» » “Boriga baraka”, “Omad shou”, “Millioner shou” kabi ko‘rsatuvlar tomoshabinga nima bermoqda?

“Boriga baraka”, “Omad shou”, “Millioner shou” kabi ko‘rsatuvlar tomoshabinga nima bermoqda?


“Ishonch” gazetasida jurnalist Zebo Namozovaning “Hayot qimor emas” sarlavhali maqolasi chop etildi. Ushbu maqolada hozirgi kunda telekanallarda namoyih etilayotgan turli yutuqli o‘yinlar tanqid ostiga olingan. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Qimor nima?

Islom dinida qimor taqiqlangan va harom qilingan illat hisoblanadi. Buning kasofatidan qanchalab odamlarning hayoti izdan chiqqaniga misollar juda ko‘p. Biroq taassufki, insoniyatning o‘ziday ko‘hna tarixga ega qimor zamonlar osha taraqqiylashsa taraqqiylashdiki, urfdan qolgani yo‘q. Tobora globallashayotgan bugungi kibervirtual dunyo esa uning yanada gullab-yashnashi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratayotgandek go‘yo... Shulardan biri teleo‘yinlardir. Kundan-kunga ommalashib, odamlar shuurini band etib borayotgan o‘yinlar, yutuqli teleshoular, savdo bozorida xaridorlar auditoriyasini o‘ziga tortishga qaratilgan jilvagar lotereya o‘yinlari chetdan qaraganda ko‘ngilochar dastur, reklama yoki raqobat maydonidagi o‘ziga xos kurashga o‘xshab tuyulsa-da, mohiyatan muqaddas va sahih kitoblarda ta’qiqlangan qimor o‘yinining aynan o‘zidir.

Arab tilida muomala qiluvchilarga xatari bor har bir xatti-harakat qimor deb ataladi. Boshqacha qilib aytganda, g‘olib mag‘lubdan biror narsa oladigan har bir o‘yin qimor hisoblanadi. Qur’oni Karimda shunday deyilgan: “Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen “Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun naf bor, biroq gunohlari naflaridan kattadir”, deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so‘rarlar. Sen “Ortiqchasini”, deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, tafakkur qilsangiz”. (“Baqara” surasi, 129-oyat)

Demak, qimorning hukmi quyidagicha: osonlik bilan mehnat qilmay, oshiq, qarta o‘ynash yoki boshacha nomlangan o‘yinlar orqali odamlarning pulini olish – harom.

Teleekranlarimizni “bezab” turgan va keyingi paytlarda go‘yoki kim o‘zarga har bir kanalda tashkil etilayotgan, mohiyatan esa qimorni eslatuvchi ko‘rsatuvlarni bir ko‘z oldingizga keltiring: “Boriga baraka”, “Omad shou”, “Millioner shou”, “Oltin kalit”... Ular shakl jihatdan biroz farq qilsa-da, ammo barchasining negizida ko‘pchilikning pulidan kamchilikka foyda keltirish, mehnat qilmasdan oson pul topish, o‘zgalarning hisobidan bir pasda boyib ketish – mashinali yoki uyli bo‘lib qolish kabi noto‘g‘ri g‘oyalar mujassam. Men bu ko‘rsatuvlarning hech birida ishtirok etmaganman. Hattoki ko‘rsatuv ishtirokchilari yoki uni tayyorlab efirga uzatishda xizmat qilayotgan insonlarga hasad bilan boqmayman. Meni oddiy inson sifatida ko‘rsatuvni berilib tomosha qilayotgan ota-onalar, ularga qo‘shilib zavqlanayotgan va ich-ichidan oson mashinali, qimmatbaho buyumli yoki uyli bo‘lish istagi tug‘ilayotgan bolalarimizning o‘y-xayollarida yuzaga kelayotgan o‘zgarishlar xavotirga solmoqda. Ayting-chi, bu kabi yengil-yelpi, dinimiz ahkomlariga to‘g‘ri kelmaydigan aqidalarga tayangan shoularning jamiyatimizga qanday foydasi bor? Umuman, biz bu ko‘rsatuvlar orqali farzandlarimizga nima beryapmiz?

O‘yin ortidagi balo 

Albatta, biz nazarda tutayotgan o‘yinlarni intellektual yutuqli o‘yinlar bilan aslo solishtirib bo‘lmaydi. Inson bilimi, tafakkuri va fikrlashi orqali yutuqqa erishishini targ‘ib qilish yoshlarimizni o‘z ustida ishlashga, yoshlikda sabr-toqat bilan ilm egallab, jamiyatga kerakli inson bo‘lish mumkinligini anglab yetishga yordam beradi. Shaxsan o‘zim ham bunday o‘yinlarni miriqib tomosha qilganman va bilimdonlarga havas qilganman. Yutuqli shou o‘yinlari esa o‘zganing hisobidan boyishni targ‘ib etgani tufayli yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu xususida psixolog Zebuniso Ahmedova quyidagicha fikr bildirdi:

“Mazkur shou ko‘rsatuvlari yoshlarimizni o‘z oldilariga to‘g‘ri maqsad qo‘yishdan chalg‘itadi. Ular mohiyatan qimor bilan teng. Shu ma’noda millatni tanazzulga yetaklovchi omil desak, aslo xato emas. Inson buyumni halol mehnati evaziga olishga rozi bo‘lishi kerak. Bu o‘yinlarda (ularning qanchalik adolatli o‘tishi menga qorong‘u) tasodifan mashinali bo‘layotgan odamlarni ko‘rgan tomoshabin ko‘nglida mehnatsiz mashinali bo‘lish istagi g‘imirlaydi. Agar ko‘rsatuvni tomosha qilib zavqlanayotgan yoshlar hayotning o‘z qoidalari borligini, tasodifiy omad va baxt bir afsonaligini anglasa, olam guliston. Ammo bunday bo‘lmasa, ular hayotda tasodifan va oson keladigan yutuqlarni kutib yashaydi. Ruhiyati bunday o‘y-xayollar bilan band insonda intiluvchanlik, shasht va vajohat ortga chekinadi. Endi u oson pul topish yo‘lini qidira boshlaydi. Ehtimol, o‘ziga boyvachcha qaynata (yigitlar) yoki kuyov (qizlar) qidirar, rejalari ish bermasa, boshqa noto‘g‘ri yo‘llarga qo‘l urishi ham mumkin. Hayotning tekin tasodiflariga ishonadigan bu kabi yoshlar jamiyatni o‘zgartirishga, texnik ixtirolar qilishga o‘zlarini mas’ul sezmaydi. Bu esa bizning, ya’ni jamiyatning mag‘lubiyatidir”.

Ehtimol, shundanam vahima yasash kerakmi, bular bir ko‘ngilochar dasturlar-ku dersiz? Ammo bitta bo‘lsin, ikkita bo‘lsin, barcha kanallarda yoppasiga lotereyali o‘yinlarning urchib ketishi, buning ustiga salqin, energetik ichimliklar, qotirilgan non bo‘lakchalari kabi inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan konservantlar qo‘shilgan yegulik mahsulotlari savdosigacha lotereya o‘yinlari orqali yoshlar, ayniqsa, o‘quvchi bolalarning e’tiborini tortishga erishayotganiga nima deysiz? O‘sha mahsulotlar tabiiy va sog‘lom, salomatligimiz uchun foydali bo‘lsa ham mayli edi... Ammo ana shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan firmalar energetik ichimliklar va ularning inson salomatligiga – jigar, yurak va asab tizimiga salbiy ta’sir etishi haqida odamlar qanchalik ko‘p ma’lumotga ega bo‘lgani sari, yoshlar va aholining ishonchini yo‘qotmaslik uchun tobora rang-barang reklama yo‘llarini izlab topmoqda. Afsuski, yutuqli shou ko‘rsatuvlari mehnatsiz imkoniyatni targ‘ib etish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, endilikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi firmalarning o‘ylab topayotgan “aqlli biznes g‘oyalari” yoshlarimizni nosog‘lom yegulik¬lar va ichimliklarga ruju qo‘yishiga olib kelmoqda. Xo‘sh, bu xaridorni zabt etish yo‘lidagi “foydali” choralar o‘z natijasini bersa (albatta ular o‘z maqsadlariga erishmoqda), uning zararini kim ko‘radi?

Yutuqli savdolarning jabrdiydalari kim?

WF, Sitro, Tizer… Bular bugungi kunda internet va teleekranlarda eng ko‘p targ‘ib qilinayotgan, kerakli qopqoqlarini yig‘sangiz Nexia, Lacetti, Cobalt kabi avtomashinalar yutib olishingizni va’da qilayotgan ichimliklar. Albatta, har yarim soatda tinimsiz aylanib turgan bunday chaqiriqlar o‘smir bolalar, ayniqsa, maktab o‘quvchilarining qiziqishini oshirmoqda.

Yaqinda maktabda ishlaydigan bir tanishim bu boradagi kuzatuvlarini aytib qoldi: – Bunday ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan bolalarga sotish qonun jihatdan ta’qiqlanganiga qaramasdan, deyarli har kuni qaysidir o‘quvchi qo‘lida ko‘ramiz va ularga bunday ichimliklarni ichishni taqiqlaymiz. Afsuski, o‘quvchilarga ichimlikning zarari haqida muntazam ravishda tushuntirsak-da, ular bunday ichimliklarni iste’mol qilishni go‘yoki zamonaviylik belgisi sifatida talqin etayotganini sezaman.

Bir kuni 5-sinf o‘quvchilaridan birining onasi keldi. Bolamga har kuni ovqatlanishi uchun pul bersam, u ovqatlanish o‘rniga maktabdan qaytayotganida ko‘chadagi do‘konlardan Tizer ichib yurgan ekan. “Nega bunday qilding?” desam, “Mashina yutmoqchiman”, deydi.

Axir, u mashinani yutgunicha sog‘lig‘idan ajraydi-ku? – deydi zorlanib ona.

Jamiyatimizga foydali lotereyalar kerak

Har bir jamiyatning o‘z kamchilik va yutuqlari bo‘lishi tabiiy. Ammo ma’naviyatimizga bolta uradigan, dinimiz ahkomlariga zid bo‘lgan bunday ko‘ngilochar shoular va yutuqli o‘yinlarni targ‘ib-tashviq etishda bizga teng keladigani bo‘lmasa kerak. Aks holda, tag-zamiriga yetmasdan turib, nima uchun butun jamiyatimiz, iqtisodiyotimizni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan emas, qaysidir toifaga daromad keltiradigan, vaqtinchalik kayfiyatni ko‘tarishdan nariga o‘ta olmaydigan saviyadagi loyihalarni olqishlaymiz?

Matbuotda yozilishicha, yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida Chili davlati soliq vazirligi juda katta miqdordagi yutuqli lotereya e’lon qilgan ekan. Unda qatnashish uchun aholi xarid amalga oshirganda beriladigan kassa cheklarining raqamini maxsus bazada ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Qancha ko‘p kassa chekini kiritsangiz, shuncha ko‘p yutish imkoniyatingiz oshadi. O‘z-o‘zidan bu narsa kutilganidan ham ziyoda foyda bergan. Chunki endilikda xalq har bir xaridi uchun sotuvchilardan kassa cheklarini talab qilishni boshlagan.

Bu kabi lotereya keyinchalik Gruziya va Litvada ham o‘tkazilgan. Masalan, Litvada 2017-yil 28-noyabrda shunaqa lotereya boshlangan va hozirgacha o‘tkazilib kelinmoqda. Unda bir yevrodan ko‘proq miqdorda savdo qilgan inson to‘lov chekidagi raqamni maxsus tashkil qilingan saytga kiritishi kerak. Yutuq esa oz emas. Har hafta yuz kishiga 50 yevrodan beriladi, har oy yakunida bir nafar baxtli ishtirokchi 5 ming yevro yutuqni qo‘lga kiritadi.

Albatta, bu kabi iqtisodiyotimizga, aholiga foydali aksiyalarni boshqa yo‘nalishlarda ham o‘tkazish, bu borada xorij tajribasini o‘rganishimiz lozim. Birovning haqi evaziga uyushtirilmagan, faqatgina jamiyatga foyda keltiradigan, qimordan butkul xoli bo‘lgan bunday lotereya o‘yin¬larini televideniye orqali qiziqarli shou ko‘rsatuvga aylantirish mumkin. Bu kabi g‘oyalar amaliyotga tatbiq etilib, ko‘rsatuv tarzida tayyorlansa, uni hozirgi yutuqli o‘yinlarning muxlislaridan ortiq tomoshabinlar tomosha qilishi shubhasiz. Eng muhimi, bundan esa iqtisodiyotimizdagi yashirin o‘g‘irliklarning oldi olinib, jamiyatimizga kutilganidan ham ko‘proq foyda keltiradi.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (27-05-2019, 14:14)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Понравился ли Вам наш сайт?

КТО НА САЙТЕ?
( 88) ( 0) ( 87) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют