» » Farg‘onada Boburning avlodi yashaydi. U 96 yoshli Qurbonjon Sattorov (foto)

Farg‘onada Boburning avlodi yashaydi. U 96 yoshli Qurbonjon Sattorov (foto)


O‘zA muxbirlari Farg‘ona shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Qurbonjon Sattorov xonadonida bo‘lib, otaxon bilan suhbat qurdi. Quyida ushbu suhbat to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Farg‘ona shahridagi “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 96 bahorni qarshi olayotgan Qurbonjon otaning yoshlardek shijoati va g‘ayrati bor. Ayniqsa, bayram kunlarida u kishini xonadonidan topish qiyin. Yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, urush xotiralarini so‘zlab berib, bugungi dorilamon kunlarni qadrlashni nasihat qiladi.

Ona yurt tinchligi va osoyishtaligini asrash uchun mardlik va jasorat ko‘rsatgan bobolarimiz xotirasini e’zozlash, nuroniylarni qadrlash xalqimizga xos ezgu fazilatlardan.

O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va faxriylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish yangicha ma’no-mazmun bilan boyidi. Bu jihatlar ayni kunlarda mamlakatda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab -o‘tkazilayotgan tadbirlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda bu borada aniq tadbirlar belgilangan. Ayni kunlarda shahar va tumanlarda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari xonadonida bo‘linib, ular holidan xabar olinmoqda.

“Nuroniy” jamg‘armasining Farg‘ona shahar bo‘limi raisi Mutalibjon Mo‘minov hamrohligida Qurbonjon ota Sattorov istiqomat qiluvchi xonadonga qadam qo‘yarkanmiz, bu yerdagi ajib bir fayzni his etdik. Otaxon bizni xursandchilik bilan kutib oldi. U kishi bilan suhbatimiz ancha qizidi.

Alpomishdek kelbatli va baquvvat Qurbonjon ota har qanday suhbatdoshning tilini topa oladi. Hech qachon sizni zeriktirib qo‘ymaydi. Bolalar bilan bolalarcha, o‘rta yoshdagilar bilan og‘ir-bosiq ohangda gaplashib, zarur maslahat va hayotiy tajribalarini ayamaydi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qurbonjon Sattorov Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan. 1942- yilda u ham urushga otlandi.

“Bolaginam, shu urushni umuman nomini ham eshitishni istamayman. Ba’zan urush haqida gap ketib qolsa, nogahon g‘alabani o‘z ko‘zlari bilan ko‘ra olmagan quroldosh do‘stlarim yodimga tushadi. Ular hali ham o‘n sakkiz-yigirma yoshli yigitlar bo‘lib ko‘rinadi. Oryol degan shahardagi muzeyda men ko‘targan minomyot va suratim hali ham saqlanadi.Biz dahshatli urushni ko‘rdik, yoshlarimiz esa mana bu tinchlikni, farovon kunlarni ardoqlashi kerak”, – deydi otaxon.

Ha, urush boshlanganida Qurbonjon ota ayni kuchga to‘lgan yigit edi. Osmon qadar yuksak orzularini urush butkul o‘zgartirib yubordi. Ehe, yosh bo‘lsa-da, urushning dahshatli onlarini boshidan o‘tkazdi. Qancha safdoshlari qo‘lida jon berdi, bu bilan tushkunlikka tushib qolmadi, dorilamon kunlar kelishiga ishonardi.

Ota uzoq yillar turli sohalarda, rahbarlik lavozimlarida ishladi, halol mehnat qildi. Turmush o‘rtog‘i Sharofatxon aya bilan uch qizni tarbiyaladi. Shu farahbaxsh kunlarda bu inson nabirayu evara hamda chevaralarining sho‘x-shodon kulgisini ko‘rib, qarilik gashtini surmoqda. O‘tgan yilda u kishi viloyat hokimligi tomonidan ikki xonali uy sovg‘a qilindi.

“Bugungi kunda nevara va chevaralarim chet ellarda tahsil olmoqda. Ular orasidan fan doktori va nomzodlari ham bor. Londonda o‘qigan chevaram Diyora bugungi kunda o‘sha yerda jurnalist bo‘lib ishlaydi. Ular bilan gaplashib, shunday kunlarga shukronalar aytaman. Ayniqsa, Prezidentimiz biz, keksalarga doim g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, mukofotlar bilan siylaydi. Bu esa bizni yoshimizga yosh, umrimizga umr qo‘shmoqda. 1 may – tug‘ilgan kunimni do‘stlar davrasida katta shodiyona bilan nishonlash harakatidaman”, – deydi otaxon.

Otaxon bilan suhbatimiz uzoq davom etdi. U kishi bizga bir gapni alohida ta’kidladi.

“Biz boburiylar avlodidan bo‘lamiz. Kechagidek esimda. Uyimizda kitoblar juda ko‘p edi. Urushdan oldin 110 yoshga kirgan Qirmizi momom menga sulolamiz haqida yozilgan kitobni ko‘rsatib, ‘Bobur avlodidanmiz’ deb aytgandilar. Shuning uchun ham doimo farzandlarim, nevarayu evaralarimga shuni eslatib, ularga doimo ajdodlaringizga munosib bo‘linglar, deya uqtiraman”, – deydi Qurbonjon ota.

Davlat rahbarining joriy 23-aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu kabi insonlarga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga hissa qo‘shgan nuroniy otaxon va onaxonlar barchamizning faxr-iftixorimizdir. Qurbonjon ota singari yoshi ulug‘larimiz bizni tinchlik va osuda hayotning qadriga yetishga, Vatanga sadoqat hissi bilan yashashga chorlaydi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-04-2019, 12:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 75) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют