» » Zahar ichsang ham, avval tekshir. Sifatli anabolik vositalarni qayerdan sotib olish kerak?

Zahar ichsang ham, avval tekshir. Sifatli anabolik vositalarni qayerdan sotib olish kerak?


Yosh muallif, O‘zDJTU talabasi Dilbar Ismatullayeva “Daryo” uchun o‘tkazgan surishtiruvida “Testosteron” dori vositasining O‘zbekistonda sotilishi borasida uchraydigan muammolarni o‘rgandi.

Hozirgi zamonda nima ko‘p, mashg‘ulot zali ko‘p. Yigitlarning ko‘cha-ko‘yda bekorchi bo‘lib yurganidan ko‘ra sport bilan shug‘ullangani, chiniqqani yaxshi, albatta. Lekin harakat qilmay turib mushak chiqaraman, osongina vazn to‘playman deydiganlar ham, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, uchrab turar ekan. Men esa buni bilmas edim, quyidagi suhbat bo‘lib o‘tmaguncha.

Dastlabki turtki

- Nimaga bunaqa ozib ketding?

- Zalga bormay qo‘ydim, vazn beradigan dorilarni ham qabul qilmayapman.

- Qanaqa dori?

- “Testosteron” — sport zallarida shug‘ullanadigan yigitlar (ba’zida qizlar ham) vazn olish uchun qabul qiladigan narsa.

- Salbiy ta’siri bor yoki yo‘qligini do‘xtirdan so‘ramaganmiding? Dorixonada uni do‘xtir ko‘rsatmasisiz ham beraverdimi?

- Dorixonadan olmaganman-da. Ey, hozir unaqa narsalar sotadiganlar ko‘payib ketganku.

- Qonuniymi o‘zi?

- Bilmadim...

Keyingi qadam

Testosteron va boshqa anabolik vositalar, ularning ta’siri haqida ilgariroq “Daryo” kolumnisti Sarvar G‘aniyevning maqolasi e’lon   qilingan  ekan. Bundan tashqari, Doctor D klinikasi asoschisi shifokor Dilmurod Ergashev ham o‘zining YouTube’dagi vlogida shu mavzu doirasida bir nechta video joylashtirgan bo‘lib, unda ham ushbu vositalar, ulardan to‘g‘ri foydalanish tartibi hamda noto‘g‘ri foydalanish asoratlariga atroflicha to‘xtalib o‘tilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xodimi Furqat Sanayev bilan bog‘lanib, O‘zbekiston Respublikasi hududida sotilishi mumkin bo‘lgan, ro‘yxatga olingan farmatsevtik vositalar ro‘yxatini so‘radim. Bir necha axborot manbalariga qo‘ng‘iroq qilib bilgan ma’lumotlarimdan aniq bo‘lishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi saytining ochiq ma’lumotlar portalidagi O‘zbekiston hududidan ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalari haqida ma’lumotlar mavjud va bazadagi ma’lumotlar har o‘n kunda yangilanadi. Unda “Testosteron” farmatsevtik vositasining Ukrainaning “Farmak” firmasi tomonidan ishlab chiqilgan “Testosterona Propionat” nomli turiga va Eronda ishlab chiqilgan “Testosteron Enantat 250” nomli turiga duch kelasiz.

“Ikki toifa dorilar bor. OTS (over the country) va retsept bilan sotiluvchi. “Testosteron”ni retseptsiz sotish taqiqlangan”, — deb javob berdi  shifokor Sherzod Turdiyev u bilan shu masala yuzasidan bog‘langanimizda.

Telegram tarmog‘ining qidiruv uchun mo‘ljallangan qismiga “Sportivnoye pitaniye” deb yozsangiz, messenjer sizga o‘nlab savdo kanallari ro‘yxatini taqdim etadi.

Aslida tibbiy amaliyot natijasida zaiflashgan bemorlarni davolash uchun qo‘llaniladigan ushbu vositani sportchi akalarimiz vazn yig‘ish, mushak chiqarish maqsadida qabul qilarkan. “Sizlarda ‘Testosteron’ bormi?”, deya bergan savolimga savdo kanallari sotuvchilarining to‘qqiz nafaridan “Ha”, bir nafaridan “Yaqinda tugagan edi” javobini oldim.

“So‘raganning aybi yo‘q, bu dorilar qayerda ishlab chiqarilgan?”, mazmunidagi savolga “Hindistonniki”, “Xitoyniki”, “Amerika”, “Aniq tozasi” kabi turli javoblar berishdi. O‘shanda menda tug‘ilgan savol hozir sizning ham miyangizga kelgani aniq: Ukraina va Eronniki-chi?

“Savdo do‘koningiz qayerda joylashgan?” degan savolga olgan javobim hammasidan ajoyib — “Bizda do‘kon yo‘q, biz faqat online savdo qilamiz”. Litsenziya haqidagi savollarim esa javob o‘rniga turli “olib qochishlar”ga yo‘liqdi.

“Qanday olib kirasizlar?”

“Savdogar”larning ko‘pchiligi o‘z ishiga puxta ekan, sir boy bermadi. Urina-urina, axiyri bittasining “tilini topdim”. “Hujjatga boshqa narsaning nomini rasmiylashtirib olib kiramiz, bular oshkora bo‘lmaydi, tirikchilik”, dedi u. Gap orasida chetga chiqib ketayotganini, tovarlari chegaradan o‘tmay qolganini ham qistirib o‘tdi. Ha, yana aytdiki, Xitoydan “tankalar” tovar olib kelyapti ekan.

“Yoshingiz nechada?”, deb so‘radim. “Yigirma ikkida”. “Bale, yosh bo‘lsangiz ham yuragingiz katta ekan”, dedim. “Tirikchilik-da”, degan javob oldim. Orada rahmat ham aytib qo‘ydi. Ko‘ngli ko‘tarildi, shekilli.

Bojxonada nima gap?

Suratda “Testosteron”ning to‘rt turi 25–31 dollar atrofida narxlangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatida mavjud Ukraina dorisining narxi poytaxtimizdagi dorixonalarda, “Arzonapteka.uz” xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 30 ming so‘mdan, Eron dorisi esa 100 ming so‘mdan yuqori narxlanmaydi. Yuqoridagi suratda ko‘rsatilgan (“Testosteron”dan boshqa dorilarning ham ayrimlari Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxatida yo‘q) narxlarga e’tibor qarating. “Testosteron” qo‘lda 50 dollargacha narxda sotilmoqda.

Bu suratda Xitoyning ZPHC Pharm korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot, uning narxi va murojaat qilinishi mumkin bo‘lgan telefon raqami aks etgan. “Olib kirish qiyin emasmi?”, desam, “Oson emas” deyishdi. Lekin, menimcha, qiyin ham emas. Aks holda bu vositalar butun O‘zbekiston bo‘ylab erkin aylanib yurar edimi? Kim tarqatyapti? Kim tekshiryapti?

Kim tekshirishi kerak?

“Testosteron”ning boshqacha variantlari sport qo‘shimchalari ro‘yxatida bo‘lishi mumkin degan o‘yda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul xodimlari bilan bog‘landim va ularning yo‘llanmasiga ko‘ra ma’lumot olish maqsadida DSESning rasmiy saytiga kirdim. SES ro‘yxatidan o‘tgan vositalar ro‘yxati bilan tanishdim. Baxtga qarshi, u yo‘q.

- Sog‘liqni saqlash vazirligi va DSES ro‘yxatida qayd etilmagan dori vositalarini sotish noqonuniy hisoblanadimi?

- Ha.

DSES xodimi bilan bo‘lgan suhbat shu yo‘sinda yakunlandi.

Xulosa

“Shahar bedarvoza emas” degan gap bor. Qani darvoza? Yoki men nimaningdir tagiga yeta olmadim, yoki bu yerda chindan ham nimadir bor. Bu borada rasmiylar fikrini kutib qolamiz.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (23-05-2019, 09:29)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 64) ( 0) ( 63) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют