» » O‘zbekistonda “Salomatlik sari qadam kuni” ommaviy tadbirlari o‘tkazildi

O‘zbekistonda “Salomatlik sari qadam kuni” ommaviy tadbirlari o‘tkazildi


Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri “Salomatlik sari qadam kuni” deb nomlandi. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qildi.

Aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishini qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilingan mazkur tadbir barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog‘larida o‘tkazildi. Musobaqalarda hududda joylashgan tibbiyot muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona va tashkilotlardan kelgan jamoalar ishtirok etdi.

Toshkentdagi Bobur nomidagi markaziy ekobog‘da jam bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan “Salomatlik sari qadam kuni”ga start berildi.

Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to‘siqlardan o‘tish estafetasi hamda xalqa aylantirish bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo‘g‘imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qo‘llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a’zolari va tizimlari ishi rag‘batlantiriladi.

—Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Kamharakatli hayot tarzi shu tariqa davom etsa, kelgusida bemorlar tibbiyot tizimidagi barcha statsionar shifoxonalarga ham sig‘may qolishi mumkin. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o‘zi uchun ham jiddiy tashvish, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. — Shu bois sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim bo‘ladi. Prezident tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga e’tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo‘yayotgani ham bejiz emas. Shuning uchun vazirligimiz ushbu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishida muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me’yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg‘irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o‘zingizni baxtli his qilasiz, tushkunlikni yengasiz.

Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan “Salomatlik maydonchalari” tashkil qilindi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi asoslari”, “Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari”, “Jismoniy faollikning inson organizmiga ta’siri” mavzularida suhbatlar tashkil etilgani aholining sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uyushtirilgan mazkur ommaviy tadbir O‘zbekiston bo‘ylab ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Kelgusi shanba, 30-mart kuni vazirlik tomonidan mamlakat hududlarida “Velosipedda sayr kuni” o‘tkaziladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-03-2019, 14:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Что нужно улучшить на нашем сайте?

КТО НА САЙТЕ?
( 90) ( 0) ( 88) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют