» » Hafta ijtimoiy muammolari: Yusufbek hojining smayligi

Hafta ijtimoiy muammolari: Yusufbek hojining smayligi


O‘tgan haftaning dolzarb mavzulari sharhida Yusufbek hoji nima qilib yuribdi degan savol tug‘ilgandir. Keling boshidan boshlaymiz.

O‘tgan haftada ko‘pchilikning diqqatini tortgan hodisa O‘zbekistonda Ekologik partiya rasman ro‘yxatga olingani bo‘ldi. Yangi siyosiy partiyaga omad! Ammo bu yangilikka aksariyat internetchilar kulgi aralash munosabatda bo‘ldi. Marhamat, taniqli saytlardagi xabarga bosilgan “xoxolayk”larni sanab chiqing.

Men sanadim: qariyb uchdan biri kulgi smayligidan iborat. Tavba, odamlar yangi partiya ochilganidan sevinchini kulgi bilan ifodaladimi? Yoki yurtimizda partiyalar soni o‘sishini xalq ovozi balandlashuviga yo‘yib quvonchi ichiga sig‘may kulib yuboryaptimi? Savolimga Abdulla Qodiriy javob berdi. Yusufbek hojiga aytilgan gap agar ma’qul tushsa “xo‘b” deydi, noma’qul bo‘lsa “durust emas” deydi va yana bir turdagi gap aytilgan bo‘lsa, bir iljayib qo‘yadi. Xo‘sh, qanday gapga iljayib qo‘yadi deysizmi? Marhamat, “O‘tgan kunlar”ni o‘qing.

Yangi partiyaga kelsak, uning faoliyati endi boshlanmoqda. Boshlab olsin, ishlasin, keyin asl bahosini beramiz. Hozir kulishga ham, tanqidga ham erta.

Yangi avtomatlashtirilgan uskunalarni o‘rganishsin

Yurtimizning ishlab chiqarish korxonalarida o‘nlab eski mutaxassislar o‘ralashib yuradi. Ular 70–80-yillarning stanoklarini ustalik bilan boshqargan, ammo bugungi kompyuterlashgan asbob-uskunalarga moslasha olmayapti. Yoshlariyam 60-70 ni qoraladi. Ochig‘ini aytganda, ulardan korxonaga katta foyda yo‘q. Ammo o‘z davrining mohir ustalari bo‘lgani ularni ko‘chaga kuzatilishdan asrab turibdi. O‘zbekchilik, harqalay. Kimgadir amaki, kimgadir tog‘a bo‘ladi, o‘tishgan joyimiz bor, qolaversa, odamning yuzi issiq.

Ammo toza bozor iqtisodi andishadan uzoqda ishlaydi. Korxonaga foyda keltirmayapsanmi — xayr. Yangi menejer ularning oldiga shart qo‘yadi: “Sizga falon oy muddat. Ish haqingiz saqlanadi. Bu vaqt ichida quyidagi texnika bilan ishlashni o‘rganing, aks holda...”.

Gapniyam cho‘zvordim. Nima qilay, “Hurriyat” kabi gazetalarning yopilib ketish xavfidan uyqum qochyapti. Shu gazetalarni o‘qib tili chiqqan ba’zilarning “yopish kerak, tamom vassalom” deyishlarini qabul qilolmadim. Sifatli, ko‘zga ko‘ringa gazetalarda muammo tug‘ilsa, achinar ekansan. Davlatning bo‘yniga osilib olgan gazeta xodimlarining bola-chaqasi bor. Ammo ikkinchi tomondan bola-chaqani majburiy obunaning orqasidan boqish kerak emas. Bu birovning cho‘ntagidan pulini tortib olish bilan teng.

Taklifga o‘taman. Majburiy obunasiz yasholmaydigan gazetalarning xodimlariga bittadan sayt ochib berilsin. Sayt ochish hozir konserva ochishdan ham oson. Mashhur saytlarning menejerlari, muxbir va jurnalistlari ularni ma’lum vaqt davomida o‘qitsin. Bularning barchasiga davlat pul ajratishi kerak. Vaqtincha, albatta. O‘n yil davlatga ortmoqlanib ishlagandan, yarim yil qayta tayyorlanib yangitdan dunyoga kelgan afzal. Bir oddiy ustaning fikriga nima dedingiz?

Uch og‘ayni botirlar nechta?

Sezyapsizmi, so‘nggi vaqtda yurtimizda uch o‘g‘il egizaklar tug‘ilishi keskin ortdi. Umri uzoq bo‘lsin, qo‘ygan ismidan qat’i nazar. Cobalt mashinasining ostidan esa hamisha shamol o‘tib yursin. Shuning munosabati bilan yurtimizda har yili necha nafar uchtalik egizaklar tug‘ilishini o‘ylab qoldim. Dono Wiki’ning aytishicha, ikkitalik egizak chaqaloqlar tug‘ilishi o‘rtacha 2 foiz holatlarda kuzatiladi. Shu 2 foizniyam 2 foizi esa uchtalik egizaklarga to‘g‘ri keladi. Demak, buyog‘i matematika: yuz nafardan 2 nafari ikkilik, 2500 nafardan 2 nafari uchtalik egizaklardir. Uchtalik egizaklar QQQ, QQO‘, QO‘O‘ va O‘O‘O‘ shaklida bo‘lishi mumkin (Q — qizaloq, O‘ — o‘g‘il). Bundan kelib chiqadiki, har 10 ming nafardan bir holatda qatorasiga uch nafar o‘g‘il chaqaloq tug‘iladi. Yurtimizda bir yilda o‘rtacha yarim million chaqaloq tug‘ilishini hisobga olsak, 50 ta holatda uch og‘ayni botirlar tug‘ilishini hisoblab topamiz. Keling, hisobni oxiriga yetkazib qo‘yaylik, ularning har biriga Cobalt in’om qilinsa, GM Uzbekistan ishlab chiqargan bir yillik avtomobillarning 0,023 foizi sovg‘aga ketganini anglatadi.

Sarvar usta

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-01-2019, 19:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 74) ( 0) ( 74) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют