» » Nazarboyev To‘qayevni Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi. Taklif bir ovozdan ma’qullandi

Nazarboyev To‘qayevni Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi. Taklif bir ovozdan ma’qullandi


Nur Otan partiyasi raisi Nursulton Nazarboyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevni Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi, deya xabar berdi “Tengrinews”.

“Nur Otan partiyasining raisi sifatida, men ko‘rib chiqish uchun qurultoy kun tartibiga Qosim-Jo‘mart To‘qayev nomzodini Qozog‘iston prezidenti lavozimiga ko‘rsatish masalasini kiritaman. U bilan ko‘p yillar davomida birgalikda ishlagan inson sifatida uni mamlakatda ushbu lavozimga eng munosib nomzod deb hisoblayman. To‘qayev mustaqillikning ilk yillaridanoq turli joylarda men bilan birga ishlagan. U Qozog‘iston tashqi siyosatini men bilan birga qurgan. Uning diplomatik maqomi chet elda juda qadrlanadi. U BMT bosh kotibining o‘rinbosari bo‘lib, juda tajribali davlat siyosatchisi bo‘lganini bilasiz”, — dedi Nazarboyev partiyaning navbatdan tashqari XIX qurultoyida.

Nazarboyevning ta’kidlashicha, To‘qayev Qozog‘iston uchun eng qiyin davrda hukumatni boshqargan.

“1998-yili Osiyodagi inqirozi davrida u iqtisodiyotimizni qayta tiklashda ishtirok etgan. 1990-yillar oxiri va 2000-yillarning boshida u bir qancha muhim islohotlarni amalga oshirgan va shundan so‘ng bizda iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun yo‘l ochildi. O‘sha yillarda u mening Milliy jamg‘arma tashkil etish to‘g‘risidagi g‘oyamni qo‘llab-quvvatlagan. Taraqqiyot institutlari, uy-joy—jamg‘arma banki ishga tushgan, ijtimoiy modernizatsiya yo‘lida ilk qadamlar qo‘yilgan. Yangi pensiya tizimi shakllantirilgan. Senat raisi sifatida u parlamentarizm rivoji uchun ham ulkan hissa qo‘shgan. O‘tgan yillar davomida u mening sodiq safdoshim bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi Qozog‘istonning birinchi prezidenti.

Qurultoy qaroriga ko‘ra, Qosim-Jo‘mart To‘qayev bir ovozdan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi.

“Biz bir qarorga kelib, Nur Otan partiyasidan yagona nomzodni aniqladik. Bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. Biz birlashib, ushbu sinovlardan o‘tib olishimiz zarur. Asrimiz shiddatli. Ilm-fan va texnologiya rivojlanib bormoqda. Ushbu asrda orqada qolmasligimiz lozim. Buning uchun esa bizga birdamlik zarur. Biz mustaqilligimizni mustahkam ushlashimiz kerak”, — dedi Nursulton Nazarboyev.

Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev 20-mart kuni prezidentlik vakolatlarini topshirganidan so‘ng, mamlakatga Senatning sobiq raisi — Qosim-Jo‘mart To‘qayev rahbarlik qilmoqda.

Dastlab To‘qayev Nazarboyevning prezidentlik muddati yakuniga yetguniga qadar — 2020-apreligacha prezidentlik qilishi ta’kidlangan edi. Ammo To‘qayev aprel oyi boshida mamlakatda 9-iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-04-2019, 14:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 56) ( 0) ( 56) ( 0)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
- отсутствуют
Последние 20 посетителей... - отсутствуют