» » AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi qasamyod qabul qildi (video)

AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi qasamyod qabul qildi (video)


Uzoq yillar AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatida muhim rol o‘ynab kelgan Daniel Rozenblum O‘zbekistonga yangi elchi sifatida qasamyod qildi. Bu haqda “Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomovaga asoslanib, O‘zA xabar berdi.

“Elchi may oyi oxirigacha Toshkentga borish niyatida. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘i topshirgach, to‘liq faoliyatini boshlaydi”, — deyiladi xabarda.

Qasamyodidan keyingi nutqida Rozenblum AQSh va O‘zbekiston mushtarak manfaatlarga ega va ular yo‘lida “sidqidildan xizmat qilaman”, dedi.

2018-yilning 23-avgust kuni Rozenblum AQSh Senati qoshida so‘zlab, o‘z maqsadlarini tushuntirgan edi.

18-sentabr kuni Senatning Tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi tasdig‘idan o‘tdi. Lekin uning nomzodi palatada ovozga qo‘yilmadi, chunki noyabr oyida yangi Kongress saylandi. Tarkibi o‘zgargan Senat 11 aprel kuni uning nomzodini ma’qulladi.

O‘tgan oktabr oyidan beri AQShning Toshkentdagi bosh diplomati vazifasida Alan Meltzer ishlab kelmoqda. U aslida elchi o‘rinbosari.

“Butunlay suveren O‘zbekiston kim bilan qanday hamkorlik qilishni erkin tanlay olishi Amerika manfaatlari uchun xizmat qiladi”, – degan edi Rozenblum Senatdagi nutqida. Bugungi nutqida ham shuni ta’kidladi.

Erkinlik va qonun ustuvorligi targ‘iboti uning asosiy maqsadlaridan biri va Rozenblum fikricha, O‘zbekistonni yorqin kelajak tomon yetaklovchi eng muhim omillar ham aslida shu.

– Respublikada, – deydi diplomat. – Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida keng qamrovli islohotlar boshlangan. Ularning ijobiy natijalar berishi uchun AQSh o‘z hissasini qo‘shishi, O‘zbekiston xalqini yaqindan quvvatlashi kerak. Ustuvor vazifam albatta, Amerika manfaatlarini himoya qilish, amerikaliklar xavfsizligi va elchixona ravnaqini ko‘zlash.

Lekin elchi o‘z oldiga besh maqsadni qo‘ygan.

Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash, mintaqa xavfsizligini himoya qilish, xalqaro muammolarga qarshi kurashda faollik ko‘rsatish. O‘zbekistonda islohotlar jadallashishi yo‘lida harakat qilish. Hozirgiga qaraganda barcha jabhalarda ko‘proq madad ko‘rsatish.

Amerika xususiy sektorini jalb etib, investitsiya qilish uchun zarur sharoit yaratilishida ko‘maklashish.

Inson huquqlari va erkinligini targ‘ib qilish. Ijobiy o‘zgarishlarni olqishlab, kamchilik va muammolarni konstruktiv tarzda tanqid qilib, tizim yaxshilanishiga hissa qo‘shish.

Ikki xalqni yaqinlashtirish - turli almashinuv dasturlari, madaniy va ilmiy dasturlar orqali yoshlarga imkoniyatlar yaratish, hamjihatlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash.

Rozenblum 2014-yildan beri AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan diplomatiyasiga bosh-qosh edi. Ungacha davlat departamentida turli boshqa lavozimlarda ishlagan, xususan Markaziy Osiyo bilan ham shug‘ullangan.

Kasaba uyushmalari va mehnat huquqlari bo‘yicha ham tajriba ega, chunki bu yo‘nalishlarda ham xizmat qilgan.

Rozenblum AQShning nufuzli Yel va Jons Hopkins universitetlarini bitirgan. Ogayo shtatidan ziyoli oilasidan chiqqan. Oilali, ikki farzandi bor.

Bu - Rozenblumning birinchi elchilik lavozimi. Senatorlar uni Afg‘oniston yuzasidan O‘zbekiston bilan hamkorlik qanchalik muhim, deya savolga tutgan.

Demokrat senator Jin Shahin O‘zbekiston o‘zgarayotgani, “ochilayotgani biz uchun juda ijobiy xabar va bundan bag‘oyat mamnunmiz”, - degan edi.

Boshqa senatorlar ham o‘xshash fikrda. O‘zbekiston-AQSh aloqalari mustahkam bo‘lishi kerak, bugungacha erishilgan yutuqlarni boy bermaslik lozim, yangi elchidan bir tomondan hamkorlikni yanada kuchaytirish, ikkinchi tomondan esa AQSh uchun muhim qadriyat va maqsadlarni olg‘a surish kutiladi.

Rozenblum bugungi qasamyod marosimida bu masalalarga birma-bir to‘xtaldi va zimmasidagi vazifalarni yaxshi tushunishini aytdi.

Vashington siyosiy doiralari Rozenblumning O‘zbekistonga elchi sifatida ketayotganidan xursand. Toshkentda ham munosabat ijobiy. Respublika rasmiylari o‘zlariga tanish odam elchi bo‘lib kelayotganidan mamnun. O‘zbekiston hukumatida Pamela Spratlen elchiligida oldinga qo‘yilgan ulkan qadamlar davom etaveradi, degan umid bor.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (14-05-2019, 12:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 96) ( 0) ( 93) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют