» » Fransiyalik olima Frederik Bopertyui-Bressand: Amir Temur fenomeni meni rom etgan

Fransiyalik olima Frederik Bopertyui-Bressand: Amir Temur fenomeni meni rom etgan


O‘zA muxbiri Fransiyada 1988-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasi prezidenti, tarixchi olima Frederik Bopertyui-Bressand bilan internet orqali suhbatlashdi.

– Muhtarama Frederik xonim, Sohibqiron bobomiz hayotiga qiziqishingizga, Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasini tashkil etishingizga nima sabab bo‘lgan?

– Amir Temur oddiy askarlikdan buyuk sarkarda darajasiga chiqqan, Movarounnahrdan Hindistonu Yevropagacha, Arab dengizidan Sibirgacha bo‘lgan ulkan hududda kuchli davlat barpo etgan nodir shaxsdir. U tarixdagi boshqa jahongirlardan farqli ravishda bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat rivojiga katta e’tibor qaratgan. Olimlar, me’morlar, hunarmandlar, tabiblar, faylasuflar, shoiru mashshoqlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Temur, uning nabirasi Mirzo Ulug‘bek va boshqa temuriyzodalar tomonidan hamma joyda masjid va madrasalar, maqbaralar, karvonsaroylar, hammomlar, shifoxonalar, bog‘lar, kanallar qurdirilgan. Movarounnahr, Eron, Hindiston, Xitoy va boshqa o‘lkalardagi madaniyatlar sintezi temuriylar san’atini yuksak darajaga ko‘targan. Sohibqiron davridagi taraqqiyot Yevropada uyg‘onish jarayoniga ham hayotbaxsh ta’sir etgan.

Amir Temur xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan, bu borada ham qat’iy tartib-intizom o‘rnatgan. Buni Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI bilan maktub almashganida yaqqol ko‘rish mumkin. Ispaniya qiroli Genrix III va Angliya qiroli Genri IV ham Amir Temur saroyiga elchi jo‘natgan.

XV asrdayoq Yevropada Amir Temurga yodgorlik o‘rnatilgan, u haqda ko‘plab ilmiy, badiiy asarlar yaratilgan.

Biz yoshligimizdan ana shularni o‘qib ulg‘ayganmiz va Amir Temur fenomeni meni o‘ziga rom etgan. Ilmiy konferensiyalarda qatnashib, olimlar bilan suhbatlashib bildimki, Amir Temur shaxsiga qiziquvchilar ko‘p ekan. O‘rta asrlar Sharq renessansi, Amir Temur davlatining qudrati va ahamiyati haqida soatlab gaplashib to‘ymasdik. Bu olimlarni birlashtirish, ular o‘rtasida ilmiy muloqotni yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj sezildi. Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganuvchilar assotsiatsiyasi shu taxlit tashkil etilgan.

– Assotsiatsiya tomonidan qanday ishlar amalga oshirildi? Yana nimalar rejalashtirilmoqda?

– O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tarixiy adolatni tiklash, buyuk shaxslarning hayoti va bebaho merosini o‘rganish, qadamjolarini obod etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu yevropalik tadqiqotchilar uchun ham ajoyib imkoniyat yaratdi. Biz Amir Temur tug‘ilib o‘sgan yurt – O‘zbekistonga borish, Samarqand va Shahrisabzni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldik. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va boshqa tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatdik.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘z Vatani tarixini chuqur bilishi, bundan faxrlanishi meni qoyil qoldirardi. Bunga 1994-yili Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600-yilligi, 1996-yili Amir Temur tavalludining 660-yilligi yubileylarida ishtirok etganimda amin bo‘lganman. Parijdagi YuNESKO qarorgohida o‘tgan “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” ko‘rgazmasi ham ulkan voqea bo‘lgan edi.

Fransiyalik taniqli olim, assotsiatsiyamizning o‘sha paytdagi prezidenti, professor Lyusen Keren Amir Temur hayoti va faoliyatini, temuriylar davrining boy ma’naviy qadriyatlarini ko‘p yillar davomida samarali ilmiy tadqiq etgani, Fransiya va O‘zbekiston xalqlari madaniyatining yaqinlashishi va hamjihatligiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun O‘zbekistonning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

2007-yili Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyi doirasida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada “Temuriylar davri musiqasi” mavzuidagi ma’ruzam bilan qatnashdim. “Moviy Samarqand” va “Sehrli Samarqand” nomli kitob-albomlarim Parijda nashr etildi.

Assotsiatsiyamiz O‘zbekiston madaniyati va san’atini Fransiya, umuman, Yevropada keng targ‘ib qilib kelmoqda. Xususan, Parijda O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevaning konserti, rassom Bobur Ismoilov va kulol Abdullo Narzullayevning ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Fransiya jurnallarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari tomonidan Samarqand, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan maqolalar nashr qilindi.

2016-yili Germaniya poytaxti Berlinda o‘tkazilgan “Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro konferensiyada assotsiatsiyamiz a’zolari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Assotsiatsiyamizning “La Timuride” (“Temuriylar”) nomli jurnali bor. Unda Amir Temur va temuriylar tarixiga oid yangi tadqiqotlar natijalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar yoritib kelinmoqda.

Rejalarimizga kelsak, ular juda ko‘p. Masalan, Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan katta ko‘rgazma tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Temuriylar tarixining hali ochilmagan qirralari ko‘p, bizda yangi-yangi g‘oyalar, maqsadlar mavjud. Bu buyuk tarixni dunyoda targ‘ib etish, Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shsak, o‘zimizni baxtiyor sezamiz.

Опубликовано: admin (5-04-2017, 12:13)
+1 (голосов: 1)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 67) ( 0) ( 66) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют