» » Zelenskiy Poroshenkoni mehmonxonadan shippak o‘g‘irlaydigan sayyohga qiyosladi

Zelenskiy Poroshenkoni mehmonxonadan shippak o‘g‘irlaydigan sayyohga qiyosladi


Ukraina prezidenti etib saylangan Vladimir Zelenskiy Pyotr Poroshenkoni Misr mehmonxonasini tark etish oldidan shippak va sochiqni o‘g‘irlaydigan sayyohga qiyosladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

NewsOne telekanali orqali efirga uzatilgan murojaatida, Zelenskiy Poroshenko faqat o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qilayotgani va Ukraina hukmron doiralarida faol o‘zgarishlarni amalga oshirayotganini, xususan, Milliy teleradioeshittirishlar kengashi rahbarligiga, Oliy sud sudyalari lavozimlariga “o‘z odamlari”ni qo‘yishga, shuningdek, alohida zobitlarga generallik unvonlarini berishga urinayotganini ta’kidladi.

Zelenskiy deputatlardan uning inauguratsiyasini 19-mayga belgilashni talab qildi. Yangi saylangan prezidentning ta’kidlashicha, bu — xalq istagi, Oliy Rada (Ukraina parlamenti) a’zolari esa, o‘z qasamyodlariga muvofiq, faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida harakat qilishlari lozim.

“Bu menga Misr mehmonxonasidagi sayyohni yodga solyapti: ertaga uyga ketish kerak, jomadonlar tayyor, xona yig‘ishtirilgan va bunday holatda tarbiyali inson aeroportga transferni kutadi. Lekin Poroshenko emas. U hech to‘xtay olmay, sochiq, shippaklar va shvedcha dasturxondagi hamma yeguliklarni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ladi. Sizdan o‘tinib so‘rayman: kalitni topshiring, mini-bar uchun hisob-kitob qiling-da — olg‘a! Hali oldinda bojxona va pasport nazoratidan ham o‘tishingiz kerak”, — dedi Zelenskiy.

O‘z navbatida, Poroshenko ma’muriyati yangi saylangan prezident o‘z vakolatlarini bajarishga kirishguniga qadar mamlakatdagi vaziyat uchun amaldagi davlat rahbari mas’ul ekanini eslatib o‘tdi. “Ukraina — janob Zelenskiyga ko‘ringanidek Misr mehmonxonasidagi bir xona emas”, — deyiladi ma’muriyat bayonotida.

Poroshenko so‘nggi kunlarda bir qator lavozim tayinlovlarini amalga oshirdi. Xususan, Milliy gvardiya rahbari, Donbassdagi harbiy operatsiya qo‘mondoni va Prezidentni qo‘riqlash xizmati boshlig‘ini almashtirdi, Oliy aksilkorrupsiyaviy sudning 38 nafar sudyasi va Ukraina Milliy xavfsizlik kengashining yangi a’zosini tayinladi. Bundan tashqari, Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakni “Ukraina qahramoni” unvoni bilan taqdirladi va bir qator harbiy xizmatchilarga generallik unvonlarini topshirdi.

Zelenskiy inauguratsiyani 19-may kuni o‘tkazishni talab qilmoqda. Biroq “Pyotr Poroshenko bloki” fraksiyasi tantanali marosimni 1-iyunga belgilashni taklif qilmoqda. Yangi saylangan prezidentning qasamyod qilish marosimi aynan qachon o‘tkazilishi Oliy Radaning 14-may kuni ochiladigan yalpi haftaligida ma’lum bo‘ladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2019, 19:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 87) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют