» » Mehmonxona egalari yo‘l qo‘yadigan asosiy xatolar

Mehmonxona egalari yo‘l qo‘yadigan asosiy xatolar


So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehmonxona biznesi yaxshi rivojlanmoqda. Ko‘pchilik tadbirkorlar boshqa bizneslari bilan bir qatorda mehmonxonalar ham ochishga kirishmoqda. Lekin har sohaning nozik tomoni bo‘lganidek, mehmonxona biznesining ham tashqaridan ko‘rinmaydigan, bu ish bilan shug‘ullanmagan odamning e’tiboridan chetda qolishi mumkin bo‘lgan nozik taraflari bor. Bu kabi xususiyatlarni boshidan e’tiborga olmaslik mehmonxona bitib bo‘lgandan keyin qimmatga tushishi mumkin. HotelPro eksperti Dilshod Odilov “Daryo”ga taqdim etgan maqolasida ushbu biznesga yangi kirib kelganlarga o‘z maslahatlarini beradi.

Bir nechta mehmonxonaning qurilishi va ochilishida qatnishgani natijasida mehmonxona egalari ba’zi xatolarni ko‘p takrorlashini kuzatdim. Ko‘pchilik investorlar bilib-bilmay yo‘l qo‘yadigan xatolardan ba’zilarini ko‘rib chiqmoqchiman.

Mehmonxonaning qaysi darajada bo‘lishini, qanday darajadagi mijozlarga xizmat ko‘rsatishi mehmonxonaga joy tanlayotganda belgilab olinishi kerak. Fundament quyilishidan oldin qanday darajadagi mijozlarga qaysi turdagi xizmat qaysi sifatda berilishi belgilangan bo‘lishi lozim. Shunday qilinsa, bino bitganidan keyin qo‘shimcha binolar qurishga yoki xizmatlar uchun xona ajratish bilan bog‘liq muammolarga duch kelinmaydi.

“Mening mavqei baland do‘stlarim ko‘p. Qarindoshlarim ham taniqli odamlar, ko‘p joyda vip-mehmonlar sirasiga kiradi. Ular bilan birgalashib mehmonxonani to‘ldirib olamiz”. Mehmonxona biznesiga kirib kelayotgan biznesmenlar orasida shunday fikrlaydiganlar kam emasligiga guvoh bo‘lganman. Albatta, o‘sha nazarda tutilgan vip-mehmonlar muassasa ochilgach keladi, xizmatlardan foydalanadi, lekin ko‘pincha pul to‘lamaydi. Chunki ular odatda mehmonxona sohibining yaqin do‘stlari, yoki mehmon qilinishga o‘rganib qolgan mashhurlar bo‘ladi. Ularning oqimi kelib ketganidan keyin mehmonxona bo‘shab qoladi.

Sotish va marketing bo‘limining kech olinishi natijasidagi moliyaviy yo‘qotish juda katta bo‘lishi mumkin. Mehmonxona ochilmasidan kamida 2-3 oy oldin sotish va marketing bo‘limi reklama va imij bilan shug‘ullanib, ish boshlagan bo‘lishi lozim. Mehmonxonaning turli elektron xarita va qidiruv tizimlariga joylanishi, saytning ishlab turishi ham mehmonxona ochilishidan avval bajarilgan bo‘lishi kerak.

Ko‘pincha mehmonxonalarga bo‘lim boshliqlari ochilishga juda yaqin qolganda ishga qabul qilinadi. Asosiy maqsad, menejerlarning oyliklari kattaroq bo‘lgani tufayli, ishga keyinroq qabul qilish orqali pul tejab qolishdir. Lekin har bir bo‘lim menejerining fikri inobatga olmasdan ochilishga tayyorlangan mehmonxona ochilishdan keyin yo ba’zi kichik qayta qurishlarni amalga oshiradi, yoki yo‘l qo‘yib bo‘lingan, tuzatish ancha qimmatga tushadigan xatolar va noqulayliklar bilan ishlashda davom etishga majbur bo‘ladi.

Mehmonxona egalari aksariyat hollarda o‘z ehtiyoji va qarashiga mos uskunalarni sotib olib, o‘zi qulay deb hisoblagan joyga o‘rnatadi. Menejerlar kelib, fikrini aytganda, boshqatdan sotib olish yoki nimanidir almashtirishga kech bo‘lgan bo‘ladi. Natijada ishchilar va mehmonlar uchun noqulay sharoit yuzaga keladi. Men xonalarga keraksiz jihozlar olingani, mebelning uydagi uzoq muddatli yashovchilar uchun tayyorlangandek katta va keraksiz tortmalar bilan tayyorlangani, oshxona jihozlarining ishlashga noqulay, lekin endi o‘zgartirib bo‘lmaydigan shaklda joylashtirilgani kabi hollarga ko‘p guvoh bo‘ldim. Resepshnga noqulay bek-ofis qilinishi yoki umuman bek-ofisni o‘ylamaslik, kirlarni yuvish joyida quritish, saqlash va dazmollash masalasining to‘g‘ri o‘ylanmasligi ham shular jumlasidandir.

Mehmonlar uchun eng qimmat va zamonaviy sharoitlar yaratib, chiroyli, shinam xona va restoranlar tayyorlagan bilan, xodimlarning ovqatlanishiga, kiyim alishtirishiga va insoniy ehtiyojlarini qondirishga yaxshi sharoit yaratib berilmagan bo‘lsa, xodimlar qanday kayfiyat bilan ishlaydi? Xodimlarning yaxshi ovqatlanishi, ozoda yurishiga qancha yaxshi sharoit yaratilsa, ular buni ishda shunchalik oqlab beradi.

Xodimlarga ish o‘rgatish zaruriyatini, malakali trenerlar taklif qilishning foydasini har bir mehmonxona egasi tushunadi. Lekin hamma ham ish boshlashdan oldin trenerlarga murojaat qilavermaydi. “Boshqaruvchi oldim, o‘shaning o‘zi xodimlarga ish o‘rgatib oladi”, degan fikr bo‘ladi. Ammo yaxshi boshqaruvchi har doim ham yaxshi trener bo‘lavermaydi.

Kadrlar bilan ishlash xodimisiz ish boshlash katta muammolarning boshlanishi bo‘ladi. Xodim ishga olinayotganda bajarishi kerak bo‘lgan vazifalarning, haq-huquqlarining to‘liq tushuntirilmasligi sababli kelib chiqadigan muammolar juda ko‘p. Ish beruvchi sal ishlar yurishgandan keyin ishchilarni yaxshiroq rag‘batlantirishni o‘ylab qo‘ygani bilan ish boshlagan xodim ish beruvchining xayolida bor bir qancha rag‘batlantirishlarni hali bilmay, ishidan norozi bo‘lib, endi ish o‘rganayotgan paytda ketib qolishi mumkin.

Xodimlar uchun hojatxonalar, dush xonalari, yemakxona, xauskiping, texnik bo‘lim, restoran menejeri, bosh oshpazlarga ofis sifatidagi kichik bo‘lsa ham xonalar ajratilmasligi, qavatlarda kichik skladlar tayyorlab ketilmasligi, skladlarning yetishmasligi ham muammolar qatoriga kiradi.

Quyida mehmonxona egalaridan eshitish mumkin bo‘lgan ba’zi yanglish fikrlarni keltiraman:

“Uyimizni tozalab yuradigan juda yaxshi ayol bor, o‘shani xauskiping-menejer sifatida ishga qabul qilaylik”;

“Buxgalterga bosh og‘ritib o‘tirmang, 10 yildan beri menga tegishli ulgurji savdo firmasini yuritayotgan buxgalterim bor, o‘sha qilaveradi”.

“Bosh menejerlikka o‘g‘limni (qizimni, jiyanimni, do‘stimning o‘g‘lini) tayinlaymiz, kallasi zo‘r, sal tushuntirvorilsa bemalol eplab ketadi”;

“Kadrlar bo‘limiga bir tanishim bor, odamlar bilan gaplashishni qoyillatadi, o‘shani ishga oling”.

Bunday kadrlar, birinchidan, malakali bo‘lmaydi, ikkinchidan, tanish yoki qarindosh bo‘lgani uchun ularga bozor narxidan baland oylik berishga ham to‘g‘ri keladi. Eng to‘g‘ri yo‘l har bir pozitsiyaga tanlov asosida xodim qabul qilish va ish boshlanishidan oldin o‘sha xodimlar uchun trening o‘tkazishdir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-01-2019, 20:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 82) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют