» » O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi haqidagi xabarlar rad etildi


Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Respublika maxsus komissiyasining mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha axboroti yuzasidan 8-iyul, chorshanba kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Davlat test markazining xabar berishicha, mazkur matbuot anjumanidan so‘ng turli manbalarda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

DTM tomonidan ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4319-sonli qaroriga muvofiq, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan test sinovlarini har yilgi shaklda, katta sig‘imli binolarda, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan”, — deyiladi DTM bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2020/2021-o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlari DTM sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinmoqda. Test sinovlari karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi, hujjatlar 20-iyundan 20-iyulgacha (20-iyul kuni ham) qabul qilinadi.

2020-yil 7-iyul soat 18:00 holatiga ko‘ra, 2020/2021-o‘quv yili uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 517 409 nafarga yetgan.

Avvalroq abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqida videoqo‘llanma, abituriyentlarga test imtihonlari o‘tkaziladigan manzillar joylashuvini ko‘rsatadigan ilova ishlab chiqilgani, test sinovlari bir kunda ikki yoki uch smenada o‘tkazilishi haqida xabarlar berilgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Biroq O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilinadi. 10-iyuldan avtotransport harakati cheklanadi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar yopiladi. O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ladi.

Mavzuga doir: O‘zbekistonda talabalar turar joylari karantinda saqlash joylariga aylantiriladi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (8-07-2020, 20:56)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 97) ( 0) ( 96) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют