» » Karimov fondi Birinchi prezidentning millatlararo bag‘rikenglikni o‘rnatishga qo‘shgan hissasi haqida yozdi

Karimov fondi Birinchi prezidentning millatlararo bag‘rikenglikni o‘rnatishga qo‘shgan hissasi haqida yozdi


Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi Islom Karimovning millatlararo bag‘rikenglikni o‘rnatishga qo‘shgan hissasi haqida yozdi. Bu haqda Karimov fondi xabar berdi.

Sovet Ittifoqida milliy masalaga alohida e’tibor qaratilgan edi. Totalitar boshqaruvga asoslangan Markaz rahbariyati zug‘umi bilan ittifoqdosh respublikalarda yashovchi insonlarning milliy o‘zligi poymol qilinib, kamsitilar edi. XX asrning 70-yillarida esa “sovet kishisi” tushunchasini keng targ‘ib-tashviq etishga urinishlar kuzatildi.

Asosiy aholisi o‘zbeklar hisoblangan Toshkentda o‘zbek tilida film namoyish etuvchi birorta kinoteatr yo‘q edi, aksar hollarda peshlavhalar, geografik nomlar va e’lonlar ham birinchi galda rus tilida yozilar edi. Bu “titul” millatning manfaat va talablarini e’tiborga olmaslik oqibati edi.

Shu bois ham, sobiq Sovet Ittifoqi “umri”ning so‘nggi kunlarini boshdan kechirayotgan davrda – ijtimoiy-siyosiy tanazzul va iqtisodiy turg‘unlik sharoitida mafkuraviy inqiroz ro‘y berdi, Markaz hokimiyati zaiflashdi. “Yashirin” bo‘lib kelgan millatlararo tanglik kuchayib, ayrim mintaqalarda shafqatsiz etnik ziddiyatlar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi.

1989-yilning mayida Farg‘onada o‘zbeklar va mesxeti turklari o‘rtasida dahshatli qirg‘inga aylangan ommaviy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi, butun Farg‘ona olov ichida qoldi. Ziddiyat to‘lqini o‘sha kezlar respublika aholisining qariyb yarmi yashayotgan Farg‘ona vodiysini butunlay o‘z domiga olishi mumkin edi. Farg‘ona hodisalari payti yuzdan ziyod kishi qurbon bo‘ldi, mingga yaqin inson jarohatlandi.

Ana shunday mushkul pallada Islom Karimov respublika rahbari etib saylandi. Saylanganidan keyin u zudlik bilan Farg‘onaga bordi. Karimovning puxta o‘ylagan siyosati va faol sa’y-harakatlari hamda jarayonda Markaz vakillari ham bevosita qatnashishi lozimligi haqidagi qat’iy talablari tufayli qonli ixtilof avj olmasdan to‘xtatib qolindi. Aks holda, butun respublikada beqarorlik yuzaga kelishi mumkin edi.

Islom Karimov O‘zbekistonning turli hududlarida alanga olayotgan millatlararo ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha dadil va mardonavor chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Shu tariqa u 1990-yil fevral—mart oyida Bo‘ka va Parkentda, 1990-yil iyun oyida O‘shda qonli etnik ixtiloflarning oldini oldi.

Prezident Islom Karimov O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tenghuquqliligini ta’minlash, ham “titul” millat, ham milliy ozchiliklar manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi.

Birinchi Prezident tomonidan islom dinining qayta uyg‘onishi, qolaversa, mamlakatdagi barcha konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishiga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgani bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi. Barcha diniy konfessiyalar vakillari o‘z e’tiqodiga emin-erkin va to‘siqlarsiz amal qilishlari uchun zarur shart-sharoit yaratildi.

Milliy va madaniy markazlarning tashkil etilgani O‘zbekiston xalqining birligi va yakdilligini ta’minlagan muhim omillardan biri sanaladi. Toshkentda mamlakatdagi milliy-madaniy markazlarning boshini qovushtirgan markaz ta’sis etildi, 1992-yil yanvarda u Respublika baynalmilal madaniyat markaziga aylantirildi. O‘sha yillari O‘zbekistonda tatar, nemis, koreys, ozarboyjon, qozoq, yahudiy kabi 54 ta milliy va millatlararo markazlarga asos solindi. Markazlar faoliyati, qolaversa, turli millat va elatlarning o‘z tarixi, adabiyoti, tilini o‘rganish, an’analar, milliy bayram, urf-odat va marosimlarni tiklash va rivojlantirish singari madaniy, ma’naviy va ijtimoiy talablarini qondirish uchun qulay muhit yaratildi.

1989-yil oktabrda Islom Karimovning dadil siyosiy qadami mahsuli sifatida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan uzoq vaqt ikkinchi darajada bo‘lib kelgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu hodisa o‘zbek xalqining milliy o‘zlik tuyg‘usi o‘sishida muhim rol o‘ynadi. Qolaversa, bu mustaqillikka erishish yo‘lidagi dastlabki g‘alaba ham edi.

Bugun O‘zbekistonda 140 ga yaqin respublika va hududiy miqyosdagi milliy-madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv va ahillikda yashab kelmoqda. Ularning etnik madaniyati, an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylash va har tomonlama rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilgan. 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Ta’lim muassasalarida yetti tilda saboq berilmoqda, Milliy teleradiokompaniya o‘z dasturlarini 12 tilda efirga uzatmoqda, gazeta-jurnallar esa o‘ndan ziyod tilda chop etilmoqda.

Bugun ishonch bilan aytish joizki, aynan Islom Karimov millatlararo ziddiyatlarni to‘xtatdi, fuqarolar urushining oldini oldi, va bu bilan minglab insonlar hayotini saqlab qoldi; nafaqat mamlakatimizda, balki butun ko‘pmillatli Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minladi.

Birinchi Prezident tomonidan mamlakatimizdagi barcha millat va elatlarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik – uning boshqa xalqlarga ehtiromi va o‘z ona eliga yuksak farzandlik muhabbatining ifodasidir. Millatidan qat’i nazar, vatandoshlarimizning Islom Karimovga bo‘lgan chuqur hurmati va mehr-muhabbatining boisi va tarixiy qadr-qimmati ham ana shunda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-01-2019, 17:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 66) ( 0) ( 65) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют