» » “Daryo” surishtiruvi: Tashkilotlarni aldab, bir qizning nomini bulg‘agan shaxsga qanday jazo bor?

“Daryo” surishtiruvi: Tashkilotlarni aldab, bir qizning nomini bulg‘agan shaxsga qanday jazo bor?


“Daryo” tahririyatiga Samarqand viloyati Urgut tumani “Bunyodkor” mahallasida yashovchi fuqaro Mohigul Maxmanazarova murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi Mirzaqishloq mahallasida yashovchi fuqaro Ilhomjon Aktamov birinchi turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohda bo‘la turib, unga aldov yo‘li bilan uylanib olgan. Qiziq tomoni shundaki, Ilhom Aktamov birinchi turmush o‘rtog‘idan qonuniy ajrashmasdan turib, ikkinchi turmush o‘rtog‘i bilan ham nikohdan o‘tgan. Natijada uda ikkita turmushida ham nikohni qayd etuvchi qonuniy guvohnoma paydo bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev jurnalistik surishtiruv olib borib, bir kishiga nikohni qad etuvchi ikkita guvohnoma qanday berilganligiga oydinlik kiritishga harakat qildi.

2016-yilning noyabr oyidan 2017-yilning yanvar oyiga qadar mahalladoshimiz Oltin aka degan odam ota-onamning oldilariga meni kelin qilish maqsadida kelishdi. Ota-onam u kishiga o‘g‘li oldin uylanganligidan xabardor ekanligini bilganliklari uchun meni o‘g‘liga turmushga berishmasligini ko‘p marotaba aytdi. Biroq shunga qaramay Oltin aka o‘g‘lini qonuniy ajralganligini, meni kelin qilib olib kelsa qonuniy nikohdan o‘tkazishlarini aytishdi. Oradan bir qancha muddat o‘tgach meni yangam (kelinoyi) bilan Urgut tuman 1-son FHDYo bo‘limiga olib kelishdi. Menga u yerda bir xodima oppoq qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldi. 2017-yilning 3-fevral kuni Ilhomjon Aktamov bilan nikohimiz qonuniy qayd etilib, nikoh tuzilganligi to‘g‘risida guvohnomani oldik. Shundan so‘ng men bir yarim yil davomida Ilhom Aktamov bilan birga yashadim.

Mohigul Maxmanazarova

Ma’lum bo‘lishicha, mavsumiy ish bilan shug‘ullanuvchi Ilhomjon Aktamovning birinchi turmush o‘rtog‘i o‘zaro kelishmovchilik sabab ketib qolgan. Biroq ularning nikohiga sud tomonidan qonuniy ajrim berilmagan. Bu orada uning ota-onasi o‘g‘lini uylantirish payida bo‘lib, Mohigul Maxmanazarovaning uyiga sovchilikka borgan. Ilhomjon Aktamov ikkinchi turmushini FHDYo orqali nikohdan o‘tkazish voqeasini quyidagicha so‘zlab berdi.

Ikkinchi turmush qurayotganimda pasportim yo‘qolib qoldi. Men Urgut tuman IIBga borib yangi pasport oldim. Biroq pasportimda nikohim qad etilganligi to‘g‘risida ma’lumotni kiritmadim. Ikkinchi marotaba uylanishim aniq bo‘lganidan so‘ng tuman FHDYo bo‘limiga borib, nikohdan o‘tish bo‘yicha ariza topshirdim. U yerdagilar ham avval uylanganmanmi yoki yo‘qligini so‘rashdi. Men uylanmaganman deb aytdim.

Ilhomjon Aktamov

Yangi pasport olganingizdan so‘ng nega nikoh qayd etganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni kiratmadingiz degan savolimizga Ilhomjon avvaliga “esimdan chiqib ketibdi” deb javob berdi. Bir ozdan so‘ng yana shu savolimizga “pasport almashgandan keyin nikohni qayd etish bo‘yicha ma’lumotni kiritish kerakligidan xabarim yo‘q edi”, deb javob berdi. Aniqrog‘i, ikkinchi turmushini FHDYodan qanday qilib o‘tganligini turli yo‘llar bilan yashirishga harakat qildi. Qolaversa, nikohni qayd etish uchun FHDYoga zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni kuyov va uning otasi amalga oshirganligini, biroq o‘sha hujjatni qay yo‘llar bilan to‘g‘rilab kelganligini eslay olmasligini bildirdi. Qilmishini yashirish uchun turli bahonalar o‘ylab topdi.

Mazkur masala yuzasidan Urgut tuman 1-son FHDYo bo‘limi rahbari Sayyora Tursunova bilan uchrashib, holat yuzasidan fikrlari bilan qiziqdik.

Ushbu holat biz uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Ilhomjon Aktamovning nikohini qayd etishi lozim bo‘lgan hujjatlari bilan bo‘limimiz inspektori Fariza Abdullayeva shug‘ullangan. Kuyov qurayotgan nikohi birinchi turmush ekanligini bildirib, hatto tuman “pasportstol”dan ma’lumotnoma ham olib kelgan. Aynan ushbu ma’lumotnomaga ishonib inspektor hujjatlarni rasmiylashtirgan va nikohni qayd etuvchi guvohnoma taqdim etgan

Sayyora Tursunova, Urgut tuman 1-son FHDYo bo‘limi rahbari

Urgut tuman 1-son FHDYo bo‘limida inspektor bo‘lib ishlaydigan Fariza Abdullayeva betob bo‘lganligi uchun ishga kelmagan ekan. Shu bois u bilan telefon orqali gaplashdik.

Ilhomjon Aktamov va Mohigul Maxmanazarovalarning hujjatlarini men to‘plaganman. Kuyovning gaplariga ishonib, u olib kelgan ma’lumotnoma asosida nikohi birinchi marta qayd etilayotgan ekan deb o‘ylaganman. Ilhomjon Aktamovni yolg‘on ma’lumot bersa qonuniy chora ko‘rilishi haqida ham ogohlantirgandim. Ammo ogohlantirishimga qaramasdan u menga yolg‘on ma’lumotnoma taqdim etgan. Natijada qilgan e’tiborsizligim sababli tuman hokimligi tomonidan jazoga ham tortildim.

Fariza Abdullayeva

Joriy yilning 4-yanvar kuni Urgut tuman hokimligida tuman prokurori, apparat xodimlari va FHDYo bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur masala atroflicha muhokama qilingan. Xususan, tuman 1-son FHDYo bo‘limining inspektori Fariza Abdullayeva o‘ziga yuklatilgan vazifani lozim darajada bajarmasdan, o‘z xizmt vazifalariga mas’uliyatsiz bilan yondashganligi, ya’ni, Ilhomjon Aktamovni muqaddam turmush qurgan yoki qurmaganligini to‘liq tekshirmaganligi oqibatida mazkur qonun buzilishi holatlari kelib chiqqanligi aniqlangan. Yig‘ilishda ushbu holatlarni boshqa takrorlanmasligi uchun o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qarab, qonun buzilish holatiga imkon yaratganligi uchun Fariza Abdullayevaga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi bayon etilgan.

Qalovini topib qor yog‘dirgan Ilhomjon Aktamov ikkinchi turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy ajrashish yo‘lini topganligi bizni ajablantirdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudining sudyasi S.Tursunov raisligida 2018-yilning 10-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud hukmiga ko‘ra Ilhomjon Aktamov va Mohigul Maxmanazarovalarning nikohi haqiqiy emas deb topilgan. Biroq Mohigul Maxmanazarova mazkur sud bo‘lishidan 25 kun avval, aniqrog‘i 2018-yilning 5-noyabr kuni FIB Tayloq tuman sudiga ajralmasligi to‘g‘risida ariza kiritgan. Sud Maxmanazarovaning ajralmasligi to‘g‘risidagi arizasini inobatga olmay, Aktamovning ajrashish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qanotlantirgan.

Men kelin bo‘lib tushganimdan so‘ng xomilador bo‘ldim. Ammo turmush o‘rtog‘im bu xabarni eshitib “bolani oldirish uchun qancha pul kerak beraman, borib oldirib kel, men seni bola uchun emas, ish uchun olganman” deb bolani oldirishga ko‘p majburladi. Lekin men bolani oldirmadim. Shu alfozda 8 oy davomida menga ayni holatimga to‘g‘ri kelmaydigan, mumkin bo‘lmagan og‘ir ishlarni qildirdi. Bola 8 oylik bo‘lganida menga tamaki sug‘irtirishdi. Bu og‘ir ish tufayli bolam nobud bo‘ldi. Ota-onamning bergan tarbiyasi sabab bo‘lgan voqealarni ularga aytmadim. Ammo ular keyinroq barcha voqeadan xabar topishdi. Men shifoxonadan uyga kelgach bir-ikki kun yotdim. Oradan o‘n kun o‘tar-o‘tmas hovlidagi bitta uyni buzib, erim meni ham chaqirib g‘ishtlarni tashish kerak deb g‘isht tashittirdi. Bundan tashqari, ham dalaga olib chiqib erkaklarga ham og‘irlik qiladigan ishlarni qildirishdi.

Mohigul Maxmanazarova

O‘ylaymizki, Urgut tuman xotin-qizlar qo‘mitasi Mohigul Maxmanazarovani qo‘llab-quvvatlaydi, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar Ilhomjon Aktamovning barchani aldab, ikkinchi turmushni qonuniylashtirib olganligi, o‘zining yolg‘onlari sabab bir qizning nomini bulg‘aganligi va Mohigul Maxmanazarovaga nisbatan qilgan nohaqliklarini atroflicha o‘rganib chiqadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-01-2019, 16:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 54) ( 0) ( 53) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют