» » Toshkentlik ikki ayol ma’muriy qamoq bilan jazolandi. Ular beruxsat yig‘ilish uyushtirishda aybdor deb topildi

Toshkentlik ikki ayol ma’muriy qamoq bilan jazolandi. Ular beruxsat yig‘ilish uyushtirishda aybdor deb topildi


Toshkentlik Irina Zaydman va Mariya Legler ruxsat etilmagan yig‘ilishlar uyushtirgani uchun mos ravishda 10 va 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi bilan jazolandi. Bu haqda, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar berdi.

Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, iyun oyida ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Facebook vositasida Irina Shohnazarova (Zaydman)ning faol ishtirokida fuqarolar uchrashuvi uyushtirilgan. Bunda gap Borovskiy nomidagi Toshkent tibbiyot kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limida aybdorlarni jazolash talabi bilan O‘zbekiston IIVga murojaat ostida imzo chekish masalasida Do‘stlik bog‘ida bo‘lgan uchrashuv haqida bormoqda.

Mariya Golovko (Legler) esa 26-sentabr kuni jonivorlar himoyasi yo‘lida hukumatga murojaat qilish maqsadida Yakkasaroy tumanidagi Pushkin haykali oldida imzo to‘plashni uyushtirgan.

IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ikki holatda ham fuqarolar uchrashuvini uyushtirish uchun ruxsat olinmagan. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan to‘plangan ma’lumotlar aynan shu ikki ayol mazkur uchrashuvlarni uyushtirganini ko‘rsatgan. Irina Shohnazarova uchrashuv joyi va vaqtini ko‘rsatib, o‘z telefon raqamini qoldirgan, Mariya Golovko esa murojaat matnini tayyorlab, uni fuqarolar imzolashi uchun chop etgan.

10-noyabr kuni Mariya Golovko Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (MJtK)ning quyidagi moddalari bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortilgan: 201 (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish), 202 (Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratish) va 202-1 (G‘ayriqonuniy nodavlat notijorat tashkilotlari, oqiimlar, sektalarning faoliyatida qatnashishga undash). Unga nisbatan 10 kun muddatga ma’muriy qamoq ko‘rinishida jazo qo‘llanilgan, shuningdek, eng kam ish haqi (EKIH)ning 60 barobari (8,98 million so‘m) miqdorida jarima solingan.

15-noyabr kuni Irina Shohnazarova MJtKning 201- va 202-moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. U 15 sutka ma’muriy qamoq va EKIHning 50 barobari (7,48 million so‘m) miqdorida jarima bilan jazolangan.

“Gazeta.uz”ning bu ayollar nima uchun shuncha fursat o‘tganidan so‘ng javobgarlikka tortilgani haqidagi savolga javob berarkan, Doniyor Toshxo‘jayev bu dalillarni to‘plash bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidladi.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosarining qayd etishicha, sudda ayollar shahar ma’muriyatidan ruxsat olmay, xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgan. Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, bundan keyin har ikkala ayol qonuniy asosda harakat qilishga va’da bergan.

Doniyor Toshxo‘jayev ayollar qoidabuzarliklar bilan qo‘lga olingani, sud majlislari yopiq va advokatlarsiz o‘tgani haqidagi axborotni rad etdi (buni Irina Shohnazarovaning oilasiga yaqin manba “Gazeta.uz”ga tasdiqladi).

Toshxo‘jayevning ta’kidlashicha, Irina Shohnazarova va Mariya Golovkoning javobgarlikka tortilishi IIBB shu yo‘l bilan fuqarolarga qandaydir ogohlantiruv berayotganini anglatmaydi. “Biz huquqiy davlatda yashayapmiz, bizda qonun va o‘rnatilgan tartib bor. Qonun bilan o‘rnatilgan tartibda har qanday ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, imzo to‘plashlarning oldi olinadi. Tashkilotchilar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi. Biz kimnidir qo‘rqitmoqchi emasmiz, biz hammasi qonun doirasida bo‘lishini istaymiz”, — dedi Doniyor Toshxo‘jayev.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosarining qayd etishicha, ko‘p miqdordagi odamlar ishtirokida tadbirlarni o‘tkazish vaqtida turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida fuqarolarning xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi va jamoat tartibi ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Hozirgi vaqtda Irina Shohnazarova va Mariya Golovko Toshkent shahar IIBB huzuridagi reabilitatsiya markazida bo‘lib turibdi.

Опубликовано: admin (18-11-2017, 23:45)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 52) ( 0) ( 50) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют