» » O‘zbekiston hududidan topilgan xazinalar haqida bilasizmi?

O‘zbekiston hududidan topilgan xazinalar haqida bilasizmi?


Ko‘pincha er ostiga ko‘milgan, yashirib qo‘yilgan va egasi olmagan, keyinchalik esa tasodifan topilgan qimmatbaho buyum va tangalar majmuini xazina, deb ataymiz. Xo‘sh, hozirgi O‘zbekistondan qanday xazinalar topilgan?

“O‘kuz xazinasi”

Tarixda “O‘kuz xazinasi” nomini olgan Amudaryo xazinasi haqida ko‘pchilik eshitgan. Miloddan avvalgi IV–II asrlarga oid mazkur xazinadagi buyumlardan biri — oltin bilaguzuk milliy valyutaning 100 so‘mlik kupyurasida ham aks etgan.

Amudaryo xazinasi 1877-yilda Vaxsh va Panj daryolarining Amudaryoga quyilish erida, Taxtiqubod kechuvi yaqinida topilgan. Xazina 179 oltin va 7 kumush buyum, shuningdek, 1500 kumush va chaqa tangalardan iborat. Ular 1897-yilda Londondagi Britaniya muzeyiga olib ketilgan. Bugungi kunda ham o‘sha erda saqlanmoqda.

Hozirgi Tojikiston hududidan topilgan mazkur xazina haqida amaldagi maktab darsliklarida ham ma’lumot berilgan. Biroq O‘zbekiston hududidan topilgan xazinalar haqida darsliklarda lom-mim deyilmagan. Shuning uchun ham aksariyat kishilar maktabda Amudaryo xazinasi haqida eshitgan bo‘lsa-da, mamlakat hududidan topilgan ko‘plab xazinalar haqida hech narsani bilmaydi.

36 kilogrammlik oltin buyumlar va fil suyagidan ishlangan dunyodagi eng qadimiy shaxmat donalari

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani hududi xazinalar makoni. Tuman markazi — Sho‘rchi shahridan 10 kilometr shimoli-sharqda 47 gektarlik Dalvarzintepa shahri xarobalari yastanib yotibdi. U asrlar davomida ulkan xazinani o‘z bag‘riga olgan.

Qazishmalardan ayon bo‘ladiki, ko‘hna shahardagi kengligi 12 metrga yaqin shoh ko‘chalardan biri badavlat fuqarolarning uylaridan ikkitasiga borib taqaladi. 1972-yilda O‘zbekiston san’atshunoslik ekspeditsiyasi shu uylarning biridan vazni salkam 36 kilogramm chamasi keladigan oltin bezaklardan va yombilardan iborat noyob xazinani va fil suyagidan ishlangan, dunyoda eng qadimiy bo‘lgan shaxmat donalarini topdi.

Yarim metr chuqurlikdan qazib olingan ikki baldoqli sopol ko‘zachadagi oltin buyumlar soni 115 ta. Ular yombilar, bilaguzuklar, oltin shodalar va boshqalardan iborat. Taxmin qilinishicha, xazina podsho amaldorlari, boylarga har xil taqinchoqlar tayyorlab beradigan zargarga tegishli bo‘lgan. Chunki ba’zi taqinchoqlar juda og‘ir, hatto bitta bilaguzuk 872 gramm sof oltindan iborat.

Xazinadagi to‘g‘ri burchak shaklida tayyorlangan yombilar katta ilmiy ahamiyatga ega. Ular jami 21 ta, ammo 10 tasida qadimgi kxaroshti yozuvi bitilgan. Dalvarzintepa xazinasi milodiy I asrlarga to‘g‘ri keladi. Xazinaning eng qimmatli tomoni uning antik dunyo davri san’atida tutgan o‘rnidir.

Bo‘stonliqda bo‘y ko‘rsatgan xazinalar

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla qishlog‘i nomi tarixda qoldi. 1955-yilda uning yaqinidan topilgan moddiy madaniyat yodgorliklari “Burchmulla xazinasi” nomini oldi. Biroq so‘nggi bronza davriga oid mazkur xazinaning salmog‘i ko‘zni quvontiradigan darajada emas.

Burchmulla xazinasi topilmalari miloddan avvalgi II-I mingyilliklar mobaynida yaratilgan 1 nayza uchi, 4 paykon va 3 ot yugani to‘qasidan iborat. Bugungi kunda mazkur xazina O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti fondida saqlanmoqda.

Bo‘stonliqdan topilgan xazina shu bilan tugamaydi. Tumanning Sijjak qishlog‘idagi Ko‘kyong‘oq mavzeida, Piskom daryosining o‘ng sohilida topilgan moddiy madaniyat yodgorligi ham bor. U tarixda “Bo‘stonliq xazinasi” nomini oldi.

1965-yilda cho‘pon Q.Ermatov tomonidan topilgan xazina O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi)ga topshirilgan. Xazinaning qiymati ancha tosh bosadi. U har birining og‘irligi 200 grammli 8 ta burama bilaguzuk, 8 ta tumor saqlanadigan quticha, 27 ta qo‘ng‘iroqcha, 1 ta buloqi (burunni teshib taqiladigan zirak) va bo‘yinga taqiladigan bir qancha zanjirlardan iborat. Bularning barchasi kumushdan yasalgan.

Shunisi qiziqki, bilaguzuklar o‘yma, chizma va bosma usulda ishlangan bo‘lib, ikki uchi ilon boshi ko‘rinishida. Sirti esa turli geometrik shakl, naqsh va so‘g‘dcha yozuvlar bilan bezatilgan. Bo‘stonliq xazinasi milodiy XI asr birinchi yarmiga oid. Bu erdan qadimiy tangalar ham topilgan. Bo‘stonlik xazinasi Toshkent vohasining qadimgi aholisi madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Mis va kumush tangalar xazinasi

Bundan tashqari, Angren shahridan taxminan 8 kilometr shimoldagi Dukent qishlog‘idagi o‘rta asrlarga oid Dahkat shahri xarobalaridan kumush va mis tanga xazinalari topilgan. Angren shahri yaqinida joylashgan qadimiy Ko‘hisim shahri xarobalari ham o‘zining 1962 va 1963-yillarda olib borilgan qazishmalar vaqtida topilgan X-XI asrlarga oid ikkita mis va kumush tangalar xazinasi bilan mashhur.

Toshkentning shimoli-sharqiy chekkasida joylashgan Oqota shahar xarobasidan 1960-yilda temuriylar davriga oid xazina topilib, 1040 ta mis tanga O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi)ga topshirilgan. Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hududida, Ohangaron daryosi qadimiy o‘zani chap sohilida joylashgan Qanqa shahri xarobalaridan ham tangalar xazinasi, oltin va qimmatbaho toshlardan ishlangan taqinchoqlar topilgani bu diyor azaldan xazinalar makoni bo‘lganini isbotlaydi.

Toshkent shahridan janubda, Chirchiq daryosining o‘ng sohilida, daryodan yarim kilometr narida joylashgan Xonobodtepa shahar xarobasi ham xazinalarga boy. U erdan VIII asrning birinchi yarmiga oid Choch hokimi Tarnabchaning silovsin tasvirli tangasi, Ustrushona hokimi Satachuriy II, So‘g‘d ixshidi Turgar (hukmronligi: 738–750), Turk hoqoni Eltegin tangalari va abbosiylar sulolasining mis fuluslaridan iborat xazina topilgan.

Shuningdek, Afrosiyobni arxeologik qazishlar vaqtida turli davrlarga oid mis tangalar xazinasi topilgani, yoki Samarqandning Registon maydonidan topilgan XIV–XVI asrlarga oid metall buyumlarning yirik xazinasi ham katta ahamiyatga ega.

Ermitaj ekspozitsiyalarida “Chelak xazinasi”

Hozirgi Namangan viloyati Xok qishlog‘idan 1894 yilda metall buyumlar xazinasi topildi. Miloddan avvalgi II mingyillikning birinchi yarmiga oid bu xazina “Xok xazinasi” nomini oldi. U jami 6 ta buyumdan iborat bo‘lib, 5 tasi jezdan va bittasi kumushdan tayyorlangan. Bular ko‘za, pichoq bo‘lagi, 3 ta to‘g‘nog‘ich (bittasi kumushdan yasalgan), shuningdek, iskana bo‘lagi.

To‘g‘nog‘ichlar juda mayda ishlangan bo‘lib, uning bir tomoniga buzoqcha hamda sigir sog‘ayotgan ayol juda ustalik bilan tasvirlangan. Xok xazinasi Farg‘ona vodiysi arxeologiyasida noyob hisoblanadi. U hozirda Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajining Sharq bo‘limida saqlanmoqda.

Samarqand viloyati hozirgi Chelak shahar xarobasida 1961 yilda topilgan moddiy boyliklar “Chelak xazinasi” nomini oldi. Topilmalar 4 ta kumush idishdan iborat bo‘lib, ulardan biri sosoniylar davriga oid. Idishda shahanshoh Pero‘z (hukmronligi: 459–484) tasviri tushirilgan. Ikkinchi idish qalin bo‘lib, unda bir eftaliy zodagonning tasviri bor. Qolgan 2 idish yupqa, nozik ishlangan bo‘lib So‘g‘dda qilingan.

Chelak xazinasi milodiy VI asr oxiri – VII asr boshida So‘g‘dda yashagan shaharlikning xonadonidan topilgan bo‘lib, bu erga aftidan bir asr muqaddam kelib qolgan. Chelak xazinasi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (26-08-2019, 15:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 62) ( 0) ( 59) ( 3)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют