» » Tabiiy gaz Qashqadaryodagi gaz idorasi mutasaddilari uchun otamerosmi?

Tabiiy gaz Qashqadaryodagi gaz idorasi mutasaddilari uchun otamerosmi?


“Daryo”da Qarshi tumangazning aholiga gaz tarqatishda qilgan adolatsizligi “Aholi Qarshi tumangaz filialini aholiga gaz tarqatishda g‘irromlik qilishda ayblamoqda” sarlavhali maqolada tilga olingandi.

Mazkur maqola omma e’tiboriga havola qilingach, tahririyatga “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali rahbariyatidan e’tiroz xati kelib tushdi. Imloviy xatolari g‘ij-g‘ij xatda yozilishicha, maqoladan so‘ng holat Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish xulosalariga ko‘ra, maqolada tilga olingan faktlar yolg‘on.

Emishki, “Xoniyon” MFY raisi mahalla ahlining tabiiy gazga ehtiyoji yo‘qligini yozib, aholi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanganligini bildirgan. Shuningdek, mahalla ahlining Qarshi tumangaz xodimlariga nisbatan e’tirozi yo‘qligini ham aytib o‘tgan.

Mazkur e’tiroz xatini olgach, “Daryo” muxbiri mahalla aholisi — murojaatchilar bilan yana bir bor suhbatlashdi. Murojaatchilardan biri Adham Saidovning aytishicha, u maqolada asosiy muammolarni tilga olgan shaxs bo‘lsa-da, murojaatchi bilan na tumangaz va na “oblgaz” xodimlari uchrashgan.

— Asosiy murojaatchi men bo‘lsam-da, maqola chop etilgach tumangazdan ham, “oblgaz”dan ham hech kim kelib ahvolni o‘rganmadi, — deydi Adham Saidov. — Eshitishimcha, tumangaz rahbari va xodimlari “Jumabozor” mahallasiga kelib, aholiga “gaz uchun pul yig‘ilmagan”, deb yozib beringlar deb so‘rabdi.

Adham Saidovning qo‘shimcha qilishicha, holatni o‘rganishga kelganlar aholidan “gaz uchun pul yig‘ilmagan, tumangaz xodimlariga nisbatan e’tirozimiz yo‘q”, deb yozib berishlarini so‘ragan, yozishmasa gazni o‘chirib qo‘yishlarini aytib qo‘rqitgan.

— Eshitishim bo‘yicha aholidan tayyor yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yishlarini so‘rashibdi, — deydi Adham Saidov. — Agar qo‘l qo‘yishmasa “gazni uzib ketamiz” deb qo‘rqitishibdi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan, ammo ismi sir qolishini so‘ragan jumabozorlik suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, maqoladan so‘ng sobiq ko‘chaboshi Ro‘zimurod O‘rinboyev ayoli va kelini bilan ko‘chama-ko‘cha yurib qo‘shnilariga tayyor yozilgan qog‘ozga qo‘l qo‘ydirgan. Agar qo‘l qo‘yishmasa, mahallaning gazi o‘chirilishi mumkinligini aytgan.

Mahalladoshlarga Ro‘zimurod O‘rinboyevning kelini bildirish xati yozdirgani haqidagi voqeani ushbu mahallada yashovchi Marat Rashidov ham tasdiqladi.

— Ro‘zimurod akaning kelini hammaga yozdirib chiqayotgan ekan, Marat aka mana buni yozib berar ekansiz dedi, — deydi Marat Rashidov. — Shunda onam yo‘q edi. Onamning nomlaridan bildirish xati yozib, qo‘l qo‘yib berdim.

Shu o‘rinda “oblgaz” ma’sullariga savol tug‘iladi: “Hurmatli “oblgaz” mutasaddilari, tabiiy gaz otangizdan qolgan merosmidiki, xohlagan paytingiz ulab berasizu, xohlaganingizda uzib qo‘yasiz? Nega endi mana shu xalq bergan mansab vakolatidan foydalanib, xalqning o‘zini “gazni uzib qo‘yaman” deb qo‘rqitasiz?

Endi maqolaga qaytsak. Unda eslatilishicha, “Xoniyon” mahalla ahlining gazi 2016-yil 9-mart kuni tumangaz xodimlari tomonidan uzib ketilgan. Ammo tuman hokimining 2016-yil 24-oktyabrdagi 115 f-sonli farmoyishida mahalla gazi farmoyish chiqqandan so‘ng, bir oy o‘tib uzilishi lozimligi ko‘rsatilganligi aytiladi. Shunda ham 173 ta xonadon. Va bunga tumangaz rahbari Zafar Gulovdan izoh so‘raladi. Gulov esa o‘sha paytda rahbar bo‘lmagani bois, bunga “aqli yetmaganini” aytadi.

Xo‘sh, “oblgaz” ma’sullari, masalani o‘rgangach xodimlaringizning xatti-harakatiga Siz javob topdingizmi?

Anglashimizcha, topolmagansiz. Topganingizda javob xatida bunga to‘xtalardingiz. Shu yerda ham shoshgansiz. Xuddiki, xodimlaringiz kabi. Ular ham tuman hokimi farmoyishi chiqmasdan burun, gazni uzib ketishganidek.

“Oblgaz”ning e’tiroz xatida “2018-yil 5-oktabrda filial tomonidan 40-03-14/5431- sonli yozma murojaat orqali Qarshi tuman hokimi G‘.Begaliyevga murojaat qilinib, “Xoniyon” MFY “Chaman” ko‘chasida joylashgan 76 ta aholi xonadonini tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulash to‘g‘risida farmoyish so‘ralganini, so‘ngra xat davomida “Ushbu xat filial muovini tomonidan imzolangan bo‘lib, “Xoniyon” MFY hududi atroflicha o‘rganilmaganligi uchun oqibatsiz qoldirish haqida xat berganmiz, deyishibdi. Buni qarangki, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hududiy gaz ta’minoti filiali rahbariyati muammoni atroflicha o‘rganib chiqmaslik “oblgaz”ga xos odat ekanini javob xatida ham tasdiqlabdi.

Hurmatli mutasaddilar, 76 ta xonadon, har bir xonadonda o‘rtacha hisobda 5 nafar kishi deb hisoblasak 380 nafar kishi taqdirini bamaylixotir, atroflicha o‘rganmaslik o‘z ishiga mas’uliyatsizlik emasmi? O‘rinbosar shunday mas’uliyatsiz bo‘lsa, xodimdan o‘pkalamasa ham bo‘ladimi shunda?

Maqolada tilga olingan yana bir holatga jimgina ko‘z yumibsiz. “Jumabozor” MFY da 520 ta xonadonga tabiiy gaz berilyapti, Zafar Gulovning hisobi bo‘yicha esa 345 ta xonadon gaz bilan ta’minlangan. 175 ta xonadonning gaz iste’moli tumangaz va Sizga ma’lum bo‘lmasligini qanday tushunish mumkin?

E’tirozingizda “Jumabozor” mahallasidagi xonadonlardan 400 ming so‘mdan pul yig‘ilganini ham inkor etibsiz.Tag‘inam pul yig‘ilganlar ro‘yxatini ko‘rsatsak-da, bundan ko‘z yumibsiz. Sobiq ko‘chaboshi Ro‘zimurod O‘rinboyevdan bildirish xati olib, nafaqat bizni, o‘zingizni ham aldabsiz. Boisi, biz sizdan avvalroq “otni qamchilab qo‘ygandik”. Ro‘zimurod O‘rinboyevning pul yig‘ganini tan olganini diktofonga ham yozib olgandik (tahririyatda mazkur yozuv mavjud). Xo‘sh, endiyam bu faktni inkor etasizmi?

Munosabatimiz so‘ngida prokuraturadan maqolada tilga olingan holatlarga e’tibor qaratishlarini so‘ragan bo‘lardik. Boisi, bu yerda nafaqat g‘irromlik, balki xalq bergan vakolatidan foydalanib, mansab suiste’molligiga yo‘l qo‘yish holatlari ham bor.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-05-2019, 23:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 69) ( 0) ( 67) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют