» » Aholi Qarshi tumangaz filialini aholiga gaz tarqatishda g‘irromlik qilishda ayblamoqda

Aholi Qarshi tumangaz filialini aholiga gaz tarqatishda g‘irromlik qilishda ayblamoqda


“Daryo”ga Qarshi tumanining “Xoniyon” mahallasida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatchilarning ma’lum qilishicha, tuman aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlashda tumangaz g‘irrom yo‘lni tanlagan. Hudud va manzil tuman markazidan bir xil uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, aholini tabiiy gaz bilan ta’minlashda “sizdan ugina bizdan bugina” degan aqidaga amal qilishgan.

Aholining tumangaz rahbariyatiga qo‘yayotgan ayblari qanchalik asosli ekanligini bilish va muammoni joyida o‘rganish maqsadida “Daryo” muxbiri Qarshi tumanining Xoniyon mahallasida bo‘ldi.

— 2016-yil 9-mart kuni mahallamiz aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi gaz tarmog‘idan uzildik, — deydi “Xoniyon” mahallasida yashovchi aholi vakillaridan biri Adham Saidov. – Ertasiga, ya’ni 10-mart kuni esa buni rasmga oldim va gaz nima uchun uzilganligi bilan qiziqdim. Aytishlaricha, kun isib ketgani bois uzib qo‘yishgan bo‘lib, qish mavsumi kelganda yana ulashar ekan. Ko‘ngil xotirjam bo‘ldi. Ammo ming afsuski gaz qayta ulanmadi. Yana so‘rab borsak, “tuman hokimining 2016-yil 24-oktabr kuni gaz bosimi past bo‘lgan hududlarni tabiiy gazdan uzish to‘g‘risidagi farmoyishi qabul qilingan”, deyishdi. Ayni kunga qadar murojaat qilmagan tashkilotimiz qolmadi. Qayerga borsak, bizga o‘sha farmoyishni ko‘ndalang qilishadi. Holbuki, tuman hokimining farmoyishi 2016-yil oktabr oyida chiqqan, bizning mahallamiz gazi esa 2016-mart oyida uzilgan-ku?

Ma’lum bo‘lishicha, 2015-yildan e’tiboran Qarshi tumangaz filiali mas’ullari tumanning “Cho‘li ota” hududidagi mahallalarni tabiiy gazga ehtiyoj kam bo‘lgan payt — bahor va yoz oylarida gaz tarmog‘idan uzib, qish mavsumi oldi ulashga odatlangan. Ammo 2016-mart oyida uzilgan gaz 2018-yil sentabr oyida “Jumabozor”ga qaytib kelsa-da, “Xoniyonga” kelmagan. Buning sababi bilan qiziqqan fuqarolarga esa viloyat hokimligidan bir xil javoblar kela boshlagan.

Javob xatlarida mutasaddilar tomonidan Qarshi tuman hokimining 2016-yil 24-oktabrdagi 115-F sonli farmoyishi bilan tumanning boshqa hududlari qatori “Xoniyon” MFYdagi 173 ta xonadon ham tabiiy gaz bosimi past bo‘lganligi bois 2016-yilning noyabr oyidan e’tiboran tabiiy gazdan uzilganligi, ayni kunda suyultirilgan gaz bilan ta’minlanganligi aytiladi. Ammo hech qaysi tashkilot yoki mutasaddi farmoyishda ko‘rsatilgan “Xoniyon”dagi 173 ta xonadondan tashqari (“Xoniyon”da jami 840 ta xonadon mavjud) 667 ta xonadon gaz bilan ta’minlanganmi, nega ular ham gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilganligi haqida lom-lim deyishmaydi. Bundanam qizig‘i tuman hokimi gaz bosimi past bo‘lgan hududlar gazini uzish, uzishdan avval ham aholini bir oy oldin ogohlantirish kerakligini aytib, farmoyish beryapti. Shoshqaloq gazchilar esa “Xoniyon”dagi 173 ta xonadon emas, butun xoniyonliklarni 2016-yil 9-mart kuniyoq gazdan mahrum qilishga ulguryapti.

Qarshi tumangaz filiali rahbari Zafar Gulovdan bu holatga izoh so‘raganimizda, u o‘sha paytda rahbar bo‘lib ishlamaganligini, buning sababini bilmasligini bayon qildi.

— Nima uchun aholi tuman hokimi farmoyishidan oldin gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan buni bilmayman, — deydi Zafar Gulov. – Chunki o‘sha payt tumangazda rahbar boshqa kishi bo‘lgan.

“Xoniyon” mahallasidan ismi ochiqlanishini istamagan suhbatdoshlardan birining “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, 2018-yil “Jumabozor” mahallasiga gazni qayta ulash uchun xonadonlardan 400 ming so‘mdan 17 million so‘m pul yig‘ilgan.

Xoniyonlik suhbatdoshning bu fikrini “Jumabozor” mahallasida yashovchi fuqaro ham (fuqaroning ism-sharifi tahririyatga ma’lum, ammo o‘zi istamagani uchun ochiqlamadik) tasdiqlab shunday dedi: “Haqiqatdan ham gazni qishloqning bu boshidan tortib kelamiz deyishgani uchun har bir xonadon 400 ming so‘mdan pul berganmiz, pulni ko‘chaboshi Ro‘zimurod aka yig‘ib olgan”.

Ushbu mahallada yashovchi Zuhra Yorqulova xonadoni gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilganligini ko‘rib, boisini so‘radik.

— Qo‘shnilarimiz gaz uchun 400 ming so‘mdan pul yig‘ib yurishgan ekan, — deydi Zuhra Yorqulova. – Ammo bizning sharoitimiz bo‘lmagani uchun pul berolmadik va gaz bizning xonadonga ulanmadi. Ammo qishda gazsiz juda qiynaldik.

Jumabozorlik yana bir suhbatdosh Musa Bozorov xonadoni esa gaz uchun pul yig‘ilganligini inkor etdi.

— Gaz uchun hech qanday pul yig‘ilgani yo‘q, — deydi Musa Bozorov. – Mana bizda gaz borku, hech kimga pul berganimiz yo‘q.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan sobiq ko‘chaboshi Ro‘zimurod O‘rinboyev “Jumabozor” mahallasiga gaz keltirish uchun 43 ta xonadondan 17 million so‘m pul yig‘ilganini tasdiqladi. Va pul yig‘ilganligi to‘g‘risidagi ro‘yxatni ham taqdim etdi.

— 2016-yil mart oyida uzilgan gazimiz 2018-yil 15-sentabrda ulandi, — deydi Ro‘zimurod O‘rinboyev. — Mahalladagi 2 ta ko‘cha menga qarardi. Shu 2 ta ko‘chadagi 43 ta xonadondan 400 ming so‘mdan 17 million so‘m pul yig‘dim. Va qishloqning bu boshidan 400 metrdan ortiq “truba” tortib, gazni qayta uladik. Qolaversa, yig‘ilgan pul hisobidan ishchilarga ovqat olib berganman. Yana boshqa xarajatlar ham aynan shu puldan qilingan.

Ro‘zimurod O‘rinboyevga ko‘ra, “Jumabozor”ga kelib turgan gaz tarmog‘i uzilib, boshqa joydan 400 metrdan ortiq “truba” tortilishi “Xoniyon” mahallasidagilarga gaz bermaslik maqsadida qilingan. Sobiq ko‘chaboshi Ro‘zimurod O‘rinboyevning qo‘shimcha qilishicha, buni ularga tumangaz xodimlari Shuhrat Sanayev va Xurshid Ziyodullayevlar maslahat bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yil sentabr oyida “Jumabozor” mahallasidagi xonadonlarga gaz berilgan. MFY raisining ma’lumot berishicha, ayni kunda MFYdagi 520 ta xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Yana 185 ta xonadon ham tabiiy gazga ulanish niyatida. Tumangaz filiali rahbari Zafar Gulovning hisob-kitobiga ko‘ra esa, ayni kunda “Jumabozor”da 345 ta xonadonda gaz bor. Demakki, ushbu mahalladagi 175 ta xonadon tabiiy gazdan foydalanib kelayotganligini hatto tumangaz rahbari ham bilmaydi. Ajabo...

Ko‘z o‘ngida adolatsizliklar bo‘layotganiga chiday olmagan “Xoniyon” mahallasidagi 4–5 ta xonadon boshliqlari ham gazga ulanish uchun yugur-yugurni boshlab yuboradi. Tashkilot rahbarlariga murojaat yo‘llaydi. Ayni voqealar ro‘y berayotgan paytda tumangaz xodimlari Shuhrat Sanayev va Xurshid Ziyodullayevlar gaz o‘tkazishda tashkilotchilik qilayotgan ko‘chaboshi Ro‘zimurod O‘rinboyega maslahat beradi.

— Shuhrat Sanayev menga “Xoniyon”dagi 4–5 ta yozuv-chizuv qilib yurganlarga ham gaz bering”, dedi, — deydi Ro‘zimurod O‘rinboyev. — Men Adhamlarga (Murojaatchi Adham Saidov nazarda tutilayapti) xarajatini to‘langlar, deb aytdim. Yo‘q deyishdi. Keyin “raygaz”dagilar “Xoniyon”dagi 5 ta xonadon gaz olmagan bo‘lsa, trubani kesib oling, u yoqqa gaz bormasin”, dedi. Keyin men kesib oldim. Mana endi gaz ulatolmay yugurib yuribdi.

Jurnalistik surishtiruvlarimiz davomida Qarshi tuman hokimining 2018-yil oktabr oyida tayyorlangan, ammo imzolanmagan “Xoniyon” MFYdagi 76 ta, “Bodomzor” MFYdagi 108 ta va “Quyi Beshkent” MFYdagi 32 ta xonadonga tabiiy gaz berilishi kerakligi haqidagi farmoyishi nusxasi qo‘limizga tushib qoldi.

Surishtirsak, xoniyonliklarning dardu-hasratiga hamma ham jim qaramagan. “Oblgaz” xodimlari ushbu hudud muammosini o‘rganib chiqib, aholiga tabiiy gaz berish imkoniyati borligi haqida dalolatnoma qilgan. Va tuman hokimligiga agar farmoyish chiqarib berishsa, hudud aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash imkoniyati borligi ma’lum qilingan xat berilgan. Qarshi tumangaz filiali rahbari Zafar Gulovning guvohlik berishicha, “Oblgaz” xodimlari tomonidan tuzilgan ushbu dalolatnoma ham, tuman hokimligiga berilgan xat ham o‘rinbosarning “o‘ylamay qilgan ishi” bo‘lib chiqqan. Alal oqibat yaxshi niyatda tayyorlangan farmoyish hokim tomonidan imzolanmay qolgan. Oqibati esa o‘zingizga ma’lum.

Xoniyonlik O‘g‘il Ubaydullayevaning aytishicha, aholi qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirish holati 2018-yil dekabr oyida ham takrorlangan.

— Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi kutilayotgan payt respublikadan ishchi guruh keldi, — deydi O‘g‘il Ubaydullayeva. – Ishchi guruh vakillariga gaz muammosini aytdik. O‘rganishdi. Keyin mas’ullar “mayli, gaz trubalarini ta’mirlang, gaz beramiz” deyishdi. Qishloqdoshlar gaz “truba”larni ta’mirlab chiqdik. Hamma xursand edi. Prezidentimiz qaytib ketganlaridan so‘ng, yana “gaz yo‘q ulab berolmaymiz”, deyishdi. Keyin bilsak, rahbarlar bizni hech qayerga murojaat qilishmasin deb, vaqtincha tinchlantirib turish uchun va’da berishgan ekan.

Zafar Gulovning ma’lumot berishicha, 2014-yil tumanda tabiiy gazdan foydalanuvchilar soni 24 ming xonadonni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni kunda tumanda 6 mingta xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlangan. 6 mingta xonadonning 3100 tasi 64 ta ko‘p qavatli uyda istiqomat qiladi.

Xoniyonliklarning 2016-yil mart oyida uzilgan gazi hamon ulab berilmaganligi, “Jumabozor” MFYdagi 43 ta xonadondan 17 million so‘m pul yig‘ilishi hamda bu jarayonlar ketayotgan paytda voqealar markazida tumangazning 2 nafar xodimi ko‘rinish bergani va eng ajablanarlisi “Jumabozor” MFYdagi gaz iste’molchilari soni tumangaz rahbariyati nazdida 345 ta-yu, amalda 520 ta xonadon ekanligi har qanday kishini taajjublantirishi, shubhalantirishi tayin-ku. Xo‘sh bu borada mutasaddilar, ushbu ishga mas’ul huquq posbonlari qanday fikrda?

“Daryo” tahririyati mas’ullardan javob kutib qoladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-05-2019, 19:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 68) ( 0) ( 67) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют