» » Adliya vazirligi: O‘zbekistonda 1,5 mingdan ortiq qabristonning kadastr hujjatlari yo‘q

Adliya vazirligi: O‘zbekistonda 1,5 mingdan ortiq qabristonning kadastr hujjatlari yo‘q


Adliya vazirligi tomonidan dafn etish joylari (qabristonlar)ni tashkil etish, saqlash va ulardan foydalanish sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi. Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.

Jumladan, hozirda O‘zbekiston hududida jami 10 457 ta qabristonlar faoliyat yuritmoqda.

O‘tkazilgan tahlillar natijasi qabristonlardan foydalanish, ularni saqlash va obodonlashtirish bo‘yicha quyidagi tizimli muammo

va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, qabristonlarning 2 248 tasi ekologik, sanitariya, shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga javob bermaydi.

Masalan, aksariyat qabristonlar hududida quruq o‘t, barg, shox-shabbalar yoqish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va o‘stirish, uy hayvonlarini boqish va boshqa shu kabi sanitariya qoidalariga zid holatlar mavjudligini ko‘rish mumkin. Qabristonlar uchun ajratilgan yer uchastkasi maydoni amaldagi me’yorlarga javob bermaydi, ularda hojatxonalar va chiqindilar uchun maxsus qutilar tashkil etilmagan.

Respublika bo‘yicha jami 1 588 ta qabristonlarning kadastr hujjatlari mavjud emas. Natijada, qabristonlarning sanitariya muhofaza zonalarida noqonuniy ravishda turar va noturar joy obyektlari qurilgan.

Ko‘plab qabristonlar muhandislik-kommunikatsiya (elektr, yo‘l

va boshqalar) tarmoqlariga ulanmagan. Masalan, Samarqanddagi 1 307 ta hamda Qoraqalpog‘istondagi 233 ta qabristonlar elektr bilan ta’minlanmagan.

Shuningdek, jami 3 840 ta qabristonlarda yo‘l va trotuarlar asfalt-beton bilan qoplanmagan (tuproq yo‘llardan iborat) bo‘lib, mazkur holat yog‘ingarchilik paytida aholiga noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilganligiga qaramasdan 2 655 ta qabristonlarda ma’muriy binolar mavjud emas. Bu esa qabriston xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qonunchilikda marosim xizmatlari bo‘yicha tariflar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanishi ko‘rsatilgan. Biroq, hududlarda marosim xizmatlarini belgilash bo‘yicha yagona amaliyot mavjud emas. Natijada, marosim xizmatlari bo‘yicha tariflarni belgilashda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Masalan, Jizzax, Samarqand viloyat hokimliklari tomonidan pullik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tariflar tasdiqlanmagan.

Jumladan, Samarqand viloyatida qonun hujjatlariga zid ravishda Samarqand tuman hokimining o‘rinbosari va Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 2016-yil yanvar oyida dafn marosimlari o‘tkazganlik uchun kalkulyatsiya tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Namangan viloyatida tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mazkur tariflar turli yillarda va har xil miqdorlarda belgilangan.

Mazkur holatlar dafn marosimlarini ko‘rsatganlik uchun fuqarolardan asossiz ravishda ortiqcha pul mablag‘larini undirilishiga olib kelgan.

Jami qabristonlarning 1 807 tasida xayr-ehsonlarni yig‘ish, hisobga olish va ulardan maqsadli foydalanish tartiblariga rioya qilinmagan.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri, Xo‘jayli, Sho‘manoy, Qorao‘zak tumanlari, Toshkent viloyati Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Yangiyo‘l tumanida Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan xayr-ehsonlarning kelib tushishi va ulardan maqsadli foydalanilishi to‘g‘risida tegishli moliya organlariga hisobotlar taqdim etilmagan.

Yuqorida qayd etilgan muammolar ehson qutilariga tegishli pul mablag‘lari kelib tushmasligi hamda kelib tushayotgan mablag‘larning hisobi yuritilmasligi kabi salbiy holatlarni keltirib chiqarmoqda.

Buning natijasida, qabristonlar hududini saqlash

va obodonlashtirish uchun yetarli xayr-ehson mablag‘lari shakllanmay qolishiga olib kelmoqda.

Qabristonlarda xayr-ehsonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha komissiyalar faoliyati talab darajasida emas. Xususan, Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, To‘rtko‘l tumanlari, Surxondaryo viloyati Termiz shahar, Termiz, Muzrabot, Sherobod tumanlari, Toshkent viloyati Chirchiq va Olmaliq shaharlarida komissiyalar tashkil etilmagan.

Qayd etish joizki, respublika bo‘yicha 4 912 ta qabristonlarga ularni saqlash va obodonlashtirish ishlari uchun mahalliy budjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilmay kelinmoqda.

Buning oqibatida, mazkur qabristonlar (Toshkent shahridan tashqari) ekologik, sanitariya, shaharsozlik me’yorlari va qoidalariga muvofiq jihozlanmagan hamda qarovsiz holga kelib qolgan.

Masalan, Andijon viloyati Shahrixon tuman hokimining 2018-yil 26-martdagi 653-Q-son “Qabriston qurilishi uchun qo‘shimcha yer maydoni ajratib berish to‘g‘risida”gi qarori bilan tuman zahira fondidagi yer maydonidan Qumqayroq MFY fuqarolari uchun 1 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lsa-da, ushbu qabristonga shu kunga qadar budjet mablag‘lari ajratilmaganligi sababli, ish faoliyatini boshlamagan. Bu esa, mazkur hudud aholisi uchun noqulayliklar tug‘dirib kelmoqda.

Bundan tashqari, qabristonlarni saqlash, ulardan foydalanish

va marosim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha qorovul, dafn marosimi xizmatlari ishchisi, tozalovchi va nazoratchi kabi xodimlarga ehtiyoj mavjud.

Yuqorida qayd etilgan tizimli kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari va obodonlashtirish boshqarmalariga qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida 120 ta taqdimnoma,

24 ta ogohnoma, shuningdek qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida 299 ta ma’muriy takliflar kiritildi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan qabristonlarni obodonlashtirish va saqlash ishlarini yanada takomillashtirish, qabristonlarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

– qabristonlarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirilishni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish;

– qabristonlar hududida sanitariya-himoyalash zonalarini tashkil etish;

– qabristonlarni saqlash va obodonlashtirish ishlariga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini (autsorsing) joriy qilish;

– Toshkent shahridagi qabristonlarga qo‘shimcha yer uchastkalarini ajratishni ta’minlash choralarini ko‘rish;

– barcha qabristonlarga mahalliy budjet mablag‘lari ajratilishini ta’minlash.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (13-05-2019, 22:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Кто вы по знаку зодиака?

КТО НА САЙТЕ?
( 94) ( 0) ( 93) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют