» » Samarqandda bo‘ladigan ShHT sammitiga tayyorgarlik ishlarida 7,4 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Samarqandda bo‘ladigan ShHT sammitiga tayyorgarlik ishlarida 7,4 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi


Samarqandda 2022-yilda o‘tkazilishi kutilayotgan Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) sammitiga tayyorgarlik ishlarida jami 7,4 milliard so‘m pul talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 16-martdagi qarori bilan Samarqand viloyati hokimligi huzurida Obodonlashtirish va farovonlikni oshirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma hisobidan viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida hududiy infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish maqsadida suv ta’minoti va kanalizatsiya, ichki yo‘llar, ijtimoiy obyektlar kabi 10 ta yo‘nalishda qurilish va ta’mirlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura tomonidan Samarqand shahrida navbatdagi sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari o‘rganilganda bir qator qonunbuzarliklar qayd etilgan.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi qaroriga asosan tuzilgan ro‘yxatdagi avtomobil yo‘llariga oid 4 ta, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga oid 8 ta obyekt qurilishi noqonuniy ravishda, ya’ni pudratchilarni tender orqali aniqlamasdan, loyiha hujjatlarini tayyorlash bilan birgalikda olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatdagi obyektlar qurilishida mablag‘dan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazorat to‘g‘ri tashkil etilmagan. Bu esa ajratilayotgan pullarning talon-toroj qilinishi, ishlarning sifatsiz bajarilishiga sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi.

Xabarda ta’kidlanishicha, hozir aniqlangan holatlar yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Xususan, Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasining 1,9 kilometrlik qismida “F.G.” MChJ ichimlik va oqova suv tarmoqlarini o‘rnatgan, “S.Y.” UK ko‘chaning ayni shu qismiga asfalt yotqizgan. Biroq 2020-yilning aprel oyiga kelib yo‘lda ko‘plab notekisliklar hosil bo‘lib, yotqizilgan asfalt yaroqsiz ahvolga tushib qolgani aniqlangan.

Suv tarmoqlarini tortish hamda asfalt yotqizishning qonuniyligi o‘rganilganda pudratchilar tender o‘tkazmasdan tanlangani, qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda ekspertizadan o‘tkazilmasdan turib olib borilgani aniqlandi. Shuningdek, oqova suv tarmog‘ini tortishda qurilish me’yorlari qo‘pol ravishda buzilgan. Jumladan, 85 million so‘m pul qo‘shib yozish orqali talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarishda jami 7,4 milliard so‘m pul talon-toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani aniqlangan.

“Qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatildi”, — deyiladi xabarda.

Mavzuga doir: Samarqandda ShHT sammiti uchun mehmonxonalar qurish maqsadida uylarni buzish rejasidan voz kechildi



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (28-08-2020, 15:10)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 71) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют