» » Senat raisi: O‘zbekiston sug‘urta bozori nazoratdan chetda qolmoqda

Senat raisi: O‘zbekiston sug‘urta bozori nazoratdan chetda qolmoqda


Bugun, 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Yalpi majlisni Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev kirish so‘zi bilan ochib, senatorlar e’tiborini turli sohalardagi o‘z yechimini kutayotgan muammolarga qaratdi.

Xususan Senat raisi o‘z nutqida mamlakatdagi sug‘urta qonunchiligi mazmunan eskirgani hamda sug‘urta bozori e’tibordan chetda qolayotganini ta’kidladi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.

“Bundan 15 yil avval qabul qilingan va takomillashtirilmagan ‘Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida’gi Qonun sug‘urta bozoridagi zamonaviy talablarga javob bermay qolgan. 10,200 nafar professional ishtirokchi faoliyat ko‘rsatadigan sug‘urta bozorini Moliya vazirligi huzuridagi bor-yo‘g‘i 6 nafar xodim ishlaydigan sug‘urta nazorati inspeksiyasi qo‘shtirnoq ichida ‘nazorat qilmoqda’. Mazkur tashkilot o‘z zimmasidagi vakolat hamda vazifalarini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyatiga ega emas. U aksariyat hollarda tegishli hisobotlarni umumlashtirish bilangina shug‘ullanmoqda.

Oqibatda mamlakat sug‘urta bozori nazoratdan deyarli chetda qolib ketmoqda”,—  deydi Senat raisi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z fikrini quyidagi misollar bilan asosladi:

Misol uchun, Qonun bilan berilgan imkoniyat, ya’ni sug‘urta tashkilotlarining o‘z majburiyatlarini mamlakatdan tashqarida qayta sug‘urta qilishi mumkinligidan foydalanib, mazkur tashkilotlar chet eldagi sug‘urta kompaniyalariga 2017 va 2018-yillarda 275 mlrd. so‘m yoki qariyb 33 mln. AQSh dollariga teng sug‘urta to‘lovlarini o‘tkazib bergan.

Chet el kompaniyalaridan mamlakatimiz sug‘urta tashkilotlariga qayta sug‘urtalash uchun kelib tushgan sug‘urta to‘lovlari esa, e’tibor bering, shu davrda bor-yo‘g‘i 10,5 mlrd so‘mni yoki 1,2 mln dollarni tashkil etgan, ya’ni chiqib ketganiga nisbatan 30 barobar kam kirgan.

Birgina “Alfa- Invest” sug‘urta kompaniyasi ikki yilda jami 81,4 mlrd so‘m yoki 9,6 mln dollardan ziyod sug‘urta to‘lovlarini chet el sug‘urta kompaniyalariga to‘lab bergan. Biroq, chet eldan mazkur kompaniyaga bir so‘m ham kelib tushmagan.

Vaholanki, Qonundagi qayta sug‘urtalash yirik obyektlarni sug‘urtalashda sug‘urtalovchi tashkilotning o‘z imkoniyatlari yetmay qolganida, sug‘urta majburiyatini boshqa sug‘urtalovchi bilan hamkorlikda o‘z zimmasiga olish uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Holbuki, mazkur norma amaliyotda milliardlab so‘mning chetga chiqib ketishiga qo‘shtirnoq ichida “xizmat qilmoqda”.

“Ma’lumki, jahon amaliyotida yirik tavakkallarni sug‘urtalashda mamlakatdagi bir necha sug‘urta tashkilotlarini guruhlarga, jamiyatlarga yoki uyushmalarga jamlash orqali, qayta sug‘urtalash tashkilotlarini tuzish tajribasi XIX asrdayoq yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatimizda esa, shu kunga qadar bu muhim mexanizmdan foydalanilmayapti.

Yana bir holat. Ma’lumotlarga qaraganda, chet el kompaniyalari bilan qayta sug‘urtalashda ishtirok etish uchun sug‘urta kompaniyasining ustav kapitali miqdori 30 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilanganiga qaramay, mazkur talabni bajarmagan o‘nlab sug‘urta kompaniyalari bu faoliyat bilan noqonuniy shug‘ullanib kelmoqda.

Lekin sug‘urta nazorati inspeksiyasi va moliya vazirligi bunday qonunbuzarliklar bilan murosa qilib kelgan va aybdorlarga qonuniy choralar ko‘rish uchun belgilangan tartibda tegishli idoralarga murojaat qilmagan”, — deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Senat raisining fikriga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda ixtiyoriy sug‘urta hajmi bor-yo‘g‘i 4 foizga oshgan bir sharoitda undan tushadigan sug‘urta mukofotlari va sug‘urta qoplamalari deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

Bu esa, asosan davlat va davlat ulushi bo‘lgan korxonalarni sug‘urtalashda mazkur korxonalarning rahbarlari va sug‘urta agentlari o‘rtasidagi turli “kelishuvlar” orqali shaxsiy manfaatni ilgari surish holatlaridan dalolat beradi.

“E’tibor bering, mamlakatimiz sug‘urta tashkilotlarining jami kapitali 543 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ularning depozitlardagi mablag‘lari esa, 2018-yilda 54 foizga ortib, 1,1 trln so‘mga, umumiy investitsiyalari esa 2 trln so‘mga yetgan.

Qonunosti hujjatlaridagi turli to‘siq va cheklovlar esa, mazkur mablag‘lardan samarali foydalanish, jumladan, ularni sug‘urta kompaniyalarining ustav kapitaliga jalb etish imkonini bermaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun hujjatlaridagi eskirgan normalar, tafovutlar, chalkashliklar va boshqa kamchiliklar bu kompaniyalar uchun istiqbol eshiklarini yopib qo‘ygan”, — deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Shuningdek, Senat raisi kadrlar salohiyati masalasi sohadagi eng og‘riqli nuqtalardan biri ekanligini ta’kidladi:

“Bugungi kunda soha xodimlarining bor-yo‘g‘i 32 foizi oliy va 30 foizi o‘rta - maxsus ma’lumotga ega. Boz ustiga, ularning aksariyati sug‘urtaga aloqasi bo‘lmagan kasb egalaridir.

Bu kabi ko‘plab muammolar sug‘urta bozorining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu boradagi ko‘rsatkichlar G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida 8,4%ni, Sharqiy Osiyoda 6,2%ni tashkil etgan bir sharoitda mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 0,4%dan iborat”.

Qayd etilishicha, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘urta mukofotlari miqdori ham haddan tashqari kamligicha qolmoqda.

“Mazkur ko‘rsatkich qator Yevropa davlatlarida 3 ming dollar, Sharqiy Osiyoda 280 dollar, hatto Qozog‘istonda 50 dollarga yetgan bir paytda mamlakatimizda 6 dollardan oshmayapti.

Savol tug‘iladi: Nahotki, Hukumatning iqtisodiyot kompleksi rahbariyati, xususan Moliya vazirligi milliy sug‘urta bozorida yillar davomida yuzaga kelgan shunday ayanchli holatdan bexabar bo‘lsa ?

Zamon talablariga mos ravishda amaldagi qonunchilikni takomillashtirib, ham milliy sug‘urta bozorini rivojlantirish, ham milliardlab so‘m mablag‘ni iqtisodiyot rivojiga safarbar etish to‘g‘risidagi tashabbuslar nega shuncha paytda buyon ilgari surilmadi?

Umid qilamizki, Vazirlar Mahkamasi bu borada o‘z munosabatini   bildiradi”, — deydi Senat raisi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-05-2019, 11:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 111) ( 0) ( 109) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют