» » Hokimlar o‘zlariga o‘zlari hisobot beradimi? Mahalliy hokimiyatlardagi bir g‘alati holat haqida

Hokimlar o‘zlariga o‘zlari hisobot beradimi? Mahalliy hokimiyatlardagi bir g‘alati holat haqida


“Daryo” kolumnisti Yevgeniy Sklyarevskiy hokimlarning xalq deputatlari mahalliy kengashi raisi vakolatiga ega bo‘lishi hamda buning ortidan kelib chiqayotgan paradoksal vaziyat haqida so‘z yuritadi.

Yaqinda qiziqarli bir yangilikni o‘qib qoldim. Hokimlardan xalq deputatlari mahalliy kengashi raisi vakolati olib qo‘yilar ekan. Qizig‘i shundaki, bu narsa hozircha faqat rejalashtirilyapti, hozircha esa hammasi shu ahvolda – hokimlar kengash raisi hisoblanadi. Axir bu hokimiyat taqsimotining butun boshli tamoyillari mohiyatiga nisbatan paradoks-ku! Shu joyda boshqaruv va nazoratning barcha bo‘g‘inlarida o‘zaro tiyib turish hamda posangi vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan tizim haqida yana ko‘plab aqlli so‘zlar bo‘lishi mumkin edi.

Hokim kengash raisi ekanining o‘zi avtomatik ravishda kengashni nazorat qiluvchi organ maqomidan shunchaki maslahat organi maqomiga o‘tkazib qo‘yadi. Bu xuddiki undan qandaydir muhim qarorlar va aniq bajarilgan ishlarni kutmaslik kerak bo‘lgan jamoatchilik kengashiga o‘xshaydi.

Ijro hokimiyatining mavjud ustuvor qoidalari sovet davrini esga soladi. O‘shanda ham shahar (tuman) ijroqo‘mi raisi o‘z vakolatlariga ko‘ra juda qudratli shaxs bo‘lib, shahar va tuman kengashlari esa nomigagina, ahamiyatsiz vazifalar yuzasidangina mavjud edi.

Yanada qizig‘i shundaki, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunida: “Viloyat, tuman, shahar hokimi viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi. Viloyat hokimi, Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordirlar. Tuman, shahar hokimi yuqori turuvchi hokim va tegishli xalq deputatlari Kengashi oldida hisobdordir”, deb yozib qo‘yilgan (I bob. Umumiy qoidalar; 1-modda. Mahalliy vakillik va ijroiya hokimiyati).

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: qanaqasiga hokim o‘zi rais bo‘lgan kengash huzurida hisobdor bo‘lishi mumkin?

Tez orada vaziyat o‘zgarishiga umid bor. Joriy yilning 14-fevral sanasidagi Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qaroriga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimlaridagi xalq deputatlari Kengashi raisi vakolatini tugatish masalasini o‘rganib chiqish uchun ishchi guruh tashkil qilingan. Mazkur ishchi guruh va hay’at tomonidanhokimlardagi mahalliy Kengash raisi vakolatini tugatish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan va Oliy Majlis palatalari kengashi tomonidan ushbu dasturni tasdiqlashga oid qaror qabul qilingan.

Bu muhim qadamlar Senat tomonidan amalga oshirildi. Biroq fuqarolar tomonidan ham muayyan qadamlar tashlanishi lozim. Barchani mahalliy kengashlarga bo‘ladigan saylovlarga yuzaki qaramaslikka va munosib deputatlarni tanlab, ilgari surishga chaqiraman. Ular hokimlarning qo‘ynidagi quyruq bo‘lmasdan, aksincha, ular bilan faol ishlashi, ko‘mak va maslahatlari bilan yordam ko‘rsatib, o‘zlari chiqargan qarorlarning bajarilishini nazorat qilishi va, kerak bo‘lsa, hokimlardan talab qilishi kerak. Shuningdek, noto‘g‘ri qabul qilingan qarorlar uchun birgalikda javobgar bo‘lmoqliklari ham kerak.

Hokimiyatning tarmoqlanishi tamoyili birinchi bo‘lib fransuz ma’rifatparvari Sharl Monteskye tomonidan ilgari surilgan va keyinchalikko‘plab davlatlarda tan olingan edi. Hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tarmoqlariga taqsimlanishi davlat hokimiyatini amalga oshirish va huquqiy davlat qurish borasidagi eng muhim tamoyillardan biri sanaladi.

Hokimiyatning taqsimlanish tamoyiliga ko‘ra, qonun ijodkorligi qonun chiqaruvchi (vakillik) organi tomonidan, ijro-taqsimot faoliyati ijro hokimiyati organlari tomonidan, sud hokimiyati esa sudlar tomonidan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari o‘zaro mustaqildirlar. Hokimlarning mahalliy kengashlarda raislik qilishi esa mazkur kengashlarning aynan mustaqilligi ustiga chiziq tortib qo‘ymoqda. Menimcha, hammasini o‘zingiz tushundingiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (29-07-2019, 16:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 73) ( 0) ( 71) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют