» » Eng ko‘p milliarderlar qaysi mamlakatlarda yashaydi?

Eng ko‘p milliarderlar qaysi mamlakatlarda yashaydi?


Wealth-X 2019 Billionaire Census hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda sayyoramizdagi eng boy odamlarning to‘rtdan uch qismi dunyoning 15 mamlakatida yashaydi. Ularning jami boyligi 6,8 trillion dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyodagi jami milliaderlar umumiy boyligining 79 foizini tashkil qiladi.

Quyida dunyoning eng ko‘p milliarderlari yashaydigan mamlakatlar reytingini keltiramiz.

11. BAA

Milliarderlar soni: 55

Umumiy mablag‘i: 165 milliard AQSh dollari

BAA — Yaqin Sharqdagi eng ko‘p milliarderlar yashaydigan mamlakat. U eng ko‘p milliarderlar yashaydigan mamlakatlar reytingida 11-o‘rinni Fransiya bilan bo‘lishadi.

BAA milliarderlari asosan neft savdosi tufayli boyigan.

BAA milliarderlarining asosiy qismi mamlakatning eng yirik shahri bo‘lmish Dubayda istiqomat qiladi.

10. Fransiya

Milliarderlar soni: 55

Umumiy boyligi: 195 milliard dollar

Fransiya milliarderlarining asosiy qismini bu mamlakat dong taratgan moda industriyasi va parfyumeriya sanoatidan yetishib chiqqan milliarderlarlar tashkil etadi.

Shuningdek, oxirgi yillarda milliy korporatsiyalar ham katta iqtisodiy o‘sishga erishdi, ulardan ham anchagina milliarderlar yetishib chiqdi.

Fransiya milliarderlarining asosiy qismi poytaxt Parijda yashaydi.

9. Saudiya Arabistoni

Milliarderlar soni: 57

Umumiy boyligi: 147 milliard dollar

Saudiya Arabistonidan yetishib chiqqan milliarderlarning qariyb barchasi mamlakatning neft qazib chiqarishi, uni eksport qilishi va neft mahsulotlari ishlab chiqarishi ortidan paydo bo‘lgan.

Bu mamlakatda dunyodagi eng yirik neftni qazib olish, sotish va qayta ishlash kompaniyalari joylashgan.

8. Hindiston

Milliarderlar soni: 82

Umumiy boyligi: 284 milliard dollar

Hindiston milliarderlari turli sohalardan yetishib chiqqan.

Mamlakat milliarderlarining asosiy qismi Mumbayda yashaydi.

Oxirgi 20 yilda Hindistonda “po‘lat qiroli” Mittalga o‘xshab ma’lum bir soha bo‘yicha dunyoda nom qozongan va o‘sha sohada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat yuritadigan kompaniya shakllantirgan insonlar ko‘paydi.

Mamlakatda daromad taqsimoti boshqa mamlakatlardan keskin farq qiladi. Hindistondagi yarim milliard odam kuniga 1–2 dollar daromad qilgani holda, boylar tez boyib boryapti. 2017-yil holatiga ko‘ra, Hindistonda 1 foiz aholi mamlakat boyligining 73 foiziga egalik qiladi.

7. Gonkong

Milliarderlar soni: 87

Umumiy boyligi: 259 milliard dollar

Gonkongda oxirgi yillarda milliarderlar soni ancha kamaydi. Ba’zilarining mablag‘i kamaygan bo‘lsa, ba’zilari boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tgan.

Gonkongdagi milliarderlar asosan ko‘chmas mulk qurish, uning oldi-sotdisi kabi sohalardan chiqib kelgan. Gonkong dunyodagi ko‘chmas mulk eng qimmat hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda bir uyning o‘rtacha narxi 1,28 million dollarga teng.

6. Shveysariya

Milliarderlar soni: 91

Umumiy boyligi: 240 milliard dollar

Shveysariya milliarderlari asosan oltin, brilliant, olmos savdosidan chiqib kelgan. Shuningdek, mamlakatda asrlar davomida dunyoga taniqli brendlar shakllangan soatsozlik, qandolatchilik sohalaridan ham anchagina milliarderlar yetishib chiqqan.

Mamlakatda soliq yukining kamligi ham yangidan yangi milliarderlar yetishib chiqishiga sabab bo‘lyapti.

5. Buyuk Britaniya

Milliarderlar soni: 97

Umumiy boyligi: 209 milliard dollar

Buyuk Britaniya milliarderlari ham turli sohalarda yetishib chiqqan. Ularning katta qismi nafaqat Buyuk Britaniya, balki tom ma’noda Yevropaning moliya markazi hisoblanadigan Londonda yashaydi.

4. Rossiya

Milliarderlar soni: 102

Umumiy boyligi: 335 milliard dollar

Rossiya milliarderlarining asosiy qismi neft, gaz va metall qazib olish, sotishdan kelib chiqqan. Ularning asosiy qismi poytaxt Moskvada yashaydi.

3. Germaniya

Milliarderlar soni: 146

Umumiy boyligi: 442 milliard dollar

Germaniya Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti sanaladi. Shuning uchun ham Germaniyani Yevropa iqtisodiyotini oldinga boshlaydigan lokomotiv deb atashadi.

Bu mamlakatdan chiqqan milliarderlar turli sohalarda ishlaydi.

2. Xitoy

Milliarderlar soni: 285

Umumiy boyligi: 996 milliard

Xitoyda bir paytlar boy bo‘lish mumkin emas edi. Mamlakatdagi sotsialistik tuzum bunga yo‘l qo‘ymasdi. Ammo o‘tgan asrning 80-yillaridan, Mao Szedun vafotidan keyin mamlakat mulk egaligi va boylik to‘plash masalasini isloh qildi. O‘shandan keyin imkoniyatini topgan odam ortiqcha xavotirsiz boylik to‘play boshladi.

Xitoy milliarderlari ham turli sohalardan chiqqan, ammo ko‘proq qismi AT texnologiyalari, mahsulotlari va elektron savdo sohalarida, shuningdek, qurilishdan chiqqan.

Xitoy milliarderlari asosan ikkita shaharda — Xanjou va Shenchjenda istiqomat qiladi.

1. AQSh

Milliarderlar soni: 705

Umumiy boyligi: 3,013 trillion dollar

AQSh dunyoda milliarderlar soni va ularning umumiy boyligi masalasida mutlaq birinchi o‘rinda turadi. AQShning ilk milliarderlari XIX asr oxiri — XX asr boshida neft savdosi tufayli paydo bo‘lgan. O‘shandan buyon bu mamlakatda milliarderlar soni va ularning umumiy mablag‘i faqat va faqat o‘sib kelyapti.

AQSh milliarderlari turli sohalardan yetishib chiqqan. Bu mamlakat kompaniya va korporatsiyalari Ikkinchi jahon urushidan keyin faoliyatini butun dunyo bo‘ylab yoydi. Avtomobilsozlik, oziq-ovqat, samolyotsozlik, qurol-yarog‘ savdosi, shuningdek, o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab AT sohasi, elektron savdo va boshqa ko‘pgina sohalarda qit’alararo xizmat ko‘rsatadigan va savdo ishlarini olib boradigan ko‘plab kompaniyalar shakllandi, shunga yarasha milliarderlar yetishib chiqdi.

AQSh milliarderlari dunyo milliarderlarining 27 foizini, ularning mablag‘i esa dunyo milliaderlari qo‘lida to‘plangan mablag‘ning 35 foizini tashkil etadi.

AQSh milliarderlari asosan Nyu-York, San-Fransisko va Los-Anjeles shaharlarida istiqomat qiladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (9-08-2019, 09:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 99) ( 0) ( 98) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют