» » Jahon matbuoti sharhi: Reygan aybni Yaponiyaga to‘nkagandi, Tramp Xitoyga to‘nkamoqda, Yevropada esa bo‘linish kuchaymoqda

Jahon matbuoti sharhi: Reygan aybni Yaponiyaga to‘nkagandi, Tramp Xitoyga to‘nkamoqda, Yevropada esa bo‘linish kuchaymoqda


“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Yechilmagan tugun: Kosovo muammosi

Kosovoni tan olish masalasida “taraf” va “qarshi” ikki qutbga bo‘linish tasodifiy emas va yirik davlatlarning qarori  boshqa davlatlarning Kosovoni tan olishi borasida hal qiluvchi bo‘lmasa-da, muhim vazifani bajaradi, deb yozadi Serbiyaning “Talas” nashri. Rossiya va AQSh ta’sirida boshqa davlatlar qanday tarzda Kosovoni tan olgan edi?

Bryussel bitimi va Gaaga xalqaro sudi Kosovo mustaqilligini tan olgan bo‘lsa-da, xalqaro maydonda Kosovo masalasi yechilmagan tugun bo‘lib turibdi.

Bryussel shimoliy Kosovo uzil-kesil Prishtinaga berilishini talab qilib kelayotgan bo‘lsa-da, Serbiya Kosovo mustaqilligini tan olmay kelmoqda.

Kosovo mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘n yildan oshdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyaning Kosovo mustaqilligi borasidagi fikri BMTda ham yangragan va e’tirof etilgan. Lekin Rossiya, Xitoy va Serbiya  Kosovo aravasi g‘ildiraklariga tayoq tiqqan edi.

2008-yilning 17-fevral sanasida yetakchi G‘arb davlatlarining dastaklashi bilan Prishtinada Kosovo mustaqilligi e’lon qilindi. Ayni paytda uning mustaqilligini 107 davlat tan olgan bo‘lsa, 85 mamlakat tan olmay kelmoqda.

Kosovoni kimlar tan olgan?

AQSh, Yevropa Ittifoqi va NATOdan tashqari, Kosovoni mustaqil davlat sifatida Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya hamda AQShning yaqin sheriklari bo‘lmish Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Misr, Afg‘oniston, Afrikadagi sobiq fransuz mustamlakalari tanigan.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan Slovakiya, Ispaniya, Ruminiya, Gretsiya, Kipr kabi mamlakatlar o‘zlaridagi ayirmachilik kayfiyati bor guruhlardan hayiqqan holda Kosovo mustaqilligini tan olmadi. BRIKSga yaqin bo‘lgan mamlakatlar esa Kosovo mustaqilligini tan olishdan ochiqchasiga bosh tortdi. BRIKS tutgan siyosiy pozitsiyani sobiq SSSR respublikalari va Lotin Amerikasining ko‘pchilik mamlakatlari ham eng to‘g‘ri deb topdi. Kosovo masalasida qutblarning ajralishi buyuk davlatlarning ta’siri tufaylidir. Qisman tan olingan Isroil, Falastin, Janubiy Sahroi Kabir, Abxaziya, Tayvan, Janubiy Osetiya taqdiri ham Kosovo taqidiriga monand. Bu mamlakatlarning mustaqilligini AQSh taraf mamlakatlar tan olgan, Rossiya taraf mamlakatlar esa ehtiyotkorlik bilan tan olgan yoki umuman tan olmagan.

Kosovo atrofidagi Amerika – Rossiya urushi

Kosovoning tan olinishidagi farqli jihatlar quyidagi omillarga borib taqaladi:

1. Amerikadan qurol-yarog‘ sotib oladiganlar Kosovoni darhol tan olgan, Rossiyadan qurol oladiganlar esa sekinlik bilan tan olgan yoxud umuman tan olmagan;

2. Dastlabki paytlarda AQShdan 100 million va undan ortiq sarmoya olayotgan mamlakatlar Kosovoni darhol tan olgan. Keyinchalik sarmoya muhim ko‘rsatkich bo‘lmay qolgan. Bunda bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim, bu ham bo‘lsa sarmoya asosan xususiy sektorga yo‘naltirilgani bois mamlakat darajasidagi siyosiy tarafkashlik uchun asosiy omil bo‘lmagan;

3. Bryussel bitimi va Gaaga xalqaro sudining Kosovo mustaqilligi borasidagi qarorlari muhim rol o‘ynamagan;

4. Aholisi asosan musulmon bo‘lgan mamlakatlar Kosovoni tez tan olgan, lekin eng katta musulmon o‘lka bo‘lmish Indoneziya tan olmay kelmoqda.

Kosovoning tan olinishi AQSh va Rossiya o‘rtasidagi kuchlar nisbatiga bog‘liq. AQSH esa ayni paytda Rossiyaga qaraganda iqtisodiy jihatdan ancha ko‘proq ta’sirga ega.

Oldin Yaponiya, hozir Xitoy

1980-yillarda Yaponiya o‘ynagan rolni hozir Xitoy o‘ynamoqda. O‘z davrida AQSh iqtisodiyotida kuzatilayotgan disbalans Yaponiyani tanqid qilishga asos bo‘lganidek, xuddi shunaqa tanqid hozir Xitoyga yo‘naltirilmoqda, deb yozadi Project Syndicate nashri.

“Hukumatlar Amerika mahsulotlarini qalbakilashtirish yoxud ulardan nusxa ko‘chirishga ruxsat etsa, bu amerikaliklarning kelajagini o‘g‘irlashdir, bu erkin savdo emas”, — deb Yaponiya bilan tuzilgan bitimga izoh bergan edi prezident Ronald Reygan.

O‘tgan asrning 80-yillarida AQSh hukumati Yaponiyani o‘z iqtisodiyoti uchun eng asosiy tahdid deb bilar, yaponlarni intellektual mulkni o‘g‘irlashda, valyuta manipulyatsiyalarida ayblar edi. Natijada Yaponiya iqtisodiyoti AQShga yon berishga majbur bo‘lib, mamlakat iqtisodiy turg‘unlik davriga tushib qoldi. Hozir mazkur holat Xitoy misolida takrorlanmoqda.

Reygan AQSh iqtisodiyotidagi xatolar uchun Yaponiyani ayblagan bo‘lsa, Donald Tramp Amerika kelajagi buyuk bo‘lishi uchun soliqlarni kamaytirdi, natijada AQSh federal budjetidagi kamomad tobora o‘sib bormoqda. Sababi oddiy. Soliq yukining kamayishi vaqtincha o‘sish ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi, keyin esa orqaga ketish boshlanadi. Bu esa Tramp uchun Xitoyni ayblashga yaxshigina bahona topib berdi.

Xitoyga qarshi keskin tanqidlar AQSh makroiqtisodiyoti kamchiliklari kontekstidan yulib olinib uyushtirilmoqda. Bu esa jiddiy xatodir. Milliy jamg‘armalar darajasi oshirilmasa, tashqi savdo Xitoydan Amerikaning boshqa sheriklari qo‘liga o‘tadi. Bu savdo manyovri aylanib kelib amerikalik iste’molchilarning bo‘yniga katta soliqlar o‘rniga kelgan zarba bo‘lib tushadi.

Taqdir hazilini qarangki, Tramp 80-yillardagi Yaponiyaga qarshi savdo urushi faxriysi bo‘lmish Robert Laytxayzerni Xitoyga qarshi savdo urushiga strateg qilib chaqirdi. Afsuski, Laytxayzer makroiqtisodiyot sohasidan bexabar. Har ikki holatda ham AQSh turli xomxayollarga berilib, haqiqiy voqelikni tan olishni istamayapti.

AQShda budjet tanqisligini qisqartirish yo‘li bilan savdo kamomadini pasaytirish va shunga muvofiq tarzda ichki jamg‘armalarni ko‘paytirish uchun siyosiy baza mavjud emas. Amerika birdaniga ikki quyon ortidan quvmoqchi: hozir AQSh sog‘liqni saqlash tizimi mamlakat Yalpi ichki mahsulotining 18 foizini yeb qo‘yayotgan bo‘lsa, uning mudofaa uchun ajratayotgan xarajatlari dunyoning yetti ulkan mamlakati mudofaa budjeti xarajatlaridan ham oshib ketmoqda. Ayni shu manzarada soliq miqdorining kamaytirilishi keyingi 50 yilda sodir bo‘lmagan yalpi ichki mahsulotda federal hukumat daromadi 16,5 foizga qisqarishiga olib keldi. Yumshoq qilib aytganda, AQSh hukumati ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmasdan, boshqalarni avval Yaponiya, hozir esa Xitoyni ayblashga o‘tdi. Bu safar ssenariy mutlaqo o‘zgacha yakun topishi mumkin.

Sharqiy Yevropalik bo‘lish nimani anglatadi?

“Yevropa Ittifoqi sharqqa tomon kengayganiga 15 yildan oshgan bo‘lsa-da, qit’a G‘arb va Sharqqa bo‘linganicha qolmoqda. Bu esa Yevropa uchun halokatlidir”, deb yozmoqda Germaniyaning Handelsblatt nashri.

“Sovuq urush tugagach, G‘arb va Sharq tinchlik va farovonlik uchun birlashadi, deb umid qilingan edi. Amalda esa g‘arbiy va sharqiy Yevropa o‘rtasida chuqur jarlik yuzaga keldi va asosiy qadriyatlar borasida kuchli bahs-munozara avj olgan” — deydi Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri va vitse-kansler Yoshka Fisher.

Maqolada aytilishicha, yagona Yevropaga birlashgan tarixiy voqeadan 15 yil o‘tib, Sharqiy Yevropa mamlakatlari o‘zlarini Yevropaning ikkinchi nav odamlari sifatida his qilmoqda; g‘arbiy yevropaliklar, sharqliklar nazarida, manfaatparast va o’ta takabbur. O‘z navbatida, g‘arbliklar sharqlik qit’adoshlarini noshukurlik va migratsiya borasida nobirdamlikda ayblamoqda.

Sharq va G‘arbni ajratayotgan masala faqat shundangina iborat emas. Shuningdek, huquqiy davlat asoslari va hukumatning bo‘linishi borasida ham ikki tomon turli tasavvurga ega.

Masalan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban “noliberal” demokratiyani orzu qiladi va Yevropa birdamligini faqat noliberal asosga qurish mumkin deb hisoblyadi. Ana shunday bema’ni g‘oyalar va sud hokimiyatining chekloviga erishish xatti-harakatlari G‘arb va Sharq o‘rtasiga chuqur jarlik hosil qilmoqda.

G‘arb va Sharq o‘rtasida Yevropa Ittifoqi asoslari borasida jiddiy bahslar boshlanib ketdi, munozaralar yechimini yaqin kelajakda ko‘rish imkonsiz.

Yevropa Ittifoqining millatchilik loyihasi sifatida kelajagi yo‘q, chunki u Yevropadagi millatchilik va diktaturalarga qarshi kurashish tamoyillari asosida vujudga kelgan. Bu tamoyillarga zid Yevropani ko‘rishni xohlayotgan taraflar yagona Yevropa loyihasini yo‘qlikka mahkum qilishga olib kelishi borasida chuqur mulohaza yuritib ko‘rgani ma’qul.

Eron mujohidlari aslida kim tarafda?

Yaqin Sharqdagi Eron jangari guruhlari doim ham Eron tarafdori bo‘lavermaydi. Ular ko‘pincha Eron hukumati buyruqlariga rad javobi berishga tayyor, deb yozadi The Washington Post.

Tramp ma’muriyati va Eron o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi ortidan maslahatchi Jon Bolton Eron va uning nodavlat sheriklarini AQSh qat’iy harakatlarga o‘tishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Eronning nodavlat sheriklari yagona guruh sifatida ko‘rilsa-da, ular o‘rtasida tafovut bor. Shunga qaramay, ular rasmiy Vashington va rasmiy Tehron o‘rtasida yuzaga kelgan ixtilof yana keskinlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirgi kunda Eronning nodavlat tarmog‘i 200 mingdan ortiq jangari mujohidlarga ega. Bu guruhlar Tehronga Yaqin Sharqda va Janubiy Osiyoda o‘z ta’sirini o‘tkazishda yordam beradi. Ularning ba’zilari Afrika va Lotin Amerikasi bilan aloqalarni ta’minlashga ham javob beradi. Bu guruhlarsiz Eronning o‘z raqiblariga ta’sir o‘tkazish imkoniyati ancha cheklanib qolgan bo‘lar edi. AQSh aynan shu guruhlar sababli Eronni o‘zi va Yaqin Sharq uchun xatarli deb hisoblaydi.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy yaqinda “Eron ham AQSh kabi urushni xohlamaydi, lekin qarshilik ko‘rsatish yagona yo‘ldir”, — deb bayonot berdi. Nodavlat guruhlar esa Eronning haqiqiy rolini yashirib, AQSh va uning do‘stlariga qarshi kurash olib borish imkonini berib kelmoqda.

Eronning haqiqiy rolini isbotlab bera olmaslik AQSHning qo‘lini bog‘lab qo‘ygan. Chunki Amerika xalqi ham Eron bilan jang qilishni istamaydi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Eron bilan hamkorlikdan manfaatdor bo‘lgani uchun ham urush borasida salbiy fikrda. Shunday qilib, bir qator to‘qnashuvlarda Eron hukumatining to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki yo‘qligi Tehron va Vashington to‘qnashuviga yo‘l bermay kelmoqda. Shu bilan birga, Eron proksi guruhlardan foydalanib, Fors ko‘rfazi mintaqasida AQSh manfaatlariga zarba berib kelmoqda.

Ammo proksi guruhlarning barchasi ham Eronga bo‘ysunavermaydi. Ular Eronning moliyaviy yordamini qabul qilsa-da, doim ham Eron hukumati buyruqlariga quloq solavermaydi. Masalan, xusiylar Yamanda o‘z bilganlaricha harakat qilmoqda. Eron xusiylarga Yaman poytaxti Sanoni egallamaslikni maslahat bergan bo‘lsa ham, ular shaharni ishg‘ol qildi. Ko‘p jihatdan Eron dastagiga muhtoj bu guruh o‘z vatanida mustaqil ko‘rinish uchun Eron ko‘rsatmalariga amal qilmaydi. Eron proksi guruhlar bilan aloqalari borligini yashirishga urinib, o‘z muammolarini ham ko‘paytirmoqda.

Erondagi namoyishchilar AQSH – Eron nizosidan uzoqroq bo‘lishni talab qilmoqda. Minglab shia guruhlari yetakchilari o‘z rahbarlariga aynan shu talabni qo‘ymoqda. Iroqliklar esa yana vatani keskinlik girdobida qolib ketishidan xavotir bildirmoqda. Iroq shialari ham Eron, ham AQSh ittifoqchilari hisoblanadi. Shu sababdan ham iroqlik shia gurihlari rahbarlari Eron va AQSh o‘rtasida vositachilik qilishga urinmoqda.

Ammo Iroqda Eronga ham, AQShga ham qarshi bo‘lgan guruhlar bor. Ozgina uchqun tutab yotgan olovni o‘t oldirishi mumkin.

Jahongir Ergashev tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (1-06-2019, 09:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют