» » Endilikda oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Endilikda oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi


14-sentabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi va u 2020-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Jonibek Ma’rupov xabar berdi.

Senator Iqboljon Mirzaaliyevning so‘zlariga ko‘ra, 2020-yildan e’tiboran oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, ushbu hujjatga ko‘ra mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga to‘y va boshqa marosimlarni ixcham o‘tkazishni ta’minlash mas’uliyati yuklanadi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlarga mos tarzda ixcham va kamxarj o‘tkazishga erishish uchun san’atkorlar tomonidan konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatilishini tartibga solish choralarini ko‘rishi belgilangan.

Oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatadi. Oilaviy tadbirlarda ikki nafardan ortiq xonandaning (guruhning) xizmat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.

Mahalliy hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq va FHDYo organlari oilaviy tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishi ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshiradi.

Ichki ishlar organlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishga oid qonun hujjatlari talablariga to‘yxona, kafe va restoranlarda rioya etilishini nazorat qiladi hamda ushbu talablar buzilganligi aniqlangan holatda tegishli shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.

To‘yxona, kafe va restoranlar ma’muriyati rejalashtirilayotgan oilaviy tadbirlar haqida ushbu tadbirlar o‘tkazilishidan kamida ikki kun oldin tegishli hududdagi ichki ishlar organiga yozma ravishda xabar berishi lozim.

Respublika komissiyasi va hududiy komissiyalar, boshqa jamoat tashkilotlari, mahalliy Kengashlar o‘z vakolatlari doirasida ushbu Nizomga amal qilinmagan holatlar yuzasidan tegishli jazo choralarini ko‘rish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.

“O‘zi aslida to‘ydan maqsad yangi oila qurilgani haqida yaqinlarga ma’lum qilishdan iborat. To‘y bu sog‘lom hayotga qo‘yilgan qadam, kichik vatan qurilgani haqida ma’lumot. Yaqinlar diydoriga to‘yish, degan ma’noda ham qo‘llanadi, albatta. Lekin bugungi isrofgarchiliklar, ko‘r-ko‘rona dabdabalar jondan to‘ydirish darajasiga borib yetyapti”, – deb qo‘shimcha qilmoqda senator Iqboljon Mirzaaliyev.



Manba: Daryo.uz
Опубликовано: admin (21-09-2019, 10:44)
0 (голосов: 0)
Комментариев пока еще нет. Вы можете стать первым!

Добавить комментарий!


vote-iconОПРОС
Сколько времени в день вы проводите в социальных сетях?

КТО НА САЙТЕ?
( 58) ( 0) ( 57) ( 1)
Юзеры:
- отсутствуют
Гости:
Роботы:
Последние 20 посетителей... - отсутствуют