» » O‘zbekistonda yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlari tasdiqlanadi

O‘zbekistonda yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlari tasdiqlanadi


Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida parlament a’zolari “Yaylovlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.

Qonun bilan bu sohadagi davlat siyosatining quyidagi asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda: davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish; yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan qoidalar, normalar va normativlarni belgilash; davlat nazoratini amalga oshirish; yaylovlardan oqilona foydalanishni, ularni muhofaza qilishni, takror ko‘paytirishni va tiklashni ta’minlash; ilmiy-tadqiqot faoliyatini va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

Muhokama chog‘ida senatorlarning e’tibori davlat organlarining bu sohadagi vakolatlariga qaratildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasi yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi, davlat dasturlarini tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi, yaylovlarni foydalanish uchun berish tartibini tasdiqlaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi, yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini tasdiqlaydi va hokazo.

“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi kabi tuzilmalar davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda, pichan o‘rish va chorva mollarini o‘tlatish normalari hamda muddatlarini belgilashda, chorva mollarini o‘tlatish uchun uchastkalar berilishini ta’minlashda, o‘rmon fondi yerlarida yaylovlar monitoringini o‘tkazishda ishtirok etadi.

Shuningdek Qonunda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni tashkil etishdagi ishtiroki mexanizmlari mustahkamlanmoqda, xususan ular yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishiga ko‘maklashadi, yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Yaylovlardan foydalanish tartibi ham belgilanmoqda, ular yuridik va jismoniy shaxslarga davlat hokimiyati organlarining qaroriga ko‘ra doimiy egalik qilishga, ijaraga va vaqtincha foydalanishga beriladi, o‘rmon fondi yerlarida yaylovlardan davlat o‘rmon xo‘jaligi organlarining ruxsatnomasi bo‘yicha foydalaniladi.

Qonunga muvofiq yaylovlardan foydalanuvchilar yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarga muvofiq chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish, yaylov infratuzilmasini barpo etishga doir ishlarni amalga oshirish, yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmasini tuzish huquqiga ega.

Ular o‘z navbatida yaylovlardan ularning belgilangan maqsadiga ko‘ra oqilona foydalanishi, yaylov o‘simliklarini takror ko‘paytirishga ko‘maklashishga, o‘simlik qoplamini tiklashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart.

Bundan tashqari, Qonun bilan yaylovlarni muhofaza qilish, takror ko‘paytirish va tiklash masalalari tartibga solinmoqda. Jumladan, yaylovlarni muhofaza qilish yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash qoidalari hamda normativlarini belgilash, cheklovlar va taqiqlar belgilash, yaylovlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning oldini olish va ularga barham berish, inventarizatsiyadan o‘tkazish, yaylovlarning geobotanik jihatdan tekshirilishini amalga oshirish, monitoringini yuritish, yaylovlardan foydalanish, ularni takror ko‘paytirish va tiklash ustidan nazoratni amalga oshirish yo‘li bilan ta’minlanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslar zimmasiga yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash yuklanadi.

Qayd etilganidek, Qonunning qabul qilinishi aholi uchun, shuningdek eksport qilish uchun oziq-ovqat tovarlari, go‘sht-sut mahsulotlari g‘aramini oshirish maqsadida yaylovlardan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini va yangi imkoniyatlarni yaratishga ko‘maklashadi. Senatorlar Qonunni ma’qulladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (3-05-2019, 14:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 77) ( 0) ( 75) ( 2)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют