» » O‘zbekistonda AES qurilishi ekologik xavf tug‘diradimi?

O‘zbekistonda AES qurilishi ekologik xavf tug‘diradimi?


O‘zbekistonda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda birlamchi yoqilg‘i sifatida asosan tabiiy gaz va boshqa an’anaviy uglevodorod yoqilg‘i turlaridan foydalaniladi. Lekin, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol va biogaz energiyasi) mavjud yuqori imkoniyatlaridan amalda kam foydalanilmoqda.

31-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Boriy Alixonov ishtirokida o‘tkazilgan intervyu va jurnalistlar bilan ochiq muloqot davomida ana shunday fikrlar berildi, deb yozadi O‘zA.

Aynan energetika xavfsizligi nuqtai nazaridan qaraganda, O‘zbekistonda atom elektr stansiyasining qurilishiga qanday baho berish mumkinligi haqidagi savolga Boriy Alixonov javob berar ekan, bir guruh deputatlar atom elektr stansiyalari faoliyatini o‘rganish uchun xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytgani va bu masalani o‘rganganini ma’lum qildi. Jumladan, Rossiyaning Novovoronej shahrida, Vengriyada, Yaponiyadagi Fukusima atom elektr stansiyalarida bo‘lib ayni holat ko‘rib chiqilgan.

– Novovoronejda bo‘lganimizda bolalardan to kattalargacha xizmat ko‘rsatuvchi Atom energetikasi axborot markazi bilan tanishdik, – deydi Boriy Alixonov. – Bu yerda atom energetikasiga oid bilimlar oddiy, sodda tilda innovatsion usullar yordamida qiziqarli qilib tushuntirib beriladi. Biz O‘zbekistonda ham shunday axborot markazlarini tashkil etmoqchimiz. Turli davlatlardagi AESlar bilan yaqindan tanishib, hamma jarayonni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizdan so‘ng bu energetik va ekologik jihatdan bezarar texnologiya ekaniga iqror bo‘ldik. Reaktorda sodir bo‘layotgan reaksiya reaktorning ichida qoladi. 11 ta himoya qilish qobig‘i, muhofaza tizimlari bor. Bular stansiyada xavfsizlikni butkul ta’minlaydi.

Alixonovning xulosa qilishicha, AES energiya samaradorligini oshirish, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish garovi bo‘lishi bilan bir qatorda energetik va ekologik xavfsiz resurs.

– Ayrim odamlarda stereotiplar bor, kimlarningdir yoki nimalarningdir ta’sirida shakllanib-qotib qolgan tushunchalar bor. Atomni dahshatli, vajohatli, vayron qiluvchi narsa deb tushunishadi. O‘sha ma’lum sonli odamlarning dunyoqarashini, fikrlashini o‘zgartirishimiz, ularda energiya manbalariga to‘g‘ri munosabat uyg‘otishimiz kerak, – dedi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari.

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashning samarali mexanizmlari “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham o‘z aksini topgan, deyiladi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi axborot xizmati xabarida.

Uchrashuvda ma’lum qilinishicha, dunyodagi neft-gaz zaxiralari 40-60 yilga, ko‘mir zaxiralari 100-115 yilga yetadi. Hozir dunyoda yiliga 12 milliard tonna neft ekvivalentiga teng bo‘lgan energiya iste’mol qilinadi. Bu o‘rta hisobda har bir odam 2 tonna neftdan hosil bo‘ladigan energiya iste’mol qilishini anglatadi.

– O‘zbekistonda yiliga 320 kundan ko‘proq quyoshli kun bor, – dedi Alixonov. – Quyoshdan energiya olish imkoniyatini chamalab ko‘rsak, 320 kun bemalol undan foydalanishga real sharoit mavjud. Biz mamlakatimizda quyoshdan yiliga 182 million tonna neft ekvivalentidan ko‘proq hajmda energiya olishimiz mumkin. Bu hozir O‘zbekistonda iste’mol qilinayotgan energiya hajmidan qariyb uch baravar ko‘p. Quyosh – O‘zbekistonda eng optimal va samarali energiya manbasi hisoblanadi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (2-06-2019, 18:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 76) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют