» » Haftalik dayjest: Kirib kelgan Ramazon va unga yugurgan o‘quvchilar, neft koni va to‘silgan saytlar ochilishi

Haftalik dayjest: Kirib kelgan Ramazon va unga yugurgan o‘quvchilar, neft koni va to‘silgan saytlar ochilishi


“Daryo” saytida  haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz. Ramazon oyi bilan boshlangan hafta yurtimizga bir qator ijobiy o‘zgarishlar ham keltirdi: neft koni ochildi, to‘siqdagi saytlar ochildi, yangi masjid ham ochildi.

6-martda Ramazon oyi kirib keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Joylarda taroveh namozlari o‘qilishi boshlandi. Shuning munosabati bilan poytaxtning ayrim ko‘chalari kechki payt yopilishi ma’lum qilindi.

Ramazon boshida Qo‘qondagi 8-maktab direktori ro‘za tutgan o‘quvchilarini ataylab yugurtirgani ko‘plab musulmonlarning qahri va e’tiroziga sababchi bo‘ldi. Ko‘tarilgan shov-shuv ortidan Qo‘qon shahar xalq ta’limi bo‘limi ro‘zador o‘quvchilar issiqda yugurtirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Prokuratura bu ish yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi, oqibatda maktab direktori ro‘zador o‘quvchilarni yugurtirmaganini aytdi.

* * *

O‘zbekistondagi eng chuqur konlardan bo‘lmish Mingbuloq konidan neft qazib olindi. Namangan viloyatidagi konda Xitoyning CNPC kompaniyasi bilan qo‘shma loyiha olib borilmoqda. Konga Namangan hokimi Xayrulla Bozorov, energetika vaziri Alisher Sultonov va boshqa ko‘plab mansabdorlar yetib bordi. Neft chiqqanligi shodiyonasi bois ular bir-birlarining yuziga “qora oltin” surkab xursandchilik qildi.

* * *

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftada Farg‘ona viloyatida bo‘ldi. Viloyatdagi yig‘ilishda prezident investitsiya kiritish va modernizatsiyalash masalalariga keng to‘xtaldi. Shuningdek, Farg‘ona shahridagi Temurbeklar maktabini borib ko‘rdi va bitiruvchilarga o‘zi xohlagan OTMda grant asosida o‘qish imkoniyatini taqdim qildi. Bundan tashqari, Farg‘onadagi eng ulkan zavodlarning biri FNQIZga tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘onadaligida Qo‘qonda elektromobil ishlab chiqarish zavodi barpo etilishi ehtimoli haqida xabar berildi. Zavod 2023-yilda mashina ishlab chiqarishi mumkin. Unda ming kishi ishlaydi va yiliga 10 ming elektromobil tayyorlaydi. Bu zavod koreyalik mashinasozlar bilan birga quriladi.

* * *

9-may kuni O‘zbekistonning ko‘plab joylarida Xotira va qadrlash kuni keng nishonlandi. Humo Arena muz saroyida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan konsert o‘tkazildi. Qashqadaryoning Dehqonobodida xotira maydoni ochildi. Minglab fuqarolar Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Shavkat Mirziyoyev Toshkent Botanika bog‘ida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida ishtirok etdi hamda poytaxtda G‘alaba bog‘i qurilishini ma’lum qildi. Boshqa viloyatlar ham tadbirlar o‘tkazdi, Buxoro hokimi “Katyusha” harbiycha qo‘shig‘ini kuyladi.

Xotira va qadrlash kunida, garchi Toshkent shahar hokimiyati ruxsat bermagan bo‘lsa-da, “O‘lmas polk” aksiyasi o‘tkazildi.

* * *

10-maydan boshlab ko‘chalarda avtomobil chirog‘ini yoqib yurish va boshqa yangi qoidalar kuchga kirdi. Bundan tashqari, endi aylanma harakat chorrahasida harakatlanayotgan transport aylanaga kirib kelayotgan transportlarga nisbatan ustunlikka ega bo‘ladi. Shuningdek, 28 ta yangi yo‘l belgilari amaliyotga kiritildi. Mutaxassislarning fikricha, kunduzi chiroq yoqib yurish yo‘l harakati ishtirokchilarini sergaklantiradi va avtohalokatlarni kamaytiradi. Biroq O‘zbekiston azaldan serquyosh bo‘lgani bois bu choraning foyda berishidan shubhalanayotganlar ham yo‘q emas.

Darvoqe, yo‘l harakatiga doir yana bir yangilik: jamoaviy murojaatlar portalida ismli avtoraqamlar joriy etilishi taklif qilindi. Noodatiy avtoraqamlar sotilishidan davlatga mo‘may mablag‘ tushadi, shuningdek, uni begonalar eslab qolishi ham osonroqdir, deb asoslangan taklif.

* * *

Chilonzor tumanida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid ochildi. U ikki gektardan ziyod maydoni egallaydi; majmua tarkibida konferens-zal, o‘quv xonalari, tahoratxona, muzey va boshqalar bor. Unga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘g‘li Ismoil Muhammad Yusuf imom etib tayinlandi.

* * *

O‘tgan haftada mamlakatimizda axborot erkinligi bo‘yicha salmoqli qadam qo‘yildi. 10-maydan boshlab Voice of America, “Amerika ovozi”, BBC Uzbek, Deutsche Welle, Amnesty International, Human Rights Watch, Reporters sans frontieres, “Eurasianet.org”, AsiaTerra, Fergana Agency, Centre1, “Uzmetronom” kabi veb-saytlar ochib qo‘yildi. Bu saytlar hech bir izohsiz ko‘p yillardan beri O‘zbekiston hududida to‘sib qo‘yilgan edi.

“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-05-2019, 07:59)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 71) ( 0) ( 70) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют