» » Yuz ming so‘mlik kupyura, ochilib-yopilgan Facebook, Mirziyoyevning Hindistonga safari, Fazliddinning g‘alabasi va haftaning boshqa muhim yangiliklari

Yuz ming so‘mlik kupyura, ochilib-yopilgan Facebook, Mirziyoyevning Hindistonga safari, Fazliddinning g‘alabasi va haftaning boshqa muhim yangiliklari


O‘tib borayotgan hafta mamlakat hayotida muhim voqealarga boy bo‘ldi. “Daryo” ularning asosiylarini yodga olishga qaror qildi.

Hafta boshida Buxoro viloyati Olot tumani hokimi fermer Orif Durmatovni do‘pposlab, uning hisob raqamidagi 25 million so‘mni boshqa hisob raqamga yo‘naltirib yuborgani xabari tarqaldi. Og‘zi-burni qora qonga belanib kaltak yegan fermer shifoxonaga tushdi. Voqeadan so‘ng tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, hokimning fermerlarga zo‘ravonlarcha munosabati birinchi marotaba emasligi ayon bo‘lib qoldi. Biroq ko‘ngilsiz hodisaga aralashgan Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev zo‘ravon hokimni fermerdan uzr so‘rattirdi va yarashtirib qo‘ydi.

* * *

O‘zbekistonda qariyb to‘rt oydan beri ishlamayotgan Facebook va Youtube saytlari 15 yanvar kuni kutilmaganda ishlab ketdi. Nafaqat Facebook va YouTube, balki BBC Uzbek, “Ozodlik”, “Fergana.ru”, “Amerika Ovozi” kabi saytlarga kirishda ham vpn’ga hojat qolmadi. Biroq ko‘p o‘tmay “devor” qayta tiklandi va ushbu saytlar bugungacha to‘siq holda qolmoqda.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi Facebook ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatishda yordam so‘rab, Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qildi. Ma’lumot uchun, Facebook va YouTube’ning bir kunlik to‘silishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga 32 million dollar ziyon yetkazadi.

* * *

15-yanvar kuni Oliy Majlis Senati 100 ming so‘mlik banknota namunasi va dizaynini ma’qulladi. Yangi banknota joriy pul massasi doirasida chiqariladi hamda uning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Demak, inflyatsiya ro‘y berishidan xavotirlanmasa ham bo‘ladi.

* * *

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jo‘shqin Gujorat — 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun Hindistonda bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev sammitda nutq so‘zladi, shuningdek, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonga investorlar jalb etish masalasiga alohida to‘xtab o‘tildi.

* * *

“Shaytanat”da Zelixon, “Abu Rayhon Beruniy”da Beruniy, “Qutlug‘ qon”da Mirzakarimboy singari rollari bilan mashhur bo‘lgan kino va teatr aktyori Po‘lat Saidqosimov 18-yanvar kuni 88 yoshida dunyodan o‘tdi. U Qo‘qon shahrida film suratga olish ishlarida qatnashayotgan edi.

* * *

Elektr va gaz tanqisligining navbatdagi qurboni Jizzaxning Zominida qayd etildi. Go‘dak yotgan beshik isitish moslamasiga yaqin qo‘yilib, nazoratsiz qoldirilishi ayanchli tugadi. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, o‘tgan yili tug‘ilgan bola dunyodan o‘tdi. Fojia ijtimoiy tarmoqlarni achinish va energetik inqirozga norozilik mazmunidagi izohlar bilan to‘ldirdi.

* * *

Mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga xizmat ko‘rsatgan samolyot sotildi. 1997-yildan 2003-yilgacha marhum prezident bu samolyotda yaqin xorijga va viloyatlarga uchgan. Prezident xizmat safarlarida foydalangan boshqa samolyotlar ham sotilishi rejalashtirilmoqda.

* * *

Haftaning quvonchli voqealaridan biri Rio olimpiadasi chempioni, jahon chempionati kumush medali sohibi, hozir professional boksda faoliyat yuritayotgan Fazliddin G‘oibnazarov dominikanlik bokschi Rikardo Garsiyani mag‘lub etishi bo‘ldi. Fazliddin raqibini 3-raunddayoq nokautga uchratdi. Bu bokschimizning professional ringdagi ketma-ket yettinchi g‘alabasidir.

Sportdagi yangiliklardan yana biri esa unchalik quvonchli bo‘lmadi: Osiyo Kubogi—2019 musobaqasi “F” guruhi o‘yinlari doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Yaponiyadan 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Yangiliklar daryosini biz bilan kuzating. Eng muhim xabarlarni “Daryo” saytidan topasiz.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (20-01-2019, 20:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 95) ( 0) ( 94) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют