» » Lukashenko Navalniy borasidagi “Varshava va Berlin suhbati”da nemis va polyaklar emas, amerikaliklar ishtirok etganini aytdi

Lukashenko Navalniy borasidagi “Varshava va Berlin suhbati”da nemis va polyaklar emas, amerikaliklar ishtirok etganini aytdi


Aleksey Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Belarus bilib olgan Varshava va Berlin suhbatida nemis va polyaklar emas, amerikaliklar ishtirok etgan. Meduza’ning xabar berishicha, bu haqda Aleksandr Lukashenko Rossiya OAVlariga bergan intervyusida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbatning to‘liq yozuvini Federal xavfsizlik xizmati rahbari Bortnikovga topshirgan. “Bizda uning nusxasi qoldi, originali yo‘q. Ushbu ovozning ingliz tilidagi haqiqiy nusxasi. Mutaxassislarning aytishicha, suhbatlashayotganlar nemis va polyaklar emas, amerikaliklar. Chunki amerikaliklar ingliz tilini baribir boshqacha talaffuz qiladi”, — degan Lukashenko.

U tutib olingan suhbat audiosi endi Federal xavfsizlik xizmatiga o‘tgani uchun uning to‘liq shaklini oshkor etishdan bosh tortgan. Lekin shu bilan birga, “bu hali gul ekanligi, tez orada mevasini ko‘rsatishini” ta’kidlagan.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 3-sentabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi vaqtida Belarus razvedkasi Germaniya va Polsha o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatni yozib olishga muvaffaq bo‘lgani, Unda Navalniyning zaharlanmagani aytilganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2-sentabr kuni Germaniya hukumati Navalniy Rossiyada “Novichok”ga o‘xshash modda bilan zaharlanganini ma’lum qilgan. Siyosatchi davolanayotgan “Sharite” klinikasi shifokorlarining so‘roviga binoan o‘tkazilgan testlar natijalaridan shunday xulosaga kelingan.

Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya hukumati Navalniy zaharlanishi bilan bog‘liq jiddiy savollarga javob berishi kerakligini aytdi. Muxolif siyosatchiga qilingan suiqasd Buyuk Britaniya, AQSh va Fransiyani ham g‘azablantirdi. London Navalniyga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llanilishini “ablahona ish” deb atadi. Vashington aybdorlarga nisbatan moliyaviy cheklovlar qo‘llashga va’da berdi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (10-09-2020, 07:25)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 85) ( 0) ( 83) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют