» » AQShda Gollivud rejissorini o‘ldirishda gumon qilingan shaxs hibsga olindi. Uni 34 yil izlashgan

AQShda Gollivud rejissorini o‘ldirishda gumon qilingan shaxs hibsga olindi. Uni 34 yil izlashgan


“G‘aroyib Xalk” va “Mo‘jiza-ayol” seriallarini suratga olish jarayonida qatnashgan rejissor Berri Kreyn 1985-yil 5-iyul kuni Los-Anjelesdagi o‘z uyida o‘ldirib ketilgan edi. Kreynning uy xizmatchisi uni uyning garajidan, bo‘g‘ib o‘ldirilgan holda topgan. U nima uchun o‘ldirilgani hamon noma’lum, deb yozadi Meduza. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, uydan rejissorning avtomobili olib qochilgan.

Kreynning o‘limidan so‘ng oradan 30-yildan ko‘proq vaqt o‘tib, AQSh Federal tergov byurosi (FTB) agentlari uni o‘ldirishda gumon qilingan shaxsni topdi. 9-may kuni Shimoliy Karolinada 52 yoshli mahalliy fuqaro — Edvin Xiett qo‘lga olingan, deya xabar bermoqda The New York Times. Uni o‘zi ishlaydigan ta’mirlash ustaxonasida ushlashgan. Politsiyadan ma’lum qilishlaricha, yaqin bir necha kun ichida gumonlanuvchini Shimoliy Karolinadan Los-Anjelesga ko‘chirish kutilmoqda.

FTB agentlari gumonlanuvchini DNK namunalari tahlili yordamida topgan. Ekspertlar 2018-yili Berri Kreynning avtomobilidan topilgan barmoq izlarini Edvin Xiettniki bilan qiyoslab ko‘rgan. Qotillik bilan aloqadorlikni tasdiqlash uchun tergov ishtirokchilari Xiett tashlab yuborgan bir necha tamaki qoldig‘i va u tegingan bir martalik qahva idishini uning o‘ziga bildirmay olgan.

2019-yil martida Xiettning uyiga politsiyachilar kelgan — Los-Anjeles politsiyasidan ma’lum qilishlaricha, suhbat davomida u qotillik qilganini tan olgan. 9-may kuni, uni qamoqqa olib ketishayotganida esa Xiett jurnalistlarga ehtimol rejissorni o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligini, o‘sha vaqtda giyohvand moddalar qabul qilganini aytgan. Lekin u hujum qilish jarayonini eslay olmagan, Kreynni ham suratidan taniy olmagan. 1985-yilda Xiett 18 yoshda bo‘lgan.

Rejissor, ssenariynavis va prodyuser Berri Kreyn kino va televideniyedagi faoliyatidan tashqari AQShda professional bridj (qarta o‘yini turi) o‘yinchisi sifatida ham tanilgan edi. U mazkur o‘yin bo‘yicha 13 bor AQSh chempioni bo‘lgan, bridjdagi eng yaxshi o‘yinchilar reytingi esa uning nomi bilan ataladi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (11-05-2019, 20:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 80) ( 0) ( 79) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют