» » “O‘sha kuni men mast emasdim”. Qashqadaryoda chaqiruvga mast holda kelgani uchun ishdan bo‘shatilgan shifokor kasal bo‘lganini aytmoqda

“O‘sha kuni men mast emasdim”. Qashqadaryoda chaqiruvga mast holda kelgani uchun ishdan bo‘shatilgan shifokor kasal bo‘lganini aytmoqda


30-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Qoraqum qishlog‘ida shifokor chaqiruvga mast holda borganligi iddao qilingan video tarqaldi.

Video ortidan esa O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining videodagi shifokor avval ham kasb etikasiga rioya etmagani aniqlangani, u ishdan bo‘shatilganiyu, tuman tibbiyot birlashma rahbari ham jarima bilan “siylangani” to‘g‘risidagi ma’lumot e’lon qilindi.

“Daryo” muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Muborak tumanida bo‘ldi.

— 28-aprel kuni kechki payt soat 21:00 larda o‘g‘lim Dilshodda tutqanoq tutib, qaltiray boshladi, — deydi Dilshod Mamatovning onasi Matluba Ibragimova. – Bu holat birinchi marotaba bo‘lgani bois, qo‘rqib ketdik. Qo‘shnilar yordamga chiqishdi. O‘sha payt kimdir tez yordamga telefon qilib chaqiribdi. Oradan bir soat o‘tgach, soat 22:30 lar atrofida tez yordam keldi. Ammo shifokor oyog‘ida turolmaydigan darajada mast ekan. Kulgilisi shifokorning bir oyog‘ida oyoq kiyimi ham yo‘q edi. Eshikdan kirib kelishi bilan muvozanatini saqlolmay ayol qo‘shnimizning ustiga yiqilib tushdi.

Matluba Ibragimovaning bu gaplarini o‘sha kuni voqea ishtirokchisi bo‘lgan qo‘shnisi Nargiza Qurbonova ham tasdiqlab, shunday deydi: “Tez yordam shifokori uyga kirishda eshikka suyanib, oyog‘idagi “tapochka”sini yechishga urinyapti, ammo o‘sha oyog‘ida oyoq kiyim yo‘q edi. Shu darajada mastligidan bir oyog‘ida oyoq kiyim yo‘qligini hatto sezmadi ham. Damas’dan tushayotganda bir poy oyoq kiyimini mashinada qoldirgan shekilli, uyga bir poy oyoq kiyimda kirib keldi. Keyin qo‘shnilar shifokorga oyoq kiyimingizni yechgansiz degandi, o‘shandan keyin ichkariga kirdi. Eshikdan kirishda qo‘shnimizning ustiga yiqilib tushdi. O‘tiraman degandi, o‘tirolmay yana yiqildi”.

Nargiza Qurbonovaning aytishicha, shifokorni mast holda ko‘rgan qo‘shnilar shifokorga “bu holatda qanday qilib bemorga yordam ko‘rsata olasiz”, deya so‘rashgan. Shifokor esa bemorni davolay olishini bildirgan.

— Nima uchun “post”da turganda bunday ichib yuribsiz, — deya savol berganimda do‘xtir menga “men xalqning xizmatini qilib yuribman, sen nima qilib qo‘yding xalq uchun”, deya javob berdi, — deydi Nargiza Qurbonova. — Oyog‘ida oyoq kiyimi bor-yo‘qligini sezmayotgan shifokor yosh bolaning organizmidagi dardni qanday bilishi mumkin?

O‘sha kungi voqeaga guvoh bo‘lgan qo‘shnilarning ta’kidlashicha, tez yordam shifokori bilan kelgan hamshira shifokorning mast ekanligini rad etgan.

— Hamshiradan do‘xtir ichganmi deb so‘radik, — deydi Nargiza Qurbonova. – Hamshira “yo‘q ichmagan” dedi. Ammo shifokorning mast ekanligi shundoq ko‘rinib turardi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni shifokor mastligiga shubha qilgan qo‘shnilar va Dilshod Mamatovning onasi bemorni shifokorga ko‘rsatishni xohlamagan. Dilshod Mamatovning tog‘asi Shomil Ibragimov va Yodgor Aliqulov voqea bunday tus olavergach, holatni telefoniga syomka qilgan.

