» » Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Transport vazirligi tashkil etildi

Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda Transport vazirligi tashkil etildi


“Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolandi. Hujjat matnini O‘zA e’lon qildi.

Hujjat transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq qabul qilingan.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashkil etildi.

Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

transportning barcha turlarini yagona transport tarmog‘iga integratsiyalashuvi va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalangan holda uyg‘unlikda rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;

transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirish, ularning barcha toifadagi iste’molchilar uchun ommabopligini ta’minlash, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etishga yo‘naltirilgan transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;

xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va chora-tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat transport salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;

transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;

butun transport tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish, O‘zbekiston Respublikasi Transport tizimining bir-biriga bog‘langan yagona tizimini istiqbolli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish, foydalanuvchilar manfaatlarini hisobga olgan holda, avtomobil yo‘llari, aerodromlar va aeroportlar, vokzallar, temir yo‘llar va transport infratuzilmasining boshqa obyektlarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, ta’mirlash va foydalanish masalalarining kompleks yechimini ta’minlash;

transport sohasida nazoratni amalga oshirish, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar va baxtsiz hodisalarni, shuningdek, temir yo‘l va daryo transportidagi avariya va halokatlar bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etish va amalga oshirish;

transport va yo‘l xo‘jaligi sohasidagi xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirish hisobiga transport xizmatlari jahon bozorida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ta’minlash;

transport sohasidagi joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda ta’lim, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli ravishda joriy etish.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, uni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi etib qayta nomlagan holda;

O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi etib qayta tashkil etgan holda;

O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlagan holda;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlagan holda;

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining O‘zbekiston kemachilik registri;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zaeronavigatsiya” markazi;

ilovaga muvofiq ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, boshqa tashkilotlar, faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlanib qolingan holda, Vazirlik ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tugatiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (7-02-2019, 20:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 83) ( 0) ( 82) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют