Denis Istominda revansh yana o‘xshamadi. Gollandiyalik Robin Xaas o‘zaro o‘yinlarning uchinchisida ham uni mag‘lub etdi
Amirliklarning Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan ATP tasnifiga kiruvchi nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik Denis Istomin birinchi g‘alabasi evaziga asosiy to‘r bellashuvlariga yo‘llanma olgandi. Biroq mamlakatning birinchi raqamli tennischi mukofot jamg‘armasi 2 million 429 ming dollar bo‘lgan turnirning ikkinchi bosqichiga yo‘l ola bilmadi.
Bunda uning yo‘liga gollandiyalik Robin Xaas to‘g‘anoq bo‘ldi hamda ikki set natijasiga ko‘ra 6:2, 6:4 hisoblarida zafar quchdi. Avvalroq Denis Istomin mazkur tennischiga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ularning har ikkisida ham imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.
Ma’lumot uchun, Denis Istomin jahon tennis reytingida 68-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Robin Xaas bor-yo‘g‘i ikki pog‘ona yuqorida — 66-o‘rindan joylashgandi.