— Jiyanim Ahmadning farzandi Dilshodning tobi qochganligini bilganimdan so‘ng, tezda yetib bordim, — deydi Yodgor Aliqulov. – Shifokor mast bo‘lganligi bois qo‘shnilar uyga yetaklab olib kirishgan ekan. Kirsam, shifokor bemor jiyanim oldida baland ovozda gapirayotgan ekan. Jiyanim qo‘rqqanidan hatto o‘rnidan turib ketdi. Shunda shifokorga mast ekanligini aytib bu holatda jiyanimga qanday yordam berishi mumkinligini so‘radim. Do‘xtir shu holatda ham aniq tashxis qo‘yishini, yordam berishini aytdi. Shunda holatda videoga oldim.

Yodgor Aliqulovning aytishicha, o‘sha kuni ular shifokor mast bo‘lganligi sabab ham tez yordamni rad etib, “brigada”ni qaytarib yuborgan.

— Tez yordamni rad etib, jiyanimni Koson tuman tibbiyot birlashmasiga olib bordik, — deydi Yodgor Aliqulov. – Ular jiyanimga birinchi yordamni ko‘rsatishdi. So‘ngra Buxoroga olib borib davolatib keldik.

Xitoy qishlog‘ida joylashgan 24-QOP — qishloq oilaviy poliklinikasi operatori Gulbahor Mamatova 28-aprel kuni tungi 22:00 da Chorvador qishlog‘idan bo‘lgan 3-chaqiruv yashirilgan raqam orqali qabul qilinganini aytmoqda.

— O‘sha kuni tungi soat 22:00 da yashirilgan raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va Chorvador qishlog‘ida bemor ahvoli og‘irligini, tutqanoq berayotganini aytishdi, — deydi Gulbahor Mamatova. — Ammo kimsiz, bemor kim, bemorni nima bezovta qilayapti degan savollarimga javob bermasdan, “bugun qaysi haydovchi ishda” deb so‘rashdi. Haydovchini aytganimda, tanishligini telefon raqamini berishimni so‘radi. Mumkin emasligini aytishimga qaramasdan takror-takror so‘rashdi. Shunda bemor haqida batafsil aytar deya navbatchi haydovchi Qurbon Murodovning telefon raqamini berdim.

— Chaqiruvda yurgan paytimiz kechki soat 22:00 da “dispetcher”dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, — deydi o‘sha kuni chaqiruvga shifokor bilan birga borgan hamshira Roziya Nortojiyeva. – “Dispetcher” Chorvador qishlog‘idan chaqiruv tushganligini, ammo bemor kim va aniq manzili haqida aytishmaganini bildirdi. Keyin “haydovchiga qo‘ng‘iroq qilishar ekan” – dedi.

— 28-aprel kuni kechki soat 22:09 da avval yashirilgan raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, javob bermadim, — deydi tez yordam havdovchisi Qurbon Murodov. – So‘ngra ikkinchi marotaba sinfdoshim Husan Yoqubov telefon qildi. Javob bersam sinfdoshim “O‘rtoq Ahmad akaning o‘g‘li shaytonlab qoldi, chaqiruvdan ekansiz telefon qilib bildim, tez yetib keling”, – dedi. Shundan so‘ng shifokor va hamshirani Ahmad akaning uyiga olib bordim. Keyingi voqealardan xabarim yo‘q.

Qurbon Murodov “Daryo” muxbirining “Dispetcher tomonidan chaqiruv haqida xabar berilmasa ham, tanishlaringiz telefon qilsa shu tartibda chaqiruvga chiqib ketaverasizmi”, — degan savoliga javob berar ekan, dispetcher hamshiraga Chorvador qishlog‘idan tushgan chaqiruv haqida bildirganda, hamshira bilan birga bo‘lganligini va Chorvadordan bo‘lgan chaqiruv aynan shu ekanligini bilishganidan so‘ng, manzilga yo‘l olganini aytdi.

— Chaqiruv bo‘lgach, Xitoy qishlog‘idan Chorvadorga 14 daqiqada yetib bordik, — deydi haydovchi Qurbon Murodov. – O‘sha menga qo‘ng‘iroq qilgan sinfdoshim ham buni tasdiqlaydi.

Tez yordam hamshirasi Roziya Nortojiyeva hamda haydovchi Qurbon Murodovlar shifokor Eshmamat Botirovning o‘sha kuni spirtli ichimlik ichganini sezmaganini aytishmoqda.

— Chaqiruvga yetib borib, uyga kirishimiz bilan odamlar Botirov keldimi deb so‘rashdi, — deydi tez yordam hamshirasi. – Shifokor kirgach esa “Siz ichganmisiz”, deya haqoratlab ketishdi. Keyin syomka qilishdi. Xullas bemorga yordam berishimizga yo‘l qo‘yishmadi.

Tez yordam shifokori Eshmamat Botirov ham tez yordam chaqirgan kishilar “sen ichgansan” deya og‘ziga kelgan so‘zlar bilan haqorat qilishgani yetmagandek bemorga yordam berishga imkon berishmaganini aytmoqda.

— O‘sha kuni xonadonga borganimizda ikki nafar erkak va bir nafar ayol meni o‘rtaga olib sen ichgansan, deya haqoratlab ketishdi, — deydi shifokor Eshmamat Botirov. – “Bemorni olib keling” deyishimga qaramasdan bemorni ko‘rsatishmadi.

Tez yordam shifokori Eshmamat Botirov “Daryo” muxbiri bilan suhbati davomida spirtli ichimlik ichganini, faqat bir kun oldin to‘yda ichganini aytdi.

— Bir kun oldin, ya’ni shanba kuni ukam kelin tushirgandi, o‘shanda to‘yda rosa xizmat qilib toliqqanim uchun ichgandim, — deydi shifokor. – Ertasi kuni navbatchilik kunim bo‘lgani uchun ishga chiqdim. Videoda ichimlik ta’sirida ekanim aytilyapti, ammo o‘sha kuni ichmagandim.

Tez yordam hamshirasi va haydovchi Qurbon Murodovlar shifokor Eshmamat Botirov o‘sha kuni bemorga yordam berish layoqatiga ega bo‘lganligini aytar ekan, o‘sha voqeadan so‘ng yana 3 ta chaqiruvga borishganini aytishdi.

Eshmamat Botirov o‘sha kuni voqea guvohi bo‘lgan qo‘shnilarning shifokor bir poy oyoq kiyim bilan kelgandi degan iddaolariga javob berar ekan, qandli diabet kasali borligini, agar kasallik bezovta qilsa kishi xuddi mast odam kabi harakatlanishi mumkinligini aytmoqda.

— O‘sha kuni mast emasdim, qandli diabet kasalim bezovta qilganligi va to‘yda rosa charchaganim uchun karaxt ahvolda bo‘lganman, — deydi Eshmamat Botirov. — Bunday paytda haqiqatdan ham oyog‘imda oyoq kiyim bor yoki yo‘qligini ham sezmay qolaman.

Muborak tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahriddin Xudoyberdiyev ham shifokor Eshmamat Botirov 10 yildan beri qandli diabet kasalligidan aziyat chekib kelayotganini, spitrli ichimlik ichmasa ham xuddi mast odamga o‘xshab ko‘rinishiga shu sabab ekanini aytmoqda.

— Ushbu voqea ijtimoiy tarmoqlarda chiqib ketgach, 30-aprel kuni 24-sonli QOPga bordim va holat haqida so‘radim, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Bahriddin Xudoyberdiyev. – Keyin bemor xonadoniga borib, xabarlashdim. Voqea tafsilotlarini o‘rganganimda, shifokor Eshmamat Botirov bir kun oldin ichgani aniqlandi. Shu boisdan ham 30-aprel kuni Eshmamat Botirov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shifokor ishdan bo‘shatildi.

1-may kuni tuman tibbiyot birlashmasida mazkur ish yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqamasi xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bugungi kun shifokorining mas’uliyati haqida so‘z bordi.

Voqea tafsilotlarini o‘rganayotgan paytimiz qishloq ahli ham, tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari ham shifokor Eshmamat Botirovni juda yaxshi mutaxassis, tuman tibbiyoti uchun kerakli xodim deya ta’riflashdi. Shuningdek, Eshmamat Botirovning 12 yil jonlantirish bo‘limida shifokor, 16 yil bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ish olib borganini ham aytishdi. To‘g‘ri, malakali tibbiyot xodimlari yetishmay turgan bir paytda yaxshi mutaxassisdan voz kechish tuman tibbiyoti uchun juda og‘ir. Ammo qilmishga yarasha javob berilishi lozimligini ham unutmaslik kerak. Ana shundagina bu kabi holatlar takrorlanmas, shifokorlar mas’uliyati yanayam ortsa ajabmas.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-05-2019, 12:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 51) ( 0) ( 50) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют