» » Buxoroda qurilishi davom etayotgan bozorda beton plita qulashi oqibatida aslida 1 kishi jarohatlangan

Buxoroda qurilishi davom etayotgan bozorda beton plita qulashi oqibatida aslida 1 kishi jarohatlangan


Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joriy yilning 15-mart kunidan boshlab, hozirga qadar qurilishi davom etayotgan tuman markaziy bozorida qulagan beton plita 4 kishini emas, 1 kishini jarohatlagan. Bu haqda Vobkent markaziy bozor qurilish direksiyasi rahbari Said Ortiqov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Ma’lumki, bir necha kun avval, joriy yilning 21-aprel kuni “Podslushano v Buxare” kanalida e’lon qilingan “Buxorodagi 27 kunda bitkazilgan bozorda beton plita qulab, 4 kishini jarohatladi” sarlavhasi ostidagi xabar qator ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Unda 2 kishi jiddiy jarohat olib, reanimatsiyaga yotqizilgani, yana 2 kishi yaralangani aytilgandi.

— Bunday noto‘g‘ri va asossiz xabarning hatto, ayrim rasmiy saytlarda ham hech qanday o‘rganishsiz va surishtiruvsiz takroriy tarqatilgani bizni hayratga soldi. 3,9 gektar maydonda Vobkent markaziy bozorini qayta qurish ishlari joriy yilning 10-martidan boshlandi. Qurilish hali davom etmoqda. Minglab ishchi kuchi biriktirilgan. 18 ta pudratchi qurilish tashkiloti tomonidan ish olib borilmoqda. Bozorning turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlari rastalaridan tashqari, 112 ta kiyim-kechak do‘koni, 24 ta oziq-ovqat hamda 3 ta super market barpo etish ishlari jadal kechmoqda. Yuzlab texnik vositalar jalb qilingan. Qariyb 35 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga tubdan qayta tiklanayotgan tuman markaziy bozori qurilishi hali may oyi oxirlariga qadar davom etishi, shubhasiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek, odamlar ko‘z o‘ngida davom etayotgan katta markaziy bozor qurilishi qanday qilib 27 kunda bitkazilgan bo‘lishi mumkin?! — dedi Said Ortiqov.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa go‘sht mahsulotlari rastasi tiklanishida sodir bo‘lgan. “Daryo” muxbiri voqeaga guvoh quruvchi hamda yollanma ishchilar bilan suhbatlashganda, beton plitalar odamlar ustiga qulamaganiga aniqlik kiritildi. Aksincha, go‘sht rastasi tomi yotqizilayotgan chog‘da ag‘anagan plita ustiga bir kishi sirpanib yiqilgan va hayal o‘tmay, plita teskari aylanib, burchaksimon ko‘rinish hosil qilgan. Bola shu burchakka tushib qolgan. Shu zahoti unga yordam ko‘rsatilgan.

— Go‘sht do‘koni rastasini tiklash obyekt sifatida bizga berilgan, — dedi “Peshko‘” qurilish MChJ vakili Sanjar Omonov. — Tiklanayotgan bino betonlari qurigach, tomga plita yotqiziladi. Biroq uch kun ketma-ket yomg‘irning yog‘ishi oqibatida hali quyilganiga bir hafta-o‘n kun bo‘lmagan beton va plitalar yomg‘ir suvi bilan to‘lgan. Shunga qaramasdan, plita yotqizila boshlangan. Qurilish texnologiyasiga asosan plitalar ketma-ketmas, balki inshoot tomining har yer-har yeridan to‘ldirilib kelinadi. Bundan tashqari, tajribasizlik oqibati bolalar ehtiyotsizlik qilib, plita ustiga ortiqcha yuk olishgan. Bu paytda faqat bitta bola plita yaqinida bo‘lgan. Plita ag‘anagach, bola ham uning ustiga sirpanib tushgan. Shu zahotiyot unga ko‘mak ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketilgan.

Buxoro viloyat hokimligi Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Vobkent tuman tibbiyot birlashmasi ma’lumotiga ko‘ra, Vobkent tuman markaziy bozori qurilishi chog‘ida jarohatlangan 1992-yilda tug‘ilgan olotlik Rauf Mirzayev shoshilinch tez tibbiyot yordam xirurgiya bo‘limiga o‘rta og‘ir ahvolda keltirilgan. Unga “Bosh miya shikastlanishi. Bosh miya chayqalishi yengil darajasi. Burun to‘sig‘i suyagining yopiq sinib siljishi. Peshona, chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishii va shilingan jarohati” dastlabki tashxisi qo‘yilgan. Uch kun davomida qilingan muolajalar natijasida bemorning ahvolida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Ota-onasining qat’iy talabi bilan bemor Olot tuman tibbiyot birlashmasiga ko‘chirilgan.

Olot tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari Rustam Husainovning bildirishicha, bemor 4 kun davomida vrach nazorati ostiga olingan. Barcha muolajalar ko‘rsatilgan va bemorning ahvoli yaxshilangani tufayli uyiga ruxsat berilgan.

— O‘zim ham Vobkent tuman markaziy bozor qurilishida quruvchi bo‘lib ishlayman. Ayni hodisa chog‘ida o‘zim ham bor edim, — dedi Raufning otasi Latif Mirzayev. — Go‘sht rastasi do‘koni tomi plitasini yopish chog‘ida betonlar ustida bir nechta quruvchilar, yollanma ishchilar bor edi. Birmas, 8 ta plita quladi. To‘g‘ri, avvaliga o‘g‘lim bitta plita ustida sirpanib yiqildi. Hayal o‘tmay, o‘g‘lim ustiga sirpangan plita teskari aylanib ketdi. Muzlab qoldim. Yaxshiyam, atrofdagilar zudlik bilan sergak tortishdi. Burchak bo‘lib qolgan plita ostidan armatura va kran yordamida bolamni chiqarib, qutqarib qolishdi. Bosh, yelka jarohatlaridan tashqari, oyog‘i ham qattiq shikastlangan. Nima ham derdim, tirik qolganiga shukur...

Ma’lum bo‘lishicha, bemor jami yetti kun davomida Vobkent hamda Olot tuman tibbiyot birlashmalarida yotib davolangan. Muolajalar bepul amalga oshirilgan. Aytish o‘rinliki, ota ish chog‘ida sodir bo‘lgan holat tufayli o‘rta og‘ir jarohat olgan bolasiga qarashga majbur.

Ota bilan suhbatdan anglandiki, baxtsiz hodisa sabab qo‘shimcha daromad topishdan mahrum bo‘lgan oilaga mutasaddi rahbarlar tomonidan moddiy ko‘mak berish borasida hozircha o‘ylab ham ko‘rilmagan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (25-04-2019, 15:58)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 55) ( 0) ( 54) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют