiz gap-so‘zlarga nuqta qo‘yish maqsadida Guli Shayx tahririyatga murojaat qildi va “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova bilan suhbat davomida shaxsiy hayoti haqidagi ma’lumotlarga oydinlik kiritdi.

“Saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan ma’lumotlardan so‘ng men internet foydalanuvchilarining nafrati va haqoratomuz izohlariga duchor bo‘ldim.

Keng jamoatchilikning bunday munosabati meni tashvishga soldi, sababi e’lon qilingan material noto‘g‘ri bo‘lib, o‘quvchilarga yolg‘on ma’lumotlar yetkazdi. Agarda OAV ushbu materiallarni chop qilishdan avval men bilan bog‘lanib, ma‘lumotlarga aniqlik kiritganida ma’lumotlarning barchasi o‘uvchilarga to‘g‘ri yetkazilgan, asossiz, sensatsion detallarga qurilmagan bo‘lardi.

Shuning uchun ham men shaxsiy hayotim haqidagi gap-so‘zlarga chek qo‘yadigan quyidagi ma’lumotlarni so‘zlab bermoqchiman”, — dedi Guli Shayx.

“Angliyaga o‘qish uchun kelgandim” 

Men Samarqand shahrida tug‘ilib o‘sganman. Samarqand tibbiyot universitetining “Hamshiralik ishi” fakultetini tamomlaganman. So‘ngra Respublika shoshilinch tibbiy xizmat shifoxonasining Samarqand viloyati bo‘limida ishlaganman.

Men Angliyaga o‘qishimni davom ettirish uchun kelganman. London shahrida universitetga kirdim, “Yetakchilik va menejment” mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr darajasini egalladim. Keyinroq men o‘qishimni moliya sohasida davom ettirdim.

“Hech qachon ofitsiant bo‘lib ishlamaganman”

O‘qish davrida Belgiya kompaniyasida yarim stavkada menedjer bo‘lib ishlaganman. Ushbu kompaniya Angliyada eksklyuziv Belgiya shokoladi savdosi bilan shug‘ullanardi.

Shuning uchun mening ofitsiant bo‘lib ishlaganim haqidagi gap-so‘zlar asossiz. Men hech qachon ofitsiant bo‘lib ishlamaganman.

Men o‘sha kompaniyada ishlayotganimda lord Muhammad Shayx bizning do‘konimizga tez-tez kirib turar hamda o‘ziga va hamkasblariga shokolad sotib olar edi.

Do‘stlikdan boshlangan sevgi 

U O‘zbekiston mamlakatimizning ajoyib tarixi haqida ko‘plab ma’lumotlarga ega edi.

Biz boy merosimiz va Imom al-Buxoriy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Ulug‘bek, Amir Temur kabi tariximizning ajralmas qismi sanalgan buyuk shaxslar haqida so‘zlashishni odat qildik.

Vaqt o‘tishi bilan bizning o‘rtamizda ma’naviy do‘stlik yuzaga keldi. Biroq, u hech qachon menga Britaniya parlamentida lord ekanligi yoki o‘zi egallagan boshqa lavozimlar haqida gapirmagan. Men bu haqda oradan biroz vaqt o‘tgach bilganman.

“Shayx xotini bilan allaqachon ajrashgan edi”

O‘sha payti u xotini bilan islomiy urf-odatlarga ko‘ra allaqachon ajrashgan edi. Ya’ni u xotiniga taloq bergan. Musulmoncha ajrashuvdan so‘ng jarayon yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan.

Uning xotini bilan ayrilishi va ajrashishiga mening umuman aloqam yo‘q. Shuning uchun men ijtimoiy tarmoqlarda men va turmush o‘rtog‘im haqida yozib qoldirilgan salbiy izohlarga umuman munosib emasman, deb hisoblayman.

U mening qo‘limni so‘radi hamda ota-onamning roziligini olib, menga uylanish uchun Samarqandga keldi.

Guli va Shayxning to‘yi qanday o‘tgan? 

Biz 2015-yilning 1-noyabr kuni nikoh o‘qitganmiz. Nikoh London shimolidagi masjidda, bir necha kishining guvohligida o‘qildi.

Marosimdan so‘ng bizga guvohlar tomonidan imzo chekilgan sertifikat berildi.

Keyinroq, bizning nikohimiz Angliyadagi yetakchi masjid sanaladigan “Rijentpark” masjidi bosh direktori tomonidan ratifikatsiya qilindi.

So‘ngra biz er-xotin sifatida Haj ziyoratiga bordik. Biz ikki marta Haj ziyoratida bo‘ldik. Ikkinchi marta bizni Saudiya Arabistoni qiroli Hazrati Oliylari shaxsan taklif etdi. Saudiya Arabistoni hukumati mening lord Muhammad Shayhga turmushga chiqqanim haqida pasportimga belgi qo‘ydi.

2015-yilda nikohdan so‘ng biz nikohni qayd etishning rasmiy marosimini o‘tkazishga qaror qildik.

Ushbu marosim Londondagi Lambet kengashi binosida 2018-yilning noyabrida bo‘lib o‘tdi, unda ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi.

“Turmush o‘rtog‘im — sog‘lom va kuchli inson” 

Turmush o‘rtog‘im haqiqatdan ham 77 yoshda, biroq u ham Britaniya parlamentida, ham biznesda o‘ta faol hayot tarzini olib boradi.

U sog‘lom va kuchli inson bo‘lib, xayriya va jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish bilan ham shug‘ullanadi.

Turmush o‘rtog‘im butun dunyodagi jamoatchilik va xayriya faoliyati uchun “Faxriy doktor” unvoniga sazovor bo‘lgan. Uning energiyasi va faolligiga undan ancha yoshroq erkaklar xavas qilsa arziydi.

“Lord Shayx har doim ‘O‘zbeklar xushmuomala, mehmondo‘st’ deydi” 

Lord Shayx to‘rt marta O‘zbekistonga kelgan hamda mamlakatimiz rahbariyati bilan uchrashgan. U O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy, savdo, madaniy va ta’lim aloqalarining rivojlanishi va mustahkamlanishida faol ishtirok etadi.

Lord O‘zbekiston haqida uchta doklad tayyorlagan. Hujjatlarda mamlakatdagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar keltiriladi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurgan O‘zbekistonning bir nechta delegatsiyalari bilan uchrashgan.

Lord Shayx 2016-yilda prezident saylovlarini kuzatish uchun O‘zbekistonga taklif qilingan. Saylovdan so‘ng Lord Shayx jarayonning shaffof o‘tgani, yaxshi tashkillashtirilgani hamda saylov O‘zbekistonning barcha aholisi uchun o‘zining fuqarolik burchini bajarish imkonini berganini qayd etgan.

Lord Shayx shuningdek, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqida qo‘shimcha nekrolog yozgan. So‘ngra u Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlarni batafsil tahlil qilib, prezidentga ularning chuqur o‘ylanganligi va yuqori maqsadlarni ko‘zlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. U prezidentimizning istiqbolni ko‘ra oladigan inson ekanligini his qilmoqda.

Turmush o‘rtog‘im O‘zbekistonning yaqin do‘sti, o‘z chiqishlarida mamlakatimizning boy madaniyati va milliy merosi haqida ko‘p marta gapirgan.

U har doim “O‘zbekiston xalqi xushmuomala, mehmondo‘st” deb gapiradi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda men haqimda yozib qoldirilayotgan qo‘pol va haqoratli so‘zlardan shok holatiga tushdi.

“O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchiman”

Men O‘zbekiston fuqarosi ekanligim hamda Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Turmush o‘rtog‘im bilan birgalikda Silk Route Global kompaniyasiga asos soldik. Men O‘zbekiston hunarmandlari tomonidan tayyorlangan ko‘plab qo‘l mehnati mahsulotlarini sotib oldim, hamda tez orada internet orqali ularni sota boshlayman. O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqdaman, chunki Vatanimni sevaman. Shuningdek, men O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchiman.

Shu bilan birga, men O‘zbekistonda xayriya ishlarini amalga oshirib, nogironligi bo‘lgan bolalar, yetimlar hamda kam ta’minlanganlarga yordam berish va qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqdaman. Men mamlakatimiz aholisiga g‘amxo‘rlik qilaman.

“Lord Shayxga turmushga chiqishim — taqdir”

Odamlar turmush o‘rtog‘im va mening yoshim o‘rtasidagi farq haqida gapirmoqda. Biroq, Payg‘ambarimiz Muhammad (sallollohu alayhi vassallam) ham Bibi Oyshaga uylangan vaqtda undan ancha katta bo‘lganini unutmaslik zarur.

Ular birgalikda baxtli hayot kechirgan, Bibi Oysha hamisha Muhammad Payg‘ambarni qo‘llab-quvvatlagan, u esa rafiqasini odamlar u haqda qo‘rqinchli gap-so‘zlar tarqatganida himoya qilgan.

Men Lord Shayxga o‘z xohishim bilan turmushga chiqdim, uning yoshi, mavqei yoki boyligi mening qarorimga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Men uchun yosh — bu ko‘ngil holati, ayrim keksa kishilar yosh erkaklarga qaraganda ko‘proq energiya va g‘ayratga ega bo‘ladi.

Men turmush o‘rtog‘imni har doim kuchli intellektga ega bo‘lgan, shu bilan birga atrofdagilarga o‘ta g‘amxo‘r  munosabatda bo‘ladigan mukammal inson deb hisoblaganman.

Biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz hamda men u bilan baxtliman. Unga turmushga chiqishimni esa taqdir deb atayman.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-01-2019, 09:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 61) ( 0) ( 60) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют