» » Axborot xavfsizligi jamoatchilik e’tiboriga muhtojmi?

Axborot xavfsizligi jamoatchilik e’tiboriga muhtojmi?


Bir muddat ilgari jurnalist Eldar Asanovning shaxsiy axborot xavfsizligi, shuningdek, ekstremistik kontentdan uzoq yurish masalasiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilingan edi. Ushbu maqolada axborot xavfsizligi bilan davlatning tegishli idoralaridan tashqari, har bir kishining o‘zi ham shug‘ullanishi lozimligi ta’kidlangan edi. Navbatdagi maqolada muallif ushbu jarayonda ishtirok etadigan yana bir aktor — jamoatchilik va nodavlat tashkilotlariga to‘xtalib o‘tadi.

Butun dunyoda, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham davlatning tegishli tuzilmalari axborot xavfsizligi masalalariga, onlayn ekstremistik faoliyatga qarshi kurashga yil sayin ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Albatta, tahdidlar ham o‘sib bormoqda. Ammo bu jarayonda davlat idoralari yordamga muhtoj. Aholi bilan aloqada bo‘lish, odamlarga axborot xavfsizligini, bu bilan bog‘liq muammolarni sodda tilda tushuntirish oson emas.

Birinchidan, ekstremistik faoliyatga qarshi kurash olib boradigan, axborot xavfsizligi uchun javob beradigan davlat amaldorlari doim ham aholi bilan yaqindan aloqa qilish tajribasiga ega bo‘lavermaydi. Tarixan shakllangib qolgan odatlarga ko‘ra, shuningdek, axborotning nozikligi bois ular o‘z faoliyati haqida to‘liq ma’lumotlarni doim ham oshkor qila olmaydi, bu esa ochiq muloqotga zarar keltirishi mumkin.

Ikkinchidan, jamoatchilik orasida ma’lum darajada davlat idoralariga nisbatan ishonchsizlik borligi hech kimga sir emas. Buning sababi har xil bo‘lishi mumkin, lekin ishonchsizlik, davlat idoralari vakillari bilan masofa saqlashga urinish kabi holatlar, juda keng tarqalmagan bo‘lsa-da, uchrab turadi.

Aholi bilan ishlash, aholi orasida axborot xavfsizligi madaniyatini yoyishdagi shu kabi muammolarni hal etish uchun oxirgi paytlarda turli davlatlarda nodavlat tojirat tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillari yordamiga murojaat etilmoqda. Nodavlat nojirota tashkilotlar (NNT) uchun aholi bilan ishlash har kunlik faoliyat bir turi, ular aholiga ta’sir o‘tkazish, keng ommaga ma’lum fikr va g‘oyalarni yoyish bilan shug‘ullanadi. Jamoatchilik vakillari esa tom ma’noda xalq vakillari bo‘lib, aholi ularga katta ishonch bilan qaraydi.

Shularni inobatga olganda, NNT va jamoat faollari bilan hamkorlikda ekstremistik faoliyatga qarshi kurashish ishlari qo‘shni mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilmoqda. Keling, avval, ulardagi vaziyatga qiziqib ko‘ramiz.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston

Qozog‘istonda eng diqqatga sazovor loyihalardan biri “Factcheck.kz”dir. Ushbu resursning asosiy mohiyati qozoqcha va ruscha internetda tarqalayotgan soxta ma’lumotlarni topib, ularni fosh etish ekan. Masalan, “Kazinform” axborot agentligi tarqatgan bir ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston ta’lim sifati bo‘yicha jahonda 9-o‘rinni egallar ekan. Resurs ekspertlari faktcheking o‘tkazib (faktlarni tekshirib), ma’lumot haqiqatdan yiroq ekanligini isbotlab berdi. Bu maqtanish maqsadida tarqatilgan yolg‘on ma’lumot bo‘lib chiqdi.

Qozog‘istonda, bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarga urg‘u berilmoqda. Xususan, Facebook’da yo‘lga qo‘yilgan “O‘z hikoyam” loyihasi doirasida ekstremistik faoliyat bilan to‘qnashgan (qurbon bo‘lgan yoki aldangan) fuqarolarning hikoyalari taqdim etib boriladi. Bunday hikoyalar bevosita guvohning tilidan hikoya qilingani bois ular ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida juda katta shuhratga ega.

Qirg‘izistonda ekstremizmga qarshi kurash, axborot xavfsizligi va faktcheking masalalari bilan shug‘ullanuvchi kattakon ekspertlar jamoasi shakllangan. Ular o‘z faoliyatlarini asosan turli darajadagi tadbirlar orqali namoyon etib boradi, shuningdek, internetda maqolalar va videokontent joylashtirib boradi. Qirg‘izistonda davlat idoralari, xususan, ichki ishlar vazirligi bu ekspertlarga hamda ularning tashkilotlariga bevosita yordam beradi, masalan, davlat idoralari qo‘lida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etadi.

Bu borada Internews Network xalqaro tashkilotining tashabbuslari diqqatga sazovor. Mintaqa miqyosida tashkil etilayotgan tadbirlarda barcha respublikalardan jurnalistlar, davlat idoralari vakillari, ekspertlar va faollar qatnashyapti. Shunday tadbirlardan ikkitasi Bishkekda tashkil etilgan edi. Ularda O‘zbekiston vakillari qatnashdi. 22–24-mart kunlari navbat Toshkentga keldi. Birinchi marta Toshkentda qo‘shni respublikalar delegatsiyalari ishtirokida axborot xavfsizligi, onlayn tarzda ekstremistik g‘oyalar hamda soxta axborot tarqalishiga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi. Bu yaxshi boshlanma bo‘ldi deyish mumkin.

G‘arbda qanday?

Hozir o‘zim bo‘lib turgan AQSh tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsam, bu yerda Think Tank — “aqliy markazlar” nomli tashkilotlar faoliyati juda keng yo‘lga qo‘yilgan. AQSh davlatchilik tajribasiga muvofiq, davlat agentliklari (idoralari) asosan texnik va regulyatorlik (boshqaruv) ishlarini bajaradi, shuningdek, aholiga xizmatlar ko‘rsatadi. Aqliy faoliyat uchun javobgarlik esa mana shu “aqliy markazlar” zimmasida.

Aytaylik, biror davlat idorasi o‘z sohasi bo‘yicha tahliliy ma’lumotga, yangi axborotga, mutaxassislarning xulosalariga muhtoj bo‘lsa, u tegishli yo‘nalishdagi “aqliy markaz”ga murojaat qiladi. Markaz vakillari qanday yo‘llar bilan axborot to‘plab bera olishi, uni tahlil qilib, xulosalar chiqarib bera olishini tushuntiradi. Talab qilinadigan ishlar hajmiga qarab shartnoma tuziladi va markazga pul o‘tkaziladi. Shartnoma doirasida markaz ekspertlarni to‘plab, tadbirlar o‘tkazadi, tadbirda aytiladigan yangi ma’lumotlar va xulosalardan foydalanish uchun. So‘ng markaz ekspertlari to‘plangan ma’lumotlarni internet va boshqa manbalardan to‘plangan axborot bilan qo‘shib, baza yaratadi. Bu ma’lumotlar bazasi ilmiy metodlar yordamida tahlil qilinib, xulosalar olinadi. Faoliyat yakuniga ko‘ra hujjatlar va hisobotlar tayyorlanadi.

Ko‘rinib turibdiki, mazkur jarayon AQShda juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va bunga kerakli miqdorda pul ajratiladi. “Aqliy markazlar” faoliyati yil sayin kengayib, NNTlar soni ko‘payib bormoqda. Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, faqatgina poytaxt Vashingtonning o‘zida 400 dan ortiq mana shunday markaz mavjud.

O‘zbekistonda nima gaplar?

O‘zbekistonda jamoatchilik faollari bu mavzuga katta qiziqish ko‘rsatayotganiga ham, ijtimoiy tarmoqlarda “Mening hikoyam” singari loyihalar olib borilganini ham, afsuski, kuzatmadim. Bu borada jamoatchilik ishtirok etgan yagona ommaviy tadbir yuqorida tilga olingan simpozium bo‘ldi.

Ammo keng omma e’tiboridan chetda qolgan qandaydir tashabbuslar, tadbirlar va loyihalar bordir degan xayolda taniqli ekspert va siyosatshunos Farhod Tolipovga murojaat qildim. Xususan, O‘zbekistonda qanday NNTlar bevosita ekstremizmga qarshi kurash ishiga aloqadorligiga qiziqib ko‘rdim.

– Qirg‘izistonda va Qozog‘istonda terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashish ishiga NNTlar jalb qilinyapti oxirgi yillarda. Ular o‘tkazayotgan tadbirlarda qatnashyapmiz — juda keng miqyos. Bevosita davlat idoralarida ishlamaydigan mutaxassislar ham ko‘payib qolgan. Shunga o‘xshagan ishlar O‘zbekistonda ham bo‘lyaptimi? Soha bo‘yicha mahalliy ekspertlar paydo bo‘ldimi?

– Ha, bunday ishlar bizda ham bo‘lyapti. Xususan, bizning “Bilim karvoni” ilmiy muassasamiz yoki Mintaqaviy tahdidlarni o‘rganuvchi markaz kabi NNTlar shular qatordan. Ekspertlar ham bor. Albatta, qo‘shni davlatlarga qaraganda bunday tadbirlarning ko‘lami biroz torroq bo‘lsa kerak, chunki bunday NNTlarning soni kam va ularning faoliyati bizda endi asta sekin tashkil etilmoqda.

– NNTlar va mustaqil ekspertlar, tadqiqotchilarning bu boradagi ishi davlatning kompetent idoralari tomonidan qanday baholanadi? Ular hamkorlik qiladimi, mustaqil ekspertlar va NNTlarni ham jalb qilib turadimi yoki bu ishlarni tegishli organlar jiddiy qabul qilmayaptimi?

– Yuqorida aytganimdek, mazkur sohada izlanishlar va umuman faoliyat NNTlar darajasida yaqin o‘tmishgacha sust bo‘lgani tufayli davlatning kompetent idoralari bilan hamkorlik ham hali yaxshi yo‘lga qo‘yilgan deb bo‘lmaydi. Bu dolzarb masala. Birinchidan, NNTlar fuqarolik jamiyatining bir qismi bo‘lgani tufayli, ushbu masala aynan ancha zaif bo‘lgan fuqarolik jamiyatini faollashtirish bilan bog‘liq. Ikkinchidan esa, ularning xizmatlariga bo‘lgan talab ham hali kuchli emas.

– Umuman, ekstremizmga qarshi kurash ishiga NNTlar qo‘shilishini qay darajada kerakli va foydali deb o‘ylaysiz? Ular mazkur yo‘nalishda real foyda keltira oladimi? Xalq va davlat organlari orasida vositachi bo‘lib bera oladimi?

– Bu sohada NNTlarning roli katta bo‘lishi mumkin. Har bir sohada NNTlar qanchalik xalq va davlat organlari orasida vositachi bo‘lib xizmat qilsa, shunchalik mazkur sohada ham ular shu rolni o‘ynashi mumkin. Boz ustiga, ekstremizmga qarshi kurash ko‘p jihatdan profilaktik ishlarni, targ‘ibot, tarbiya, ta’lim yo‘nalishlada tegishli chora-tadbilarni taqozo etadi. Bu vazifaning samarasi esa, o‘z navbatida, keng ko‘lamda jamoatchilikli tegishli yo‘nalishlarda safarbar qilishga bog‘liq, chunki davlatning rasmiy choralari va formal siyosati yetarli bo‘lmaydi. Xususan, bu sohada tahliliy ishlar ham talab qilinadi, chunki ekstremizm muammosining kelib chiqishi, tabiati, ko‘lami, tahdidi va bartaraf etish yo‘llari chuqur o‘rganilishi zarur. Tahlil esa faqat davlat idoralari va institutlari doirasi bilan cheklanmaydi va dunyoda “aqliy markazlar” deb atalmish tahliliy NNTlarning hissasi beqiyos bo‘ladi.

Kelajakda nima bo‘ladi?

O‘zbekistonda jarayon, sekinlik bilan bo‘lsa-da, bormoqda. Hozircha qo‘shni Qirg‘iziston yoki Qozog‘istonning tajribasini o‘rganishimizning o‘zi ham, o‘ylashimcha, jiddiy yutuq bo‘lar edi.

Biz suhbatlashgan ekspertlarning barchasi sohada o‘sish borligini ta’kidladi. Umid qilamanki, kelajakda faktlarni tekshirish, tahliliy tafakkur, ekstrim g‘oyalardan uzoqroq yurish kabi mavzularni yaxshi tushunadigan mutaxassislar guruhi shakllanadi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-05-2019, 13:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 81) ( 0) ( 80) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют