» » Xalq ta’limi vazirligi ota-onalar qiziqishi kam bo‘lgan maktab direktorlari faoliyatini o‘rganmoqda

Xalq ta’limi vazirligi ota-onalar qiziqishi kam bo‘lgan maktab direktorlari faoliyatini o‘rganmoqda


O‘zbekistonda demografik tendensiyalar hamda 11 yillik ta’limga o‘tilishi munosabati bilan o‘quvchilar soni oxirgi 2 yilda 20 foizga ortdi, bu esa aksariyat maktablarda o‘quv jarayoni ikki va undan ko‘p smenada tashkil etilishiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Shu bilan birga, ayrim maktablarga ota-onalar tomonidan qiziqish juda ham past. Bu asosan maktab rahbarlarining talabga javob bermasligi hamda xalq ta’limi bo‘limlari va boshqarmalari xodimlarining mas’uliyatsizligi tufaylidir. Yillar davomida bo‘lim va boshqarma xodimlari ko‘proq e’tiborini talab yuqori bo‘lgan maktablarni o‘rganish, ularni direktorlar faoliyatini tekshirishga qaratib, ota-onalar talabi kam bo‘lgan maktablarga deyarli e’tibor berilmagan.

Shuning uchun ham Xalq ta’limi vazirligi birinchi navbatda aynan shunday maktab direktorlari hamda bo‘lim va boshqarma rahbariyatining bu maktablar faoliyatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini tanqidiy o‘rganmoqda.

Xususan, Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi 73-maktab o‘rganildi. O‘rganish davomida ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi va moddiy-texnik holati bilan bog‘liq ko‘plab kamchiliklar aniqlandi.

Jumladan, maktab rahbari o‘z vakolati doirasidan chiqib, yuqori tashkilotlardan ruxsat olmasdan 24 million so‘mlik asosiy vositalarni o‘zboshimchalik bilan hisobdan chiqargan. Shuningdek, direktor tomonidan maktab o‘qituvchilarining oylik ish haqidan, mukofot pullaridan ma’lum bir qismi naqd shaklida olib qolinayotganligi holati ham aniqlangan.

Joriy yilning 22-fevralida mazkur muassasa Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan kompleks o‘rganilgan, ammo nomiga va yuzaki ma’lumotnoma tuzish bilan cheklanilgan.

Ushbu tekshirish natijasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida 73-maktabda muhokama etildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sababli maktab direktori D.Mavlyanova hamda uning 2 nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi metodisti D. Toshmuhamedovaga mazkur maktabni tekshirishga mas’uliyatsizlik bilan bilan yondoshgani uchun hayfsan berildi.

Ayni paytda mazkur maktabda vazirlikning audit xizmati tomonidan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshirilmoqda.

Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlariga bunday holatlardan xulosa chiqarib, boshqa bu kabi maktablardagi holatni yaxshilash choralarini ko‘rish vazifalari topshirildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (12-03-2019, 09:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 86) ( 0) ( 86) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют