» » Fransiya imperiyasini qulatgan Rus yurishi. Napoleonning Rus kampaniyasiga 208 yil to‘ldi

Fransiya imperiyasini qulatgan Rus yurishi. Napoleonning Rus kampaniyasiga 208 yil to‘ldi


1812-yilning yozida o‘z kuch-qudratining cho‘qqisiga erishgan Fransiya imperatori Napoleon Bonapart Rossiyani bo‘ysundirish maqsadida sharqqa qarab yurish boshladi. 24-iyun kuni askarlar imperiya chegarasini kesib o‘tdi va bu sana tarixda rus kampaniyasining boshlangan sanasi sifatida qoldi. “Daryo” imperatorning halokatli yakun bilan tugagan Rossiya yurishi haqida hikoya qiladi.

Aslida, Napoleonning Rossiyaga katta qo‘shin bilan borish niyati yo‘q edi. U iloji boricha Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qildi. 1807-yilgi Fridland jangidan so‘ng Fransiya va Rossiya o‘rtasida 14-iyun kuni tinchlik shartnomasi imzolandi. Bu shartnoma Tilsit shartnomasi deya nomlandi. Tilsitda, aslida, ikkita shartnoma imzolandi. Birinchi shartnomaga asosan hududiy bo‘linishlar haqida gap borsa, ikkinchi shartnoma bir nechta maxfiy bandlarni ham qamrab olgan edi.

Ikkinchi shartnomaga muvofiq ikki davlat o‘rtasida ittifoq tuzilishi kerak edi. Shuningdek, mamlakatlar xalqaro munosabatlarda bir-birlariga vositachi bo‘lish vazifasini ham olishlari kerak edi. Jumladan, Rossiya Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida vositachilik qilaroq, Britaniyani 1807-yil 1-dekabrgacha Fransiya bilan tinchlik shartnomasi tuzishga ko‘ndirishi, aks holda unga urush e’lon qilib, kontinental blokada doirasida Britaniyaga o‘zining portlariga kirishni taqiqlashi lozim edi. Fransiya esa o‘z navbatida o‘zaro urushlar girdobida yurgan Rossiya va Usmonli o‘rtasida shunday vositachi rolini o‘ynashi lozim edi.

Shartnomaga muvofiq agarda ikki davlatdan biri urush holatida bo‘lsa, ikkinchi davlat unga yordamga kelishi shart edi. Ammo 1809-yilda Avstriya Fransiyaga urush e’lon qilganda, Rossiya shartnomada belgilangan majburiyatini bajarmadi. Shuningdek, u Biritaniyaga qarshi blokada shartlarini ham hurmat qilmadi va Britaniya bilan savdo qilishda davom etdi.

1810-yilning boshidan boshlab podshoh Aleksandr I Fransiyaga qarshi urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar chiqa boshladi (Dominic Lieven, Russia against Napoleon. The battle for Europe 1807 to 1814,, Londres, Penguin Books, 2009, 618 p.). Aslida, ruslar Tilsit shartnomasining ertasi kuniyoq armiyani qayta tashkil qilishni boshlab yuborishgan edi. 1811-yilda Aleksandr I Varshafa grafligi, Avstriya imperiyasi va Prussiya qirolligiga Fransiyaga qarshi urushda yordam so‘rab murojaat qildi. Shuningdek, Polsha bilan chegaradagi hududlarga Finlandiyadagi va Usmonli chegarasidagi harbiylarni joylashtirishni boshladi (Albert Vandal, Napol?on et Alexandre Ier. L'alliance russe sous le Premier Empire (1807-1812), Paris, Plon, 1894, tome 2, p. 238.).

Polyaklar va Shvetsiya hamda Konstantinopoldagi elchilar orqali bu haqda xabar topgan Napoleon Germaniya va Polshadagi harbiylari sonini mustahkamlay boshladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, Napoleon rus iqtisodi uchun muhim bo‘lgan iqtisodiy ittifoq haqida o‘ylagan edi, ammo podshohning bunday harakatlaridan keyin Rossiyadan keladigan yog‘och importini to‘xtatib qo‘ydi (Nicola Todorov, La Grande Arm?e ? la conqu?te de l'Angleterre. Le plan secret de Napol?on, Paris, Vend?miaire, 2016, 295 p.).

Ana shunday sharoitda Rossiya bilan mojaroga borishni istamagan Napoleon urush boshlashga majbur qilindi.

Katta Armiya

Napoleon Rossiya yurishi uchun Yevropada bungacha to‘planmagan qo‘shin to‘pladi. Manbalarda qo‘shin soni haqida turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Biz shulardan birini olish bilan cheklanamiz. Napoleon Rossiyaga yurish uchun 680 mingdan ortiq kishilik armiya to‘pladi (Napol?on Bonaparte et Thierry Lentz (Fondation Napol?on) (dir.) (pr?f. Marie-Pierre Rey), Correspondance g?n?rale, vol. 12 : La campagne de Russie, 1812, Fayard, coll. “Divers Histoire”).

Bu ulkan armiya tarkibida 450 ming fransuz, 95 ming polyak, 90 ming nemis, 25 ming italyan, 12 ming shveysariyalik, 4 800 ispan, 3 500 xorvat, 2 000 portugal askarlari bor edi. Bularga qo‘shimcha niderland va belgiyaliklar kontingenti ham bor edi. Niemen daryosidan esa 440 ming kishilik armiya kechib o‘tib, Rossiya hududiga kirdi. Ba’zi ma’lumotlarda Rossiya chegarasi va Rossiya hududidagi imperiya kuchlari umumiy hisobda 771 500 kishini tashkil qilgani qayd etilgan.

Rossiya qo‘shinlari

Mutaxassislarning fikricha, Napoleon armiyasiga qarshi chiqishi kerak bo‘lgan rus armiyasi soni kamroq bo‘lgan. Fransiya imperiyasi hukmi ostida bo‘lgan Katta Varshava grafligi hududiga bostirib kirishga tayyorlab qo‘yilgan 280 ming askar chegarada joylashtirildi. Umumiy hisobda urush boshlanishi paytida Rossiya armiyasi bir necha yuz ming kishini tashkil qilardi. Hisob-kitoblar 350 mingdan, 710 minggachani ko‘rsatadi. Bu asosan uchta qo‘shinni tashkil qilardi:

Ikkita, 65 minglik va 47 minglik qo‘shin mazkur uch qo‘shinga yordam sifatida zaxirada qoldirildi. Mazkur raqamlar shuni ko‘rsatadiki, Napoleonga tezkorlik bilan qarshi chiqishi kerak bo‘lgan rus qo‘shinlari soni 392 ming kishini tashkil qilardi. Shuningdek, Shvetsiya va Usmonli bilan erishilgan tinchlik yana 100 ming kishilik armiyaga ega bo‘lish imkonini taqdim etdi. Sa’y-harakatlar natijasida sentabr oyiga kelib ruslarning faol qismlari soni 900 ming kishiga yetdi. Bundan tashqari, 70–80 ming kishiga yetadigan doimiy bo‘lmagan kozak birlashmalari ham bor edi. Aynan shu kozaklar keyinchalik Napoleon qo‘shiniga qaytish paytida zarbalar berib parokanda qiladi.

23-iyun 1812-yil Napoleonning kuch bilan to‘plagan qo‘shini Rossiya chegarasi yaqinidagi Niemen daryosi bo‘yida turardi. Napoleon Peterburgga oxirgi tinchlik taklifini yubordi. Ammo javob bo‘lmagach, qo‘shinga Niemenni kechib o‘tishni buyurdi. Shunday qilib 24-iyun kuni Katta armiya daryoni kechib o‘tib Rossiya imperiyasi hududiga kirdi. Armiya hech bir qarshiliksiz yoki juda kam qarshilik bilan dushman hududida ilgarilab bordi. Birinchi kirilgan shahar Vilnius bo‘ldi. Aholi ularni ruslardan ozod qiluvchi xaloskor deya e’tirof etdi.

Shu o‘rinda ruslarning mazkur yurishda g‘aroyib taktikasi haqida gapirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Butun yurish mobaynida ruslar faqat chekindi. Chekinish mobaynida esa har bir tark etilgan hududni, shaharni vayron qilib kelayotgan dushmanga hech vaqo qoldirmadi. Bunday taktika harbiy terminologiyada “yondirilgan yer” taktikasi deyiladi. Ruslar fransuzlarni Rossiyaning qish juda qattiq bo‘ladigan hududlarigacha kirib borishlariga imkoniyat yaratib berdi.

Qarshilikka uchramagan Katta armiya esa juda tez harakatlanib bordi va bu narsa Katta armiya uchun logistik muammolarni keltirib chiqardi. Ya’ni qo‘shin uchun zarur bo‘lgan ta’minot yetib kelishi qiyinlashdi va ta’minot ortilgan qism juda ortda qolib ketdi. Bundan tashqari, turli kasalliklar ham qo‘shinga xavf soldi. Tifus va dizenteriyadan juda ko‘plab askarlar kasallanib vafot etdi.

28-iyul kuni Vitebsk egallandi. Ruslar chekinishda davo etdi. Fransuzlar esa ularni ta’qib etishda davom etdi, ammo hamon jangdan darak yo‘q edi. Nihoyat, fransuzlar va ruslar o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv 17-avgust kuni Smolenskda yuz berdi. Aynan shu kuni Napoleon hujum qilish haqida buyruq berdi. Smolensk uch metr qalinlikdagi devor bilan o‘ralgan mustahkam shahar edi. Ammo shunga qaramay fransuzlar bu yerda ham muvaffaqiyatga erishdi. Befoyda qarshilikdan charchagan ruslar esa yana shaharga o‘t qo‘yib unit ark etdilar. Ta’qib davom ettirildi. 19-avgust kuni Valutinoda jang bo‘ldi va bu yerda ham Katta armiyaning qo‘li baland keldi.

Tanqidlarga uchragan Barklay de Tolli o‘rnini egallagan bosh qo‘mondon Kutuzov 7-sentabr kuni Borodino qishlog‘ida himoya istehkomini qurdi. Shu kuni fransuzlar va ruslar o‘rtasida tarixda ruslar tomonidan Borodino, fransuzlar tomonidan Moskva jangi deb nomlangan jang bo‘lib o‘tdi. Jangda ikki tomondan ham 120–130 mingdan odam qatnashdi. Fransuzlarning 440 minglik qo‘shinidan bor yog‘i 130 ming askar qolgan edi. Bir qism Vilnius, bir qism Vitebsk va Smolenskda qolgan, bir qism shimolda jang qilayotgan bo‘lsa, qolganlari kuchli issiq, kasallik va charchoq oqibatida vafot etdi. Yana 130 ming askar jang maydonlarini tark etib dezertir bo‘ldi.

Jang kun bo‘yi davom etdi. Tunda ruslar yana chekindi. 45 ming askarini yo‘qotgan ruslar Majayevsk tomonga qarab chekindi. Shu kuni fransuzlarning 28 ming odami halok bo‘ldi yoki yaralandi. Shu kuni 120 ming marta to‘plardan o‘q otildi. Ushbu jang ham Rossiya yurishi davomidagi eng muhim va eng dahshatli janglardan biri bo‘ldi.

Ruslar Moskvaga qarab chekinishda davom etdi. Fransuzlar esa ta’qibda. Kutuzov Moskvaga boradigan yo‘lni ochiq qoldirishga buyruq berdi va aholini evakuatsiya qildi. Mojaysk ham yoqib yuborildi.

Bu paytga kelib ruslarni faol qismlarining soni 904 ming kishiga yetdi. Moskva yaqinida esa Borodinodagi mag‘lub qo‘shinning qayta tiklangan 100 ming kishilik armiyasi turardi.

13-sentabr kuni Kutuzov yig‘ilish o‘tkazdi va yig‘ilishda Moskvani tark etish haqida qaror qabul qilindi. 14-sentabr kuni Napoleon bo‘shab qolgan Moskvaga kirdi. Ertasi kuni u shahar markazida shohlar saroyi Kremlga o‘rnashdi.

Napoleon ruslarga tinchlik shartnomasi taklif qildi. Ammo Aleksandr vaqtdan yutishga harakat qildi. Napoleon ham armiyasini kuchaytirish uchun vaqtdan yutishni ko‘zlayotgan edi. Aleksandr esa kuchli sovuq Napoleon armiyasini chekinishga majbur qiladi deya kutayotgan edi.

Shunday sharoitda ruslar Moskvaga o‘t qo‘ydi. Deyarli yog‘ochdan qurilgan shahar 14-sentyabrdan 18-sentyabrgacha butunlay yonib kul bo‘ldi. Olovni o‘chirishga bo‘lgan harakat besamar ketdi. 20-sentyabr kechga kelib gina olov o‘zi o‘chdi. 4 ming tosh, 7 ming yog‘ochdan qurilgan uy yonib ketdi. 20 ming kasallar va yaralanganlar ushbu yong‘inda halok bo‘ldi.

18-oktabr kuni Napoleon armiyasi ortga qaytishni boshladi. Shu kuni general Kutuzov armiyasi Yoahim Myurat boshchiligidagi fransuz va polyaklardan iborat imperiya qo‘shini ustidan Vinkovoda g‘alab qozondi.

Shunday sharoitda xarobaga aylangan shaharda qolishni istamagan Napoleon 19-oktabr kuni Moskvadan chiqdi. Ammo qaytish Napoleon armiyasi uchun haqiqiy sovuq jahannamga aylandi. Rossiyaning qattiq sovug‘iga ruslarning hujumlari hamroh bo‘ldi. Ko‘plab askarlar kozaklar hujumlari, qattiq sovuq, oziq-ovqat yetishmasligidan halok bo‘ldi. Otlar sovuqqa chidolmay o‘lib ketdi. Askarlar o‘lgan otlarning go‘shtlarini yeyishga majbur bo‘ldi. Askarlar yo‘l bo‘yi piyoda yurishga majbur bo‘ldi. Hatto imperatorning o‘zi ham ba’zan aravasidan tushib ular bilan birga piyoda yurardi.

Havo harorati -20 darajadan past edi.  Hatto Katta armiya askarlari orasida kannibalizm holatlari ham sodir bo‘lgani haqida general Soltik o‘z esdaliklarida yozib qoldirgan (Jacques-Olivier Boudon, Napol?on et la campagne de Russie : 1812, Armand Colin, 2012, 334 p.).

25-noyabr kuni qo‘shin Berezina daryosi bo‘yiga yetib keldi. Daryo ustiga ko‘prik qurilib askarlar ko‘prikdan o‘ta boshladi. Yetib kelgan Kutuzov qo‘shinlarining hujumi qaytarildi va faqatgina kasallar va ko‘prikdan o‘tishni istamagan dezertirlardan boshqa barcha qo‘shin daryoning narigi qirg‘og‘iga o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Dekabrning boshlarida Parijda general Malet davlat to‘ntarishi amalga oshirdi. Bundan xabar topgan Napoleon 5-dekabr kuni Vilnyusga kirmasdan Parijga jo‘nab ketdi. O‘rnida qoldirib ketgan Myurat esa Neapolni saqlab qolish maqsadida Italiya vitse qiroli Napoleonning kuyovi Ejen de Boharneni o‘z o‘rniga qoldirib Vilnyusni tark etdi. Imperiyaning qolgan askarlari ham 14-dekabr kuni Rossiya hududini tark etdi.

Shunday qilib deyarli olti oy davom etgan Rossiya yurishi nihoyasiga yetdi va bu urushdagi muvaffaqiyatsizlik Napoleonning keyingi taqdirini amalda hal qildi. Ikki yildan so‘ng Napoleon taxtdan tushirilib Elba oroliga surgun qilindi. U yerdan qaytib kelib Vaterloo jangidagi mag‘lubiyatidan so‘ng Muqaddas Yelena oroliga surgun qilindi va o‘sha yerda vafot etdi.

Bu urush Rossiya uchun “Ulug‘ vatan urushi” bo‘ldi. Butun Rossiya dushmanga qarshi mardonavor kurashdi. Ushbu qarshilik harakati milliy identifikatsiyani mustahkamladi va XIX asrdagi rus patriotizmiga asos soldi. Rus vatanparvarlik harakatining bilvosita natijasi shu bo‘ldiki, keyinchalik bu harakat mamlakatning modernizatsiyasini istagan dekabristlar va 1917-yil inqiloblariga zamin yaratdi.

Jahongir Ostonov tayyorladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (24-06-2020, 19:26)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 76) ( 0) ( 75) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют