» » “Bu — bir kattakonning davlat tizimida yo‘lga qo‘ygan biznesi”. Termizliklar shaharda qurilayotgan nomi arzon, o‘zi sifatsiz ko‘p qavatli uylardan norozi

“Bu — bir kattakonning davlat tizimida yo‘lga qo‘ygan biznesi”. Termizliklar shaharda qurilayotgan nomi arzon, o‘zi sifatsiz ko‘p qavatli uylardan norozi


Termiz shahrining “Amu sohili” massivida aholining asosan kam ta’minlangan qatlami, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun imtiyozli kreditlar asosida beriladigan ko‘p qavatli uy-joylar qurilgan. Biroq “Qishloq qurilish injiniring” kompaniyasi nazoratida qurilib, foydalanishga topshirilganiga hali hech qancha bo‘lmagan uylardagi muammolar xonadon egalarini qiynamoqda. “Surxondaryo” telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada shu haqda so‘z boradi.

Massivdagi 16-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolardan birining ta’kidlashicha, eng birinchi muammo — eshiklar. “Yo zavoddan nosoz standart bilan chiqarilgan, yoki ustalan noto‘g‘ri o‘rnatgan. Yopilmaydi”, — deydi. Qo‘shni uyda yashovchi ayolning aytishicha, eshiklar — “quruq DSPning ustiga gulqog‘oz yopishtirilgan” bir narsa, ochilsa yopilmaydi, yopilsa ochilmaydi. “25-dekabrda xonadonni qabul qilib, kirdik. Lekin o‘shandan beri uyimizda gaz yo‘q. Chiroq har kuni o‘chadi”, — deydi uchinchi bir xonadon egasi.

Ko‘p qavatli uylar atrofida obodonchilik ishlari tugul hali oqova-kommunikatsiya tizimlari ham to‘liq tugallanmagan. Yashayotgan aholi esa, tabiiyki, hojatxona va yuvinish vannalaridan foydalanadi. Natijada kanalizatsiya quduqlari hojatxona va yuvinish xonalaridan chiqqan oqova suvlariga to‘lib, atrofga badbo‘y hid tarqatmoqda. Telekanaldagi lavha davomida uylardan birining issiq suv quvuridan iliq suv chiqayotgani, uning ham aksariyat qismi quvurlarning yaxshi o‘rnatilmagani sabab behuda oqib, isrof bo‘layotganini ko‘rish mumkin.

O‘zini “Qishloq qurilish invest” texnik nazoratchisi deb tanishtirgan Rahmonqul Karimov telekanal jurnalistlarining savollariga tuzukroq javob bera olmagan; hali foydalanishga tayyor bo‘lmagan xonadonlarga nega odamlar kiritilgani haqidagi savolga esa: “Qayerda kamchilik chiqayotgan bo‘lsa, izma-iz tugatib borilyapti”, — deb javob bergan. Bu savolga ushbu ko‘p qavatli uylarni qurishda qatnashgan “Angor Argalit” kompaniyasi rahbari Normo‘min Esanov aniqroq javob bergan — fuqarolar hali qurilishi yakunlanmagan uylarga hokimlik tomonidan kiritilgan.

“Surxondaryo” telekanalining Normo‘min Esanovga asoslanib qo‘shimcha qilishicha, qurilish korxonasi ham, viloyat “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi ham xonadonlarga o‘rnatilgan eshiklar, deraza romlari va isitish tizimi uskunalarini tanlash vakolatiga ega emas — ularning bari respublika “Qishloq qurilish invest” rahbari Hoshimbekovning ko‘rsatmalariga asosan, markazlashgan holda Toshkentdan — bitta joydan olinadi. Bu uskunalarni o‘rnatish ishlari ham Toshkentdan kelgan ustalar tomonidan amalga oshiriladi va buning uchun alohida haq olinadi.

“Xulosa shuki, qurilish tizimida erkinlik va shaffoflik yo‘q. Shu bois arzonlashtirilgan uylar ‘shu ammamga shu pochcham bo‘laveradi’ qabilida qurilmoqda. Demak, bu ham bir kattakonning davlat tizimida yo‘lga qo‘ygan biznesi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Surxondaryolik quruvchilarning, ular qurgan uylarda yashovchi aholining dardu hasratini kim eshitadi? Yaxshisi, bu masalaga javob topishni respublika va viloyat prokuraturasi xodimlari e’tiboriga havola etamiz”, — deya xulosa qilingan “Surxondaryo” telekanali lavhasida.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-04-2019, 15:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 79) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют