» » Chilim, sigaret, veyp, IQOS tizimlari… Chekishning har qanday turi — zarar

Chilim, sigaret, veyp, IQOS tizimlari… Chekishning har qanday turi — zarar


Sigaretlar asta-sekin urfdan qolyapti. Tamaki kompaniyalari ularning o‘rniga yetarlicha xavfsiz muqobil variantlarni — veyplar va tamakini qizdirish tizimlarini (IQOS) sotmoqda. Nazariy jihatdan ular anchagina xavfsiz bo‘lishi kerak. Lekin amaliyotdachi? “Daryo” kolumnisti Sarvar G‘aniyev shu savolga javob izlab ko‘radi.

Sigaretlar

Sigaretlar — do‘kon va uydan topish mumkin bo‘lgan eng xavfli narsalardan biri. Ular har yili dunyo bo‘ylab 7 milliondan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘ladi. Lekin bu juda kamchilikni xavotirga soladi. Dunyoda har yettinchi odam chekuvchi. 2018-yil statistikasi bo‘yicha yer yuzida 1 milliard inson sigaret chekadi.

Sigaretda tamaki 600 °S dan yuqori haroratda yonadi. Yongan vaqtida 250 ga yaqin zararli moddalar ajraladi. Ulardan 69 tasining kanserogenligi isbotlangan (o‘sma kasalligini chaqiradi). Eng xavfli moddalardan biri — nikotin. Aynan u sigaretlarga qaramlilikni keltirib chiqaradi.

Olimlar sigaretlarni 1950-yildan beri o‘rganadi. Shuning uchun ular haqida yetarlicha ma’lumotga egamiz. Lekin sizni uzoq ro‘yxat bilan qo‘rqitmaslik uchun eng asosiysi bilan bo‘lishamiz. Qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, tamakini xavfsiz iste’mol qilish mumkin emas. Uning inson sog‘lig‘iga zarari ko‘plab tadqiqotlarda tasdiqlangan.

Sigaretdan asosan nafas olish tizimi a’zolari va yurak qon-tomir sistemasi aziyat chekadi, lekin tamaki butun organizmga ziyon keltiradi. U immunitetni pasaytiradi va ichki a’zolarga zarba beruvchi yallig‘lanish jarayonlarini stimullaydi. Chekish, o‘pka saratonidan tashqari, yana 13 turdagi o‘smani keltirib chiqaradi.

Faol chekuvchilarning kasriga qolgan passiv chekuvchilar yoki ikkilamchi chekuvchilarda ham nafas olish tizimi a’zolari va yurak qon-tomir sistemasi kasalliklari paydo bo‘ladi. Bundan ko‘pincha chaqaloqlar vafot etadi, homilador ayollardan esa kam vaznli, to‘la rivojlanmagan bolalar dunyoga keladi.

Chilim

Chilim chekish vaqtida havo yonib tugan ko‘mir, tamaki qatlami orqali o‘tadi va suvga pufakchalar ko‘rinishida tushadi. U yerda soviganidan so‘nggina chekuvchining o‘pkasiga tushadi. Chilim sigaretga nisbatan xavfsizroq deyilishiga qaramay, chilim chekuvchilar katta miqdordagi uglerod oksidi, tamaki uchun maxsus nitrozaminlar, kanserogen siklik aromatik uglevodorodlar va uchuvchan aldegidlar ta’siri ostida qoladi. Bundan tashqari, chilim chekish sigaretga qaraganda uzoqroq davom etadi.

Chilim chekish xavfsiz mashg‘ulot deb hisoblanishiga qaramay, 2014-yilda e’lon qilingan maqolada uning ham zararli jihatlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Olimlar 18 yoshdan 48 yoshgacha bo‘lgan 55 nafar sog‘lom, tez-tez chilim chekishga odatlangan insonlarni bir guruhga to‘pladi va ulardan tarjiba boshlanguinga qadar chekishning barcha turlaridan cheklanib turishlari so‘raldi. Shundan so‘ng ular toksinlarni aniqlash uchun analizga siydik topshirdi. Chilim chekkandan so‘ng qaytadan analiz topshirildi va chekish qancha muddat davom etgani, qancha tamaki chekilgani aks etgan savolli anketa to‘ldirildi.

Chilim chekilganidan so‘ng qatnashchilar siydigida ko‘p miqdorda nikotin, kotinin va tamakining boshqa toksinlari aniqlandi. Keyingi kuni ham ularning siydikdagi miqdori sezilarli darajada saqlanib qolgan.

2014-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda qantashgan chilim chekuvchilarda leykemiya kasalligi kelib chiqish xavfi 4,2 barobar, ularning yonida o‘tirgan, lekin chekmagan qatnashchilarda esa 2,6 barobar ortgan.

Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib aytish mumkinki, chilim chekish xuddi sigaret chekish singari xavflidir.

Veyplar

Vayp chekuvchilar soni 2011-yilda 7 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib ular soni 35 millionga yetdi.

Veyplarda tamaki yo‘q, hech narsa yonmaydi, tutamaydi. Elektron sigareta — ingalyatorning o‘zginasi. Suyuqlik qiziydi va bug‘lanadi. Bug‘ uchun glikol, glitserin va propilenglikol javob beradi. Yoqimli hid uchun aromatizatorlar va nikotin javob beradi. Ishlab chiqaruvchi “nikotinsiz” deb yozganiga qaramay, suyuqlik o‘zida nikotin saqlashi mumkin. Glikol, glitserin, va propilenglikolning ichga qabul qilinganda xavfsiz ekanligi isbotlangan, nafas orqali qabul qilinishi esa yo‘q. Aromatizatorlarning qon-tomir tizimiga salbiy ta’siri haqida ma’lumotlar bor. Eng zaharli suyuqliklar esa dolchin, vanil, qaymoq ta’mini beruvchi suyuqliklar hisoblanadi. Nikotin esa boshqa ximikatlarsiz ham turli kasalliklar xavfini orttiradi — yurak qon-tomir kasalliklaridan tortib, o‘sma metastazlarigacha.

Veyplar uchun ishlatiladigan suyuqliklarda fenol, formaldegid, qo‘rg‘oshin singari toksik moddalar bor. Fenol ko‘z, teri, shilliq qavatlarni ta’sirlantirsa, formaldegid saraton chaqiradi, qo‘rg‘oshin esa asab va yurak qon-tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Veyplar sigaretdan ko‘ra yaxshimi? Bir tadqiqotda veyp chekilgan xonadagi nikotin miqdori sigaret chekilgan xonadagiga qaraganda 10 barobar kam ekani aniqlangan. Agar sigaretdan butunlay veypga o‘tilsa, o‘sma rivojlanish xavfi kamayadi. Lekin, afsuski, aksi ro‘y beradi: chekuvchilar veyp bug‘laridan zerikib, odatiy sigaretlarga qaytadi.

IQOS tizimlari

Hozirgi kunda 5 million kishi IQOS chekadi. Tamakini qizdirish tizimlari propilenglikol va tamakili stikni 240–350 °S gacha qizdirib beradi. Tutun bor, lekin bunda tamaki yonmaydi.

Biroq olimlarni laqqillatib bo‘libsiz: ular qizdirishda ajraladigan tutun tarkibida ham potensial kanserogenlarni aniqladi. Tamaki bo‘lgandan keyin IQOS ajratadigan tutun tarkibida nikotin miqdori oddiy sigaretnikidan 16 foizga kamligiga, u hech qayerga ketib qolmaydi. Toksinlardan tashqari, sistemaning o‘z materiali bor. 90 °S da u o‘zidan formaldegid sianogidrin moddasini ajratadi. Bu kichik dozalarda ham o‘ta toksik modda.

Xulosa

Veyplar va IQOS tizimlaring inson salomatligiga ta’siri oxirigacha o‘rganilmagan. Fan esa ularni sigaretga nisbatan “kam zararli” deb hisoblamoqda. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa chekishning barcha turlari zarar ekanini ta’kidlamoqda. O‘zini chekish zararidan saqlashning yagona yo‘li chekmaslik va chekuvchilar bilan aloqada bo‘lmaslikdir.

Maqoladan maqsad hozirda mavjud tamaki mahsulotlari haqida to‘g‘ri ma’lumot berish edi. Xulosamiz aniq — chekishning har qanday turi zararli, ularning xavflilik darajasi farq qiladi xolos. Sog‘lig‘ingiz bebaho. Uni asrab qolish tanlovi esa o‘z qo‘lingizda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-02-2019, 20:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 72) ( 0) ( 72) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют