» » Ko’zi ojizlar jamiyatining muammosi: "Bu yarim qadam ortga qaytish emasmi?!"

Ko’zi ojizlar jamiyatining muammosi: "Bu yarim qadam ortga qaytish emasmi?!"


O‘zbekiston Respublikasi Ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi “Daryo” tahririyatiga murojaat yo‘lladi. Murojaatning asosiy mazmuni 2018-yilning 29-iyunida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi farmon bilan bevosita bog‘liq.

Markaz ko‘rish bo‘yicha I va II guruh nogironlarining mehnat bilan bandligini ta’minlash bilan birga o‘z Ustavi hamda Respublika qonunchiligida belgilangan maqsad va vazifalariga ko‘ra jamiyat tasarrufida o‘quv ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etgan. Bugun mazkur jamiyat qoshida respublika miqyosida 76 ta korxona mavjud bo‘lib, uning tarkibida 1050 dan ortiq ko‘rish bo‘yicha nogironligi bor bo‘lgan shaxslar,  600 dan ortiq sog‘lom fuqarolar mehnat qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 358-modda 1-qismiga ko‘ra ijtimoiy ahamiyatga molik bu o‘quv ishlab chiqarish korxonalari yagona soliq to‘lovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozoq qilingan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-iyundagi “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham tarkibida mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarning kamida 30 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladigan tadbirkorlik subyektlari imtiyozlar va preferensiyalar beriladigan alohida toifadagi tadbirkorlik subyektlari sifatida ko‘rsatilgan. Qolaversa, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni ham ayni mazmunga qaratilgan.

Jamiyat korxonalari boshqa ishlab chiqarish subyektlari kabi texnik jihatdan o‘zini rivojlantirishi mumkin, ammo korxonada faoliyat yurituvchilarning asosiy qismini ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda qo‘shimcha ishchi kuchi sifatida sog‘lom shaxslar tashkil etadi. Shu sababdan korxona to‘liq qo‘l mehnatiga asoslangan. Shunga qaramay, korxona mahsulotlari davlat tomonidan berilgan alohida imtiyoz va rag‘batlar evaziga bozor mahsulotlari tannarxi bilan bir xil narxda baholanib kelgan.

2018-yilning 29-iyunida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining farmonida belgilangan tartibida umumbelgilangan soliq to‘lovida jamiyat korxonalariga berilgan alohida imtiyozlar ko’rsatilmagan.

Mazkur farmonga muvofiq 2019-yilning 1-yanvar sanasidan o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik tushumi 1 milliard so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazilgan. Bunday tadbirkorlik subyektlarining barchasi uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish belgilangan. Shuning bilan birga, qo‘shimcha foyda solig‘ini hisoblash hamda royalty to‘lash tartibini takomilllashtirish nazarda tutilgan.

Ko‘zi ojizlar jamiyat tizimidagi korxonalarning aksariyat qismini tushumi 1 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan korxonalar tashkil etadi. Bunda mehnat qiluvchilarning asosiy qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bo‘lishidan qat’iy nazar, joriy yilning 1-yanvardan boshlab jamiyat korxonalari ham umumbelgilangan soliq to‘lashga majbur ekanligi ko‘rsatilgan.

Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi A.Madrahimov suhbat davomida quyidagilarni ta’kidladi: “Konsepsiyada belgilangan soliqlarni to‘lash uchun bizning korxonalarimiz zamonaviy ishlab chiqarish tizimiga o‘tishi kerak. Ammo korxonalarning asosiy maqsadi nogironlarni bandligini ta’minlash tashkil etilgan. Zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish esa  nogironligi bor shaxlarni ishsiz qolishiga sabab bo’ladi. Soliq tizimini rivojlantirish konsepsiyasida alohida imtiyozga ega tadbirkorlik sub’yektlariga hozirga qadar berilgan imtiyozlarning nazarda tutilmagani ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning taqdirini savol ostida qoldiradi.

Biz bu holatning anglashilmovchilik ekaniga ishonamiz, tasodifiy xato deb hisoblaymiz. Mamlakatda islohotlar avvalo inson, uning manfaatlari uchun olib borilmoqda. Bu soliq tartibi esa nogironligi bor shaxslarning keskin noroziligiga sabab bo‘lmoqda, olg‘a rivojlanib borayotgan bir jarayonda bu yarim qadam ortga qaytish kabi holat nazarimizda.”

A.Madrahimov mazkur masala yuzasidan qator davlat tashkilotlariga qayta-qayta murojaat qilgan, ammo aniq javob ololmagan. Masalaga yechim berilishi hamda mutasaddilarning bunga qanday munosabat bildirishi hozircha ochiq savol bo‘lib turibdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-04-2019, 11:28)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 68) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют