» » Po‘lat Bobojonov: “Kunim o‘tsa bo‘ldi” deydigan xodim IIV tizimida ishlay olmaydi

Po‘lat Bobojonov: “Kunim o‘tsa bo‘ldi” deydigan xodim IIV tizimida ishlay olmaydi


“Hurriyat” mustaqil gazetasining 22-may 11-sonida O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov bilan nashr bosh muharririning suhbati chop etildi, deb yozadi O‘zA.

Suhbatda asosan bugunning dolzarb masalalariga e’tibor qaratilgan. Hozirgidek dunyo tahlikalar ichra qalqib turgan, siyosiy nizolar, axborot xurujlari, xalqaro terrorizm va ekstremizm xurujlari avj olgan bir davrda ichki ishlar organlarining mas’uliyati yanada oshadi. Maqolada tizim xodimlarining bugungi murakkab davrdagi mas’uliyatidan tortib, sohada davom etayotgan islohotlar va uning samaralari haqida so‘z boradi.

“Endi eskichasiga ishlab bo‘lmaydi, – deydi vazir kadrlar almashinuvi haqidagi savolga javoban. – Kabinetda o‘tirib buyruqbozlik qilish zamoni o‘tdi. Rahbar xalqning ichida bo‘lishi, uning dardu tashvishini yaxshi bilishi, xuddi o‘z dardu tashvishi deb bilishi lozim. Bu borada Yurtboshimizdan o‘rnak olishimiz kerak. Boshqalarga ‘boshchilik qilaman’ degan odam izlanuvchan, tashabbuskor, talabchan bo‘lishi, kezi kelganda g‘amxo‘rlikni ham o‘rniga qo‘yishi, sohaga innovatsion yondashishi, yangicha fikrlashi lozim. Ana shu talablarga javob bera olmaydigan rahbarlar bilan ‘xayrlashyapmiz’. Qolaversa, yosh kadrlarga ishonch bildiryapmiz. Ammo ishni eplolmasa, ularni ham ayab o‘tirmaymiz.

Nafaqat rahbarlar, balki oddiy xodimlarga nisbatan ham talab yuqori. Bugungi kunda o‘z ustida ishlamaydigan, kasb mahoratini, bilimlarini tinimsiz oshirib bormaydigan, ‘kunim o‘tsa bo‘ldi’ deydigan xodim tizimimizda ishlay olmaydi. U fidoyi, halol, g‘ayrat-shijoatli, eng asosiysi, xalqqa xizmat qiladigan xodim bo‘lishi darkor. Faqat o‘zining manfaatini, tinchini o‘ylaydigan xodim ham, rahbar ham bizga kerak emas. Zamonning talabi – shu”.

Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning ham o‘ziga yarasha huquqlari bor. Bundan besh-o‘n yil avvalgi JIEMlar bilan bugungi muassasalar o‘rtasida qanday farq bor? Ushbu savolga vazir quyidagicha javob bergan:

“Xalqchil siyosat va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan jarayonlar jazoni ijro etish tizimini ham chetlab o‘tgani yo‘q, albatta. O‘tgan davr mobaynida bu sohada ham qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularning tub negizida bilib-bilmay jinoyat sodir etgan shaxslarning qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, jazo muddatini o‘tashi uchun qulay muhit yaratish maqsadi mujassam.

Xabaringiz bo‘lsa kerak, Toshkent shahridagi 1-son Tergov hibsxonasi xalqaro standartlar asosida qurilgan yangi binoga ko‘chirildi. Bu yerda tergovchi va advokatlar xonalari tashkil etilib, advokat xonalaridan tashqari zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlandi. Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida nafaqat mazkur hibsxona, balki respublikamizdagi mavjud barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalariga zamonaviy videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi. Bu esa jazoni ijro etish joylarida saqlanayotgan va jazo muddatini o‘tayotgan fuqarolarning jinoyat-ijroiya qonunchiligida belgilangan huquq va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish, ular bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarda belgilangan qonun talablaridan chetga chiqmaslik, tergov jarayoni va saqlash sharoitlarining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.

2017-yil 11-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ‘Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’gi qarori qabul qilindi. Mazkurqarorda belgilangan vazifalar doirasida o‘tgan davr mobaynida jazoni ijro etish tizimi faoliyati tubdan takomillashtirildi. Jumladan, bir qator koloniyalarda mahkumlar yotoqxonalari va yordamchi binolar bugungi kun talablari asosida yangidan qurilib foydalanishga topshirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishlifarmoyishiga asosan 16 ta mahkumlar yotoqxonasi, uchta yordamchi bino va inshootlar qayta ta’mirlandi. Ayni paytda ham bu kabi qurilish-ta’mirlash ishlari jadal davom ettirilib, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar yotoqxonalari, yordamchi binolar bosqichma-bosqich bugungi kun talablari asosida qayta qurilib, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda”.

Prezidentimiz o‘tgan yillarda soha xodimlari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ayrim hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt aniqlash ishlari qoniqarli emasligini ta’kidlagan edi. Po‘lat Bobojonov hozirgi kunda jinoyat va huquqbuzarliklar soni va turlari bo‘yicha hududlardagi mavjud muammolar haqida to‘xtalib, jumladan shunday deydi:

“Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, har qancha choralar ko‘rilishiga qaramay, jinoyatga moyil shaxslar bo‘ladi. Ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlari boshqa sohaviy xizmatlar xodimlari, jamoat tashkilotlari vakillari bilan birga joriy yilning o‘tgan davrida respublikamizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va ularning oldini olish bo‘yicha bir qator tizimli profilaktik tadbirlar o‘tkazdi. Bular natijasida jinoyatchilik keskin kamayishiga erishildi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizda barcha yo‘nalishlarda 6577 jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,6 foizga yoki 3043 taga kamaydi. Shundan, og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar 17,1 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 39,5 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20,9 foizga qisqardi.

Biroq jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini ‘Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati’ tamoyili asosida muhokama qilish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlar samarali tashkil etilmagani oqibatida ayrim mintaqalarda muayayn turdagi jinoyatlarning oshishi kuzatildi. Masalan, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar respublika bo‘yicha 13,1 foizga kamaygan bir paytda Toshkent shahrida 7,7 foizga, Jizzax viloyatida 25 foizga, Surxondaryo viloyatida 36,4 foizga oshgan”.

Suhbat so‘ngida vazir kitobxonlik va bugungi matbuotga munosabatini ham bildirib o‘tgan.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-05-2019, 11:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 91) ( 0) ( 90) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют