» » Yulduz Usmonovaga raddiya, qo‘riqchi yigitlarga dakki, shlyapa kiygan mezbon. Jahongir Otajonovning konsertidan fotoreportaj

Yulduz Usmonovaga raddiya, qo‘riqchi yigitlarga dakki, shlyapa kiygan mezbon. Jahongir Otajonovning konsertidan fotoreportaj


Xonanda Jahongir Otajonov 11—13-mart kunlari “Turkiston” san’at saroyida o‘zining navbatdagi konsert dasturini taqdim etdi. Dasturda mehmon bo‘lgan jurnalist Feruz Muhammad konsert haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Biz Jahongir Otajonovning “Turkiston” saroyidagi konsertlarini ko‘rmaganmiz. “Istiqlol” sahnasida o‘zini butunlay erkin tutadigan, xohlasa raqsga tushib, xohlasa zalda muxlislari bilan “selfi-taym” qiladigan xonanda “Istiqlol”dan deyarli uch-to‘rt barobar kichik “Turkiston”ning qishki zalida o‘zini qanday tutishi biz uchun juda qiziq edi.

Xonanda “Turkiston” sahnasida butunlay o‘zgacha ko‘rinishda paydo bo‘ldi. Bunday ko‘rinishda uni avval hech qayerda ko‘rmaganmiz. Boshda qora shlyapa, ko‘zda maxsus ko‘zoynak, egnida bosh yopinchig‘li plash bilan u butunlay boshqacha Jahongir Otajonovga aylanib, o‘ta zamonaviy xonandaning ko‘rinishini o‘zida aks ettirdi.

“Istaysizmi, yo‘qmi” nomli qo‘shiq bilan boshlangan dastur “Gunohim”, “Sog‘indim yomon”, “Mushtoqman”, “Alam”, “Ko‘rdingmu” kabi taronalar bilan davom etdi.

“Bu safargi konsertimizda yangi qo‘shiqlar deyarli bo‘lmasligi haqida internetdagi sahifalarimda va konsert oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgandim. Ustoz shoir Muhammad Yusuf qalamiga mansub ‘Lola, lolajonim, lolaqizg‘aldoq’ she’rini kuyga solganmiz — bu konsertimizdagi kamsonli yangi qo‘shiqlardan biri”, — deya, xonanda dasturga nomi berlgan “Lola” taronasini kuyladi.

Shuningdek, Yulduz Usmonova tomonidan bir necha yil avval kuylangan “Xorazmlik qizlar bosdi Toshkandini” nomli qo‘shiqqa javoban Jahongir Otajonov tayyorlagan va konsert arafasida, hali chiqmasidan katta shov-shuvga aylangan tarona ham joriy dasturning yangiligi bo‘ldi.

“Bu qo‘shiq she’ri O‘ktam Davletov tomonidan yozilgan. Ular, qo‘rqqanlaridanmi: ‘Men bu she’rni osmondagi yulduzga atab yozganman’, degan edi. Men esa shu sahnadan turib, bu qo‘shig‘im Yulduz Usmonovaga atab kuylanganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytib o‘tmoqchiman. O‘sha vaqtda ularning qo‘shiqlari meni g‘ururimga tekkan. Ularni ijodini juda hurmat qilaman, shuncha yillab muxlislar e’tiboridan qolmaslik uchun juda katta mehnat qilish kerakligini yaxshi bilaman. Aprel oyida konsert berayotgan ekanlar, konsert dasturlariga ham omad tilayman”, — deya, Jahongir Otajonov “Yulduz tugul, oy chiqolmas tizlariga” nomli qo‘shiqni kuyladi.

Yulduz Usmonovaga javob tariqasida kuylangan qo‘shiq konsertning kulminatsion nuqtasi bo‘ldi, deya olmaymiz. Sababi, dasturda kuylangan qo‘shiqlarnig bari o‘z vazni, o‘lchovi jihatidan boshqasidan qolishmaydi. Axir har bir taronaning so‘zi klassik adabiyotimizning ko‘zga ko‘ringan namunalari hisoblanadi.

Jahongir Otajonovning konsertlarida qo‘riqchi yigitlar bilan bog‘liq qiziq holatlar ko‘p bo‘ladi. Masalan, ularning hech biri xonandachalik tez yugura olmay, undan orqada, xonandani quvib yurishga majbur. Xonandaning yozda bo‘lgan konsertida qo‘riqchi yigit xonandani muhofaza qilishga uringanida, konsert egasi: “Iltimos, muxlislarga qo‘pol muomala qilmang, meni bu yerda 4200 nafar qo‘riqchim bor”, degani yodimizda.

Bu safar undan ham qiziqroq holat yuz berdi. Zalga tushgan xonandani o‘rab olgan qo‘riqchi yigitlarga qarab xonanda: “Tushunmadim, meni qo‘riqlaydigan yigitlar o‘zimga xalaqit qilyapti. Men muxlislar bilan ishlashim kerak”, — deya, yana bir bor ularga dakki berdi.

“Yolg‘onchi yor”, “Sen meni o‘zingga o‘rgatib qo‘yma”, “Jin”, “Ayol”, “Qo‘shiqchi”, “Xorazmcha”, “Oq bulutlar” kabi qo‘shiqlar dasturni, muxlislar kayfiyatini baland pardada ushlab turdi.

Faqat bir marotaba zalga tushgan xonanda butun zalni tik turib, qarsak chalishiga sababchi bo‘ldi. Xonandaning muxlislari ham o‘ziga o‘xshaydi — unga o‘xshab raqsga tushishga, kuylashga harakat qiladi.

Xonanda ko‘plab muxlislarining iltimosini inobatga olgan holda, bu safar konsertini videoga olinishiga ruxsat berdi. Uch kunlik konsert to‘liq suratga olindi. Jahongir Otajonov so‘nggi 10 oy ichida uch marta konsert berishga ulgurdi va birinchi marta o‘z konsertini videoga oldirdi.

“Gullar” deb nomlangan tarona bir nafasda o‘tgan dasturining so‘nggi qo‘shig‘i bo‘ldi.

Опубликовано: admin (17-03-2017, 21:13)
+1 (голосов: 3)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 84) ( 0) ( 82) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют