» » Shahnoza Mirziyoyeva: Nogironligi bo‘lgan bolalarga birgalikda qanot bag‘ishlaylik!

Shahnoza Mirziyoyeva: Nogironligi bo‘lgan bolalarga birgalikda qanot bag‘ishlaylik!


4-aprel kuni Nukus shahrida “Imkon” nomli O‘zbekistondagi birinchi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur muassasa jismoniy turli nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta’lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta’minlash imkonini yaratadi.

Tantanali ochilish marosimida loyiha bosh koordinatori, Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, loyiha koordinatori Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqib, ushbu loyiha ahamiyati va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor xususida gapirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Shahnoza Mirziyoyeva o‘z nutqi avvalida O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi a’zolariga minnatdorchilik bildirdi:

“Keling, 2016-yilda bo‘lib o‘tgan paralimpiya o‘yinlarini yodga olamiz. Sportchilarimizning ushbu olimpiadadagi ishtiroki O‘zbekiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli bo‘lgan edi. Ular bizning terma jamoamizga 77 ta medal tuhfa etgandi.

“Bu sport qahramonlari tufayli biz Vatanimiz bilan, bizning paralimpiya terma jamoamiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bugun esa mana shu bog‘chaning ochilish marosimida sizni mehmon sifatida qarshi olish biz uchun katta sharaf. Rahmat katta!”

“Xalq salomatligi— mamlakat kelajagi”

“Yaqinda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayramda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ‘Xalq maqolida shunday deyiladi: Xalq salomatligi— mamlakat kelajagi’. Asosiysi jamiyatda tinchlikni va insonlarning salomatligini ta’minlash, qolgan barcha muammolarni hal qilsa bo‘ladi, deb aytdi. Ushbu masalaning muhimligini anglagan holda O‘zbekiston Prezidenti nogironligi bo‘lgan insonlarga, ularni himoya qilish, teng huquq va imkoniyatlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda”, — deydi Shahnoza Mirziyoyeva.

“Imkon” markazi — MDHda yagona

Shahnoza Mirziyoyeva ushbu markaz nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin xorijiy mamlakatlarda ham muqobili yo‘q loyiha ekanligini ta’kidladi:

“Bolalar nogironligi ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018-yil 16-avgustida ‘Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi PQ-3909-sonli qaror imzolandi.

Mana bugun, oradan 7 oy o‘tib biz bu ajoyib kun —‘Imkon’ markazimizning ochilishini bayram tariqasida nishonlash imkoniga ega bo‘ldik.

Ushbu loyiha nodir bo‘lib, nafaqat O‘zbekiston, balki yaqin xorijiy mamlakatlarda ham uning muqobili mavjud emas. Uning nodirligi shundaki, markaz nafaqat reabilitatsiya, balki ta’lim berishga mo‘ljallangan. Nogironligi bo‘lgan bolalarga kichik yoshdan reabilitatsiya xizmatini ko‘rsatish uchun biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga bolalarni ikki yoshdan qabul qilishni yo‘lga qo‘ydik. Zarur stimulyatsiyaga yonaltirilgan yordam dasturini imkon qadar tezroq boshlash juda muhim”.

“Nega aynan Nukus?”

Ushbu savolga Shahnoza Mirziyoyeva quyidagicha javob berdi:

“Ko‘pchilik bizdan birinchi reabilitatsion markazga ega maktabgacha ta’lim muassasasini qurish uchun nega aynan Nukus, umuman olganda Orolbo‘yi mintaqasini tanlaganimiz haqida so‘raydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, tug‘ilganidan beri nogironligi bo‘lgan bolalar soni 17,5 foizga ortgani qayd etilgan. Biz Orol inqirozidan jabr ko‘rgan hudud aholisiga yordam ko‘rsatishimiz kerak. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining BMT bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida ham gap ketgan edi”.

“Ushbu loyihaga har birimiz qalbimizning bir bo‘lagini bag‘ishladik”

Loyiha koordinatori Shahnoza Mirziyoyeva uni amaliyotga tatbiq etishga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorchilik izhor etdi:

“Davlat rahbari har doim nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, ularning kamsitilishi bilan kurashishning muhimligi haqida gapiradi. Prezident mamlakatning har bir fuqarosi teng huquqli bo‘lishini ta’minlashga alohida e’tibor beradi. Aynan Prezidentning tashabbusi, qo‘llab-quvvatlashi bilan ushbu nodir loyihani amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Prezidentning qo‘llab-quvvatloviga xorijiy va mahalliy tadbirkorlar xayrixoh bo‘ldi. Ular loyihaning muvaffaqiyati uchun qo‘llaridan kelgan barcha imkoniyatni ishga soldi.

Bugun, biz ushbu loyihaga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorchilik bildirmoqchimiz.

Men loyihani yaratgan, qurgan, kerakli jihozlar bilan ta’minlagan, dasturlar yozgan, o‘qitgan, video syujetlarni tasvirga olgan logistika va tashkillashtirish bilan shug‘ullangan, umuman olganda befarq bo‘lmagan insonlarning katta guruhiga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ko‘pchiligingiz bir necha tunlarni bedor o‘tkazdingiz, loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun shu yerda yashadingiz. Ishonch bilan ayta olamanki, har birimiz mana shu loyihaga qalbining kichik bo‘lagini tuhfa etdi”.

“Ilk ijobiy natija— bolalar yuzidagi tabassum”

Shahnoza Mirziyoyeva uch hafta avval ish boshlahan markaz faoliyatidagi ilk ijobiy natijalar ko‘zga tashlanganidan minnatdor ekanligini bildirdi:

Biz uch hafta oldin markazimiz bolalarga o‘z eshigini ochgan kundan hozirga qadar ijobiy natijalarni ko‘rishdan mamnunmiz. Bolalar tabassumi, ota-onalar ko‘zidagi umid va ertangi kunga bo‘lgan o‘sib borayotgan ishonch. Bunday bolalarning kelajagi har birimizga bog‘liq. Keling har bir nogironligi bo‘lgan insonga mashaqqatlarni yengib o‘tishga birgalikda yordamlashaylik va ularga qanotlarni hadya etaylik!”



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (5-04-2019, 08:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 57) ( 0) ( 55) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